Har qanday g‘oya o‘z fidoiylari bilan tirikdir. Ana shu fidoiylikning nechog‘ligi g‘oya umrini belgilaydi. Bu aqida bevosita adabiyotga ham tegishlidir. Shu ma’noda hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, adabiyotshunos, munaqqid va tarjimon Ibrohim G‘afurov adabiyotning tom ma’nodagi fidoiylaridan biridir. U tufayli o‘zbek kitobxoni dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan bahramand bo‘ldi. Adabiyotshunoslikka oid yuzlab maqolalari orqali Navoiyni angladi, Oybekni o‘rgandi, Dostoyevskiyni tanidi. O‘zbek adabiyoti “Mansura” deb atalmish yangi bir janr bilan boyidi.
So‘nggi yillarda Ibrohim G‘afurovning bir qator diniy-ma’rifiy mazmundagi maqolalarini ham o‘qishga muvaffaq bo‘ldik. Buyuk Qur’oni karim oyatlari qatidagi mohiyatlar, so‘z jilvalari, ma’no tovlanishlari zakiylik bilan tadqiq etildi. Demak, o‘qish, o‘rganish, o‘rgatish – saboq hamon davom etmoqda.
– Buyuk mutasavvuf olim, “Shayxi Valitarosh” bo‘lgan zot Najmiddin Kubro hazratlari “Faqirlik haqida” risolasida yozibdilar: “Umr va dunyodan ko‘ra tez o‘tib ketadigan, o‘lim va oxiratdan ko‘ra yaqinroq, orzudan ko‘ra uzunroq, xotirjamlikdan ko‘ra go‘zalroq narsa yo‘q ekan”.
Hazrat anglamish ana shu haqiqatlar uni ruhan mislsiz yuksaltirdi. U o‘zi aytmoqchi mohiyatni ilmdan, tafakkurdan topdi va bu fano dashtidan sohibi hikmat bo‘lib chiqib ketdilar.
Ming vahki, bu saodat hammaga ham nasib etavermaydi. Biroq bu saodatga intilish, talpinish har kimning o‘ziga tan. Men bir kishini sal kam yigirma yildan beri kuzataman. U poytaxtimizdagi gavjum bekatlardan birida yashaydi desak ham bo‘laveradi. Uning ishi oddiy: ertalabdan kechgacha bekatda “Ippodirom… ippodirom… ippodirom” deb turadi.
Men bu kishini ilk ko‘rgan paytlarimda 25 yoshlarda, bo‘y-basti kelishgan, tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit edi. Hozir yoshi ellikni qoralab qoldi. Yelkalari cho‘kib, yuzlariga ajin oralabdi. Ajab, shu odam butun umrini “Ippodirom”ga odam yo‘llash bilan o‘tkazib yubordi. O‘ylab qolasan kishi, agar bu kishi ertalabdan kechgacha “Ippodirom”ning o‘rniga “Ilohiy so‘z”ni zikr qilganida 20 yillik bu riyozatdan so‘ng qip-qizil avliyo bo‘lardi. Agar shu o‘tgan yillarini kitob titkilash bilan o‘tkazganida shu kunlarda benazir olim bo‘lardi. Yoki…
Xullas, nima bo‘lganda ham bir umr o‘tdi. Insonlar bir-biriga o‘xshamagani kabi umrlar ham turfa kechar ekan-da.
Ibrohim aka, siz yozibsizki, “Yoshligimdan o‘zbek xalq dostonlari, ertaklari, qo‘shiqlarini qo‘ldan qo‘ymayman”. Demak, butun umringiz kitoblar ichida kechdi. Siz uchun adabiyot tiriklikning mazmuniga aylandi. Siz bu kechmishdan bugun qanchalik rozisiz?
– O‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmida hayot biroz O‘zbekistonda o‘nglangan bo‘lsa-da, lekin turmush qashshoqlikdan uncha ham yuqori ko‘tarilmagandi. Shuni yashirish uchun Markaz repressiyalarga zo‘r bergan, xalqning ongini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan fikrlovchi kishilarni turli bahonalar bilan zulm va zo‘ravonlik iskanjasiga olgandi. Qashshoqlik deganim biz o‘sha zo‘ravonlik yillari bo‘yra va namat ustida dunyoga kelganmiz. U paytlar qish, bahor, kuz oylari yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lar, surunkali davom etar, somon suvoqli uylarning baridan uch oy chakka o‘tib yotar, shipga eski-tuskidan chodir yasab besh-olti jondan iborat butun oila kaftdek quruq joy – u ham tanchaning ustida jon saqlardik. To oltmishinchi yillarning boshigacha uylarimizda gilam zotini uchratmaganman. Kigiz va namat bizni zax-namliklardan saqlardi. Ammo atrofimiz bari bir-biriga tutash bog‘lar, ko‘kalamzorlar. Qichqiriq, Yangiariq, Kalkovuz suvlari, mahallalarning hovuzlari – ko‘zlarimizni yashnatar, bog‘lar, ko‘kliklar yilning to‘rt faslida ham chiroyli va serbaraka bo‘lar va qashshoqlik bog‘lar tufayli bizga bilinmas, qashshoqlik bo‘lib ko‘rinmasdi. Hayotda ibtidoiy zamonlar, o‘rta asrlar va atom bombasini yasashga urinilayotgan zamon bari tutashib, bir-birining ichiga kirib ketgandi. Hozir ham insoniyat yashab o‘tgan va yashayotgan barcha asrlar bir-biriga chambarchas tutashib yotadi, bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Eng zamonaviy odamlarda, kompyuter va internetdan bahramand kishilarda ham eng ibtidoiy hissiyotlar, qarashlar jamuljamligini har qadamda kuzatish mumkin. Men hozir ham o‘sha namat, o‘sha bo‘yra, o‘sha chakkalarni hech unutolmayman. Ular go‘daklikdan hissiyotlarim, ko‘zlarim, shuurimga o‘tirib, qattiq o‘rnashib qolgan – eslamay deganda ham, doim o‘zini eslatib turadi. Urush paytlari va undan keyingi yillar mahallamiz markaziga – guzar demoqchiman, guzarlarimiz, hovlilarimizga qora silliq kartondan yasalgan radiolar o‘rnatishdi. U tinmay gapirar, muzika chalar, pesalar o‘ynar, eski hofizlarning qo‘shiqlarini qo‘yardi. Shuning uchun kitobdan burun ham radio qulog‘imizga kirgan. O‘n yoshimda kitob o‘qiy boshladim. “O‘qish kitobi”, Mirkarim Osim, Oybekning “Qutlug‘ qon”, G‘afur G‘ulomning benazir she’rlari…
Kitobga birov ermak, birov ovunchoq, birov bilim va birov hayotning hikoyasi deb qaraydi. Kitoblarda yolg‘on gaplar yoziladi deb o‘ylashadi. Yolg‘onlikka yolg‘on, lekin bir farqi kitoblarning yolg‘oni rostdan yaxshi. Men kitob o‘qish maqtanarli bir narsa deb bilmayman. Odam non yeyishi, suv ichishi, havo olishi bilan hech qachon maqtanmaydi-ku, to‘g‘rimi? Ammo men urush va ayniqsa, urushdan keyingi elliginchi yillarda nonni avval ko‘ziga surib, qancha och bo‘lmasin, uni nihoyatda avaylab, bir ushog‘ini ham yerga tushirmay yegan, yeydigan odamlarni ko‘rganman. Bu hollarni garchi tushunmasam ham, lekin bu narsada tushunib bo‘lmaydigan muqaddaslik yashirinib yotganligini yurakdan tuyganman. Bir kuni devor kavagiga non parchasi qistirib qo‘yilganligini ko‘rib o‘zimdan o‘zim yig‘laganman. Bu nimaning nishonasi bo‘lib ko‘ringan, yomonlikka bo‘lsa kerak deb o‘ylaganman. Kitoblar ham odam uchun shunday: nonday, suvday, havoday, o‘tday zarurat. Odam shu to‘rt unsur bo‘lmasa yasholmaydi. Hayot yo‘qoladi. Kitob esa beshinchi unsur. Kitobsiz yashab bo‘ladi, ammo bu yashash yovvoyi yashash bo‘ladi. Kitobga men tarbiya deb qaraganman. Hozir ham tarbiya deb qarayman. Ota-onam, o‘qituvchilarim, murabbiylar, donishmand kishilardan, mehribon odamlardan behad minnatdorman. Ammo meni kitob tarbiyalagan, mening birinchi ustozim hali-hanuzgacha kitob. “Tiriklikning mazmuni” deyapsiz. Qanday yaxshi so‘z. Hayot mazmuni boshqa, turmush mazmuni boshqa, tiriklik mazmuni boshqa. Kechmishimda kitob hamroh bo‘lmagan on yo‘q. Shuning uchun ham kechmish ko‘nglimdan uzilmay uni to‘ldirib turadi. Kitoblarimga qarab o‘tirib bular mendan qoladi deyman. Ularni mendan keyin kim o‘qiydi? Holi nima kechadi? Shuning uchun charchagan paytlar: “O‘lim, nari tur. Hali ishim ko‘p. Hali ularning jamoliga to‘ymadim. Mendan keyin ularni kim o‘qiydi? Kim ardoqlaydi? Kim ularning yoniga yana boshqa chiroyli kitoblarni qo‘shadi?” – deyman. Shu menga tiriklikning mazmuni bo‘lib ko‘rinadi.
– So‘nggi paytlarda asardan-da yozuvchi, she’rdan-da shoir ko‘payib ketgandek. Kitob rastalariga nazar tashlasangiz, umringizda biror marta eshitmagan ism-shariflarning “Tanlangan asarlar”ini ko‘rishingiz mumkin. Bu holga so‘zamol adabiyotchilarimiz “Bozor adabiyoti” deb nom qo‘yib olibdilar. Ajoyib, lekin mantiqsiz atama. Nazarimda, So‘z, Tuyg‘u – adabiyot moddiy qiymat bilan o‘lchanmaydi.
Nima deb o‘ylaysiz, ehtimol bu “ijodiy jarayon” ham davr talabidir. Agar shunday bo‘lsa, bu hol o‘quvchi didini, saviyasini sayozlashtirib qo‘ymaydimi? Badiiy adabiyot mezonlari buzilishiga olib kelmaydimi? Har qalay, hazrat Alisher Navoiy darj etibdilar:
Qilsa menga ming jafo – bir qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo – ming qatla faryod aylaram.
– “Bozor adabiyoti” bozor iqtisodi bilan birga kirib kelgan tushuncha. Tushunchaning tagidagi falsafa shuki, u kitobga tovar deb qaraydi. Kitob doim bozor bilan bog‘liq bo‘lgan. Kitob bozordan o‘tib tarqaladi, o‘z egasini topadi. Odam qadr-qimmat topgisi keladi. Qadr-qimmat topgisi kelgan odamlar kitob yozishadi, o‘z yonlaridan pul sarflab kitoblar chiqarishadi, qalamkashlarga aytib o‘z tarjimai hollarini kitob qilib yozdirishadi. Yoki shoirlarga havas qilib ergashib, shaklan she’rga o‘xshagan narsalarni jild-jild qilib yozishadi. Shu bilan o‘zlarini mangulikka muhrlab qo‘yganday, sira tinchlik bermagan shuhratparastlik, orzu-havaslarini qondirganday bo‘lishadi. Ko‘ngil-da. Lekin shoir, adib, olim – qismat – qochib qutulib bo‘lmaydigan tole. Odamlar haqiqiy adabiyot bilan soxta “bir kunlik” adabiyotni yaxshi taniydilar. Soxta yiltiroq kitoblar ichida ko‘milib yotgan oltinni topib oladilar. Bunda did, farosat, qiziqishlar qanday va qaysi yo‘nalishda shakllanganligiga bog‘liq. O‘qituvchilar, ota-onalarga kanda qilmay murojaat qilishimiz kerak: siz bolalarga kitob o‘qishni o‘rgatyapsizmi? Ularni kerakli kitoblarni o‘qish va o‘rganishga qiziqtiryapsizmi? Kitob o‘qish intensivligi doim shularga bog‘liq. Kitob o‘qishni shular tarbiyalaydilar va yo‘lga qo‘yadilar. Shular kitob o‘qish muhitini yaratadilar.
– Agar inson vaqtida oziqlanmasa uning hayotidagi muvozanat buziladi. Bosh og‘riydi, mador ketadi, pirovardida holdan toygan jism unga bo‘ysunmay qoladi. Shunday ekan, inson jismi mutassil oziqlanib turishga, parvarishga muhtojdir.
Xuddi shu yanglig‘, inson ruhi ham mutassil parvarishni talab qiladi. Ruhning ozig‘i ilm, ibodat va tafakkurdir. Bu borada inson ruhini yuksaltiradigan bebaho manba badiiy adabiyot bo‘lsa kerak. Har qanday badiiy asar zamirida inson ma’naviyatiga ijobiy ta’sir etadigan, ruhiy ozuqa vazifasini bajaradigan g‘oyalar bo‘ladi. G‘arb adabiyotshunoslari bu g‘oyalarni “najotkor g‘oyalar” deb atashgan. Sizningcha, zamonaviy o‘zbek adiblarining asarlarida bunday g‘oyalar mavjudmi?
– Olamlar bari, kavnu makonlar bari ilm bilan qamrab olingan va ilm bilan yaratilgan. Jumladan, odamzot, hayvonot va nabotot bari ilm bilan qamralgan. Ilmdan xoli hech narsa yo‘q. Odamzot necha ming yillardan beri bor va necha ming yillardan beri ilm izlaydi. Ilmga intiladi. Ilmni yer yuzidan, koinotdan va o‘z-o‘zining ichidan qidiradi. Ilm izlash – XXI asrning shu kunlarida ham najotkor g‘oya. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Chunki ilm haqiqatga yetish yo‘li. Inson esa haqiqatsiz yasholmaydi.
Shu kungacha faylasuflar hamma narsani ajratib keldilar. Hamma narsadan ajralish qidirdilar. Yagona Xudo o‘nlab dinlarga ajraldi. Bular insoniyat tarixida hech to‘xtamagan qon to‘kishlar bilan bordi. Odamzot sinflar, toifalar, chegaralarga ajraldi va bular ham tinimsiz qon to‘kishlarda davomat etdi. Tabiat rang-barang saralangan. Irqlar saralangan. Mahluqlar saralangan. Ranglar saralangan. Shakllar saralangan. Ammo bu saralanishlar tamomila tabiiy. Olam rang-baranglikdan iborat bo‘lmasa, unda turib bo‘lmasdi. Yer kurrasi. U boshdan oyoq cheksiz mo‘jiza. Yer kurrasi. Muz ichida olovini saqlaydi. Yer olov. Lekin uni ikki qutb muzlari saqlab turadi. Olov esa o‘z navbatida muzni saqlaydi. Olov va muzdan havo va suv bino bo‘ladi. Tazod. Olamning bari tazod asosiga qurilgan. Hammasi hammasi bilan ajralmas aloqada. Lekin tinmay ajratishga urinadilar. Ajratish asosida urushlarni keltirib chiqaradilar. Ajratish uchun qirg‘inlar qiladilar. Ajratish uchun kuchlilar kuchsizlar o‘rtasida hukmronliklar o‘rnatadilar.
Ajratish g‘oyasi insoniyat boshiga cheksiz falokatlar keltiradi. Ajratishning markazida men afzalman! – degan o‘ta ketgan vahshiy nido-hayqiriq, vahshat vasvasasi turdi.
Ajratish bois har bir din o‘zini eng afzal deb chiqdi. Har irq o‘zining boshqalardan afzalligini isbotlashga urindi. Isbotlash esa faqat o‘zi kabi issiq jonlarni qirish, qonini oqizish bilan bo‘ldi. XXI asrga kelib ajralish va ajratilish g‘oyasi eskirdimikin? Qonli tarix sahifasidan anaxronizm sifatida tushib qoldimikin? Insoniyat ajralish va ajratilish g‘oyasidan xalos bo‘lsa, kelajakda oltin asrlarda istiqomat qiladi. Ajratish, ajralish g‘oyasi kuchlimi yo birlashish, birlik g‘oyasi kuchliroqmi? Insoniyat shu ikki savolga aniq javob berolsa va og‘ishmay borsagina kelajak asrlarda bexavotir umrguzarlik qiladi.
O‘zim shaxsan ko‘plar qatori birlashib ahl yashashga o‘zga alternativa yo‘q deb hisoblayman. Chunonchi Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham ittifoq bo‘lib birlashib o‘z hayotlarini ixtilofsiz qurish ularning dunyoda qadr-qimmat topishi, kuch-qudrat kasb etishiga olib boradi. Ularning hech qanday talashadigan narsalari yo‘q. Ajratadigan narsalari yo‘q. O‘zbek adabiyotida birlashish, ahllik, xalqlarning inoqligi yuksak darajada badiiy falsafiy ifodasini topgan asar bu – Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidir. Abdulla Oripovning “Hakim va Ajal”, “Jannatga yo‘l” asarlarida ham shunday kontseptual g‘oya yaratishga urinish ko‘zga tashlanadi. Halimaxon Xudoyberdiyeva va Usmon Azimning turkum she’rlarida umumbashariy ahamiyatga ega universal g‘oyalar ehtirosini kuzatish mumkin.
Tonglarning birlashishi, ozodlarning birlashishi va farqlarni ro‘kach qilavermaslik o‘z navbatida tenglik va ozodlik iqlimlarini yaratadi.
– Buyuk olmon adibi Tomas Mann dunyo klassiklarini ikki guruhga ajratdi. Birinchi guruhni “ruhiyati sog‘lom adiblar”, ikkinchisini esa “bemorlar” deb atagan. Tomas Mann nazdida buyuk dramaturg Shiller va siz ijodi bilan uzoq vaqt hamnafas bo‘lganingiz – Fyodor Dostoyevskiy “bemorlar” guruhiga mansub. Stefan Sveyg esa Dostoyevskiyni “buyuk haqiqatgo‘y” deya ta’riflagan. Uning esdaliklarida “Dostoyevskiyning koinoti – fazo emas, insondir” degan qaydlar bor. Siz Dostoyevskiy asarlarining tarjimoni sifatida bu ikki daho adibdan qay birining fikrini quvvatlagan bo‘lardingiz?
– F.M.Dostoyevskiy yaqinlari va zamondoshlarining xotirlashlaricha, epilepsiya (tutqanoq) bilan og‘rigan. O‘zining aytishicha, ilhom guvillab kelib miyasi chaqmoqdek yorishganda tutqanoq boshlanarkan. Sog‘lik holati bilan tutqanoq tutishi orasidagi uch soniyada u o‘zini dunyodagi eng baxtiyor odam deb sezar, o‘zini hamma narsaga qodir deb his qilar, xayoli ko‘klarga parvoz qilarkan. Lekin F.M.Dostoyevskiyning “bemorligi” uning aql bovar qilmas darajada ishchanligida. U juda qattiq ishlar va ikki kecha-kunduzda uch-uch yarim bosma taboq hajmida asar yozardi. Birinchidan, u muhtojliklardan qutulish uchun shunday mehnat qilsa, ikkinchidan, eng yuksak ma’noda ijodga, yozuvchilikka mubtalo bo‘lgan favqulodda inson edi. Umr bo‘yi muttasil shunday muk tushib ishlagan, sonsiz-sanoqsiz kitoblar o‘qigan, son-sanoqsiz muloqotlarda bo‘lgan, farzandlar o‘stirgan va katta oilasining, Dostoyevskiylar xonadonining katta-kichik tashvishlari bilan yashagan odamning sog‘ligi qanday bo‘lgan ekanki, bularning barini o‘z yelkasida ko‘targan. F.M.Dostoyevskiy birinchi yirik asari “Kambag‘al odamlar”dan to umrining oxirida yozgan “Og‘ayni Karamazovlar”gacha muttasil, ha, muttasil bir zum ham tanaffus qilmay o‘z o‘quvchilarini larzaga solib turgan. Gegel: “Dunyoda hech bir narsa ehtirossiz sodir bo‘lmaydi” deydi. F.M.Dostoyevskiy asarlarida ehtiroslar misoli quyunday aylanadi. O‘zining e’tiroficha, “odamda odamiylikni izlardi”. Yozuvchining o‘zi ham, uning barcha asarlarining qahramonlari ham ideal qidirgan va bu yo‘lda mislsiz fojialarni boshlaridan kechirgan edilar. Dostoyevskiy inson qalbining hech kim tusholmagan qa’rlariga tushdi. Hech kimga muyassar bo‘lmagan ruhiy hodisalarni kashf etdi. U chinakam haqiqatgo‘y adib edi. “Haqiqat Nekrasovdan yuksakroq, Pushkindan yuksakroq, xalqdan yuksakroq, Rossiyadan yuksakroq, hamma narsadan yuksakroq va shuning uchun faqat haqiqatni demoq va uni izlamoq kerak…”, deb yon daftarchasiga yozib qo‘ygan va o‘zi bunga hayotida ham, asarlarida ham qat’iy amal qilgandi.
– Buyuk ijod zamirida buyuk fojea yotadi. Bunga misol qilib hozirgina aytib o‘tganingiz Dostoyevskiyni, Sveygni, Nitsheni keltirish mumkin. Xususan, Nitshe hayoti va ijodi haqida juda ko‘p bahslar, tortishuvlar mavjudki, ular kitobxon aqlini shoshirib qo‘yadi. Siz esa o‘zbek kitobxoniga Nitshe ijodi, umuman buyuk faylasufning mavhumotga yo‘g‘rilgan haqiqatlari haqida yangicha tasavvur bera oldingiz.
– Nitshe F.M.Dostoyevskiyning kichik zamondoshi. Ularning dahosi bir xil tabiatga ega. Nitshe azbaroyi ko‘p o‘qigani, azbaroyi ko‘p yozgani bois og‘ir bosh og‘rig‘i va shu bilan birga epilepsiya kasaliga giriftor bo‘lgan edi. U o‘z do‘sti G.Brandesga yozgan maktublaridan birida: “Kasallik menga juda ulug‘ foyda keltirdi, u meni boshqalardan ajralib turishim va matonat, mardonalik kasb etishimga yordam berdi”, deb yozgandi. U xuddi Dostoyevskiy kabi ijod dunyosida va ijod bobida tom ma’noda telba edi. Uning barcha asarlari va ayniqsa, “Zardusht tavallosi” nasriy-falsafiy dostoni inson, hayot, falsafa kashfiyotlari bilan limmo-limdir. Nitshe: “Biz qandaydir fikrlovchi qurbaqalar emasmiz, biz tinimsiz o‘z fikrlarimizni o‘z dardlarimizdan tug‘ib boramiz va ularga xuddi onalardek nimamiz bo‘lsa barini – o‘z qonimiz, yuragimiz, o‘timiz, sho‘xligimiz, ehtirosimiz, azobimiz, vijdonimiz, qismatimiz, toleymizni bag‘ishlaymiz”, deb aytadi.
– Italiyan adabiyotshunosligida “Tarjimon xoindir” degan atama bor ekan. Buni qanday tushunish kerak?
– Bu gap to‘g‘ri ma’noda emas, majoziyroq qilib aytilgan va u qadar jiddiy e’tiborga ham loyiq emas. Urg‘u berib o‘tirishga arzimaydi. Tarjimon bir manbaning ma’lumotlarini ikkinchi manbaga yetkazadi. Matnlarni bir tildan ikkinchi, uchinchi tillarga o‘giradi. Yetkazish vazifasini o‘z ustiga oladi. Bir chekkasi shuni nazarda tutib va ikkinchi tomondan, tarjimon matn ustida bir qator transformatsiyalarni amalga oshiradi. Professional tarjimonlar tarjima asarni qanday o‘quvchiga yetkazayotganlari, bu o‘quvchining dunyoqarashi, saviyasi, ma’lumot darajasi, aqidalari, urf-odatlari ustida ham qayg‘uradilar. O‘quvchining boshqa madaniy muhitda yaratilgan asarni qanday qabul qilishi ustida bosh qotiradilar. Tarjimaga o‘zlaridan qo‘shmaganlarida ham, ayrim qisqartishlar, tahrirlar kiritadilar, ba’zan keskinliklar, yalang‘ochliklar, badaxloqliklarni yumshatadilar. Professional tarjimonlarning bu ishlari yuzaki qaralganda muallif haqiga tajovuz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin tarjima o‘quvchisi mentalitetini o‘ylab bunday narsalarga berilgani bois tarjima nazariyasi ularni o‘z qoidalari doirasiga kiritadi va qonuniy zarurat deb qaraydi. Aytaylik, “Slovo o polku Igoreva” asarining nomi o‘zbek tiliga “Igor jangnomasi” deb o‘girilgan va bu juda chiroyli. Lekin asliyatda “jangnoma” deyilmagan-ku? Ammo o‘ylab qaraganda, “Slovo”dan ko‘ra “jangnoma” to‘g‘riroq, ma’qulroq va sharqona an’analarga muvofiqdir. Xuddi shuningdek, Yuxan Smuulning “Ledovaya kniga” romani “Muznoma” deb o‘zbek tiliga ag‘darildi. Tarjimon Usmon Shamsimuhamedov bu nomni “Muzlik kitobi” deb o‘girgandi. U hayron bo‘la-bo‘la ishonib-ishonmay “Muznoma”ga rozi bo‘lgandi. Qarang, “Muznoma” qanday yaxshi va qanday topildiq. Xo‘sh, bunday so‘z san’atiga xos hodisalarni “xiyonat” deb bo‘ladimi? Yo‘q, tarjimon so‘z san’atkori.
– Ma’lumki, XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-madaniy jarayonlar qadim va boy o‘zbek adabiyoti tarixida ham g‘oyat muhim davrlar bo‘ldi. Xususan, adabiyotdagi zullisonaynlik an’anasi yonida asta-sekin tarjima maktablari paydo bo‘ldi. Ayniqsa, noshirlik va gazetachilikning paydo bo‘lishi tarjima san’atining paydo bo‘lishiga olib keldi. Dastlabki tarjima ishlari rus tilidan boshlandi. 1880-90 yillarda o‘zbek o‘quvchilari L. N. Tolstoy, A. S. Pushkin, A. A. Krilov singari buyuk adabiyot namoyondalarining ijod namunalaridan bahramand bo‘ldilar.
To‘g‘ri, bu davrgacha ham adabiyotimizda bir qator yetuk tarjima ishlari amalga oshirilgan edi. Bu borada Xorazmda o‘ziga xos tarjima maktabi shakllangan bo‘lib, bu maktab asoschisi va tashabbuskori shoh va shoir Feruz edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida Xivada saksondan ko‘proq ijodkor tarjimonlik bilan muntazam shug‘ullangan. Bu tarjimonlar orasida Ogahiy, Komil Xorazmiy, Bayoniy, Tabibiy kabi ma’lum va mashhur shoirlar ham bo‘lishgan. Albatta, bu ma’lumotlar jurnalxonlar uchun edi.
Sizdan so‘ramoqchi bo‘lganim: tarjima jarayonida asar muallifining ruhiyati tarjimon ruhiyatiga ta’sir o‘tkazadi, degan fikr bor. Buni qanday tushunish kerak? Va yana ayting-chi, bugungi o‘zbek adabiyotida tarjimachilik jarayoni qay darajada?
– Mirkarim Osim, Mirziyod Mirzoidov, Hasan To‘rabekov singari tarjimonlar faqat o‘zlari sevgan, ruhlariga yaqin asarlarnigina o‘girardilar. Asar tanlashga o‘ta sinchkovlik bilan yondoshar, asarlardan o‘zlariga yaqinlik qidirardilar. Kamina ko‘proq eksperimental qiyin asarlarni o‘zbek tiliga o‘girish yo‘lidan bordim. O‘zbek tili shunday favqulodda asarlar uslubini qayta yaratib boyishi, toblanishi zarur deb o‘yladim. Prozamiz balog‘atga yetib folklor tilidan yuqoriroqqa, yangi badiiy uslublar tiliga, badiiy uslublariga kirib borishi, jahon adabiyoti uslubiy izlanishlari bilan hamohang bo‘lishi kun tartibida turardi. Eksperimental prozada insonga, uning ruhiy dunyosiga, dunyodagi o‘rniga tamomila yangicha qarashlar va yangicha shakllarda yoritishlar, tasvir usullari mavjud. Bularni o‘rganmay zamonaviy asar yaratish, hozirgi o‘quvchining diqqat-e’tiborini tortish, zamon darajasida turishi mushkul. Hozir badiiy tarjimaning sifatiga, bevosita asliyatning o‘zidan amalga oshirilishiga e’tibor kuchayib boryapti. Tarjimonni bir necha tillarning chuqur bilimdoni, madaniyati va eruditsiyasi yuksak tarbiyalangan odam deb bilish va shunday talab qilish XXI asr tarjimoni degan mezon va o‘lchovni shakllantirishga xizmat qiladi.
– Gyote “Sal kam yarim asr kitob o‘qidim. Biroq umr poyonida hech narsani bilmasligimni bildim” degan ekan. Kitoblarga oshnolik bobida siz Gyote bilan bemalol bellasha olasiz. Kitoblardan adabiyot, san’at uchun nimalarni kashf etganingizni asarlaringiz vositasida anglagandekmiz. Suhbatimiz so‘ngida o‘zingiz uchun kashf etgan haqiqatlaringiz haqida so‘rasam maylimi?
– Kitoblar menga avvalimiz va oxirimiz, botinimiz va zohirimizni tushunishga yordam berdi. Vaqt bizga berilgan oltindan ham qimmat narsa. Uni isrof qilmaslikka o‘rgatdi, hazrati Sulaymonning: “Behuda, behuda, hammasi behuda”, degan hikmatining tagiga yetish va vaqtdan maksimal darajada tasarruf etishlikka chorladi. Alloh nurni yaratgan ekan, va O‘zi ham shu nur ichida ekan, kitob ham ilmlar, hissiyotlar, aqllarning nurnomasidir. Mening haqiqatim shuki, odam kitoblar olamiga sho‘ng‘imagunicha hech qachon sayqal topmas. Kitoblar inson hayotining xayrli pog‘onalaridir.
Suhbatdosh: Alisher NAZAR
“Yoshlik” jurnali. 2011 yil, 2 (243)-son