Erkin Vohidov: “Qalbimiz hududlarini omon saqlaylik” (2011)

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov bilan suhbat

– Siz sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning Milliy teatrimizda bo‘lib o‘tgan 70 yillik yubiley tantanasidagi tabrik so‘zingizda ko‘p­chilikni hayajonlantirib yuborgan bir voqea tafsilotini aytdingiz. Ya’ni, so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning o‘sha dolg‘ali 60-yillarda Siz va Abdulla Oripovga nisbatan “Sizlarni bu ajdaholarga yem qilib berib qo‘ymayman” deganlarini eslatganingizda o‘tirganlar bir qalqib tushgandek bo‘ldi. Agar mavjud voqelik nuqtai nazaridan olib qaraganda rostdan ham bu so‘zlar haqiqiy jasorat timsoli edi.

Nazarimda xuddi mana shu joyda adabiyotga sadoqat va e’tiqod masalasi bo‘y ko‘rsatadi. Adabiyotning yashovchanligi va sofligi ijodkor e’tiqodi va fidoyiligi bilan chambarchas bog‘liq hodisaga o‘xshaydi. Siz bunga nima deysiz?

– O‘tgan asrning 60-yillarida adabiyotga kirib kelgan yangi avlod – bamisoli navbahorning ilk boychechaklari bo‘ldik. Chinakam bahorga hali uzoq edi. Qish xatari ketmagan, bir sovuq yel bizlarni ado qilishi hech gap emasdi. Lekin biz buni sezmas, o‘ylamas edik. Tanqidlarni samimiy qabul qilardik. Ko‘pni ko‘rgan ustozlar, qatog‘on yillarini boshdan kechirgan keksa avlod bu xil ayblovlar oqibatini bilib, his etib, xavotirlanishar edi.

G‘afur G‘ulom 1966 yilning aprelida Tojikiston yozuvchilari anjumaniga borar ekan, Komil Yashinga aytib meni ham ro‘yxatga kiritganini, yo‘l-yo‘lakay bu bolaning qulog‘ini cho‘zib qo‘yaman, deb aytganini eshitganman. Darhaqiqat, u kishi o‘sha safardan qay­tishda menga tanbeh berib: “Siyosatga to‘g‘ri kelmay­digan she’rlar yozarmishsan. Hukumat bilan o‘ynashma, jimjildoqdek shoirsan. Bu davlat marshallarni ham otgan”, degani qulog‘imdan ketmaydi.

Bu otadek mehribon, kuyunchak ustozning so‘zlari edi.

Abdulla Qahhor tabiatan isyonkor adib sifatida bizni yo‘ldan qaytarish emas, aksincha qo‘llab-quvvatlash, qalqon bo‘lishdek mas’uliyatni zimmasiga olgan edi. O‘z asarlariga bizning she’rlarimizdan epig­raf olgani, “men shu yoshlar tomonidaman, ularga tega ko‘rmang”, degan jasoratli xitobi edi.

Ijodkorlar bir-biriga o‘xshamaganlari kabi ustozlarimiz: Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Shuhrat, Saida Zunnunova, Ozod Sharafiddinovlarning bizga mehru ardog‘i ham turli yo‘sinda bo‘lgan. Ularning yodi oldida qarzdormiz va bu qarzni ijodkor yoshlarga mehr ko‘rsatib uzmog‘imiz kerak. Siz aytgan adabiyotga sadoqat va e’tiqod masalasi ham avvalo so‘z san’atining kelajagi to‘g‘risida qayg‘urishdan boshlanadi. Adabiyotimiz oldida qayg‘urishga loyiq muammolar bor. Zamon yangi, avlod yangi, dunyoqarash, munosabatlar yangi. Raqobatli dunyoda kitobning qud­ratli, sehrgar raqiblari ko‘p. Avvalgi mavqeini tik­lash uchun yangi avloddan favqulodda iste’dod va mislsiz jasorat talab etiladi.

– Har bir millat adabiyotining o‘z ovozlari bo‘ladi. Bu “ovozlar” o‘sha millat adabiyotining, ma’naviyatining timsoli sanaladi. O‘tgan XX asr o‘zbek she’riyatida o‘nlab yangroq ovozlar paydo bo‘ldi va avj pardalarda jaranglagan bu ovozlarning aks-sadosi hamon eshitilib turibdi.

Xassos shoir Abdulla Oripovning she’riyati o‘zining teran falsafasi bilan, shoir Rauf Parfi ijodi shakl va mohiyatdagi yangiliklari bilan, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Azim Suyun va Mirzo Kenjabek singari shoirlarning she’riyati o‘zining betakror jozibasi va ohanglari bilan alohida ajralib turdi. Sizning ijodingizdagi So‘z esa jo‘shqinligi va serjilo ohanglari bilan o‘quvchi qalbini zabt etdi.

Aytmoqchi bo‘lganim: endilikda adabiyotimizda bu yangroq ovozlarga hamohang va safdosh ovozlar namoyon bo‘lmayotgandek. Nima, iste’dodning yuzaga kelishiga ham ijtimoiy-tarixiy hayotning ta’siri bo‘ladimi?

– Har bir zamonning o‘z ideallari, ixlos qo‘ygan san’ati bo‘ladi. Milliy teatrimizning Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojon rahbarlik qilgan, Abror Hidoyatov, Shukur Burxon, Olim Xo‘jayev, Sora Eshonto‘rayevalar gurkiragan davrini eslang. Marg‘ilonda Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Xorazmda Komiljon Otaniyozov avj pardalarda kuylagan davrlarni yodga oling. Muqimiy nomidagi teatrni jaranglatgan Mahmudjon G‘ofurov ovozi ham san’atimiz tarixida yorqin sahifa bo‘lgan. Bugun endi estrada zamoni. Ovoz bormi-yo‘qmi, farqsiz, hamma qo‘shiq aytadigan bo‘ldi. Savod bormi-yo‘qmi, hamma qo‘shiqqa so‘z yozadigan bo‘ldi. Ovoz kuchaytirgichlar quloq pardalarini yorish darajasiga yetdi. Na iloj, hozirgi yoshlar shuni yaxshi ko‘radilar.

Tegirmon navbati bilan aylanar ekan. She’riyat ham qirq-ellik yil avvalgi shuhratini tiklab olar. Yoshlardan umid katta. Ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ham har qachongidan yuksak. Adabiyotimizning kelajagi muhtaram Prezidentimiz diqqat markazida turgan masalalar sirasiga kiradi. Yurtboshimiz topshirig‘i bilan tuzilgan «Ijod» jamoat fondi eng boy va faoliyat doirasi keng jamg‘armalardan biri. Yangi ta’mirdan chiqarilgan Do‘rmon bog‘i eng shinam ijod maskani bo‘lib qoldi. Bu g‘amxo‘rliklar albatta o‘z hosilini berajak.

– Biz maktabni tamomlayotganimizda Haz­rat Navoiyning 550 yillik to‘yi nishonlangan edi. Ros­tini aytish kerak, biz o‘rta maktabdan Navoiy haqida bor-yo‘g‘i uch-to‘rtta jumla o‘rganib chiqdik. To‘g‘ri, o‘sha payt darsliklarida Hazratning qarashlari, ideallari buzib ko‘rsatilgan, hukmron mafkura “musiqasi”ga moslashtirilgan edi. Bugun oradan 20 yil o‘tibdi. Mustaqillik yillarida Navoiy ijodini o‘rganish borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Mamnuniyat bilan aytishimiz mumkinki, shu kunlarda bir guruh zahmatkash olimlarimiz tomonidan Hazratning to‘liq asarlar to‘plami qayta nashrga tayyorlanmoqda. Ammo meni o‘ylantirgan masala shundaki, Hazrat Navoiy haqida bugungi o‘rta maktab bitiruvchisi, biz – 20 yil burungi bitiruvchilardan ko‘proq narsa bilishiga ishonish qiyin. Nazarimda, o‘rta maktab­larimizdagi pedagog-kadrlar saviyasiga ko‘p narsa bog‘liqqa o‘xshaydi…

– Har bir millatning kelajagi istaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar saviyasiga bog‘liq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim. Biz endilikda sho‘rocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatadigan vaqtlar keldi.

Biz ulug‘ adiblarimizning mumtoz asarlarini boqiy deb ataymiz. Darhaqiqat, yuz yillar, ming yillar o‘tib ohorini yo‘qotmagan ijod namunalari bor. Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida ba’zan shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir o‘zgarish, poklanish sodir bo‘lganini his etadi. Bu g‘azallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom to‘lqin­laridan tu­g‘ilgan bo‘lsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos ma’volardan bebahra qolmas­ligi kerak.

Lekin bu borada boshqa bir haqiqatni ham tan olishga majburmiz. Har zamonning o‘z tafakkur tarzi bo‘ladi. Bugungi yoshlar ongini har daqiqa bosib keluvchi axborot to‘foni ko‘mib tashlagan. O‘rta asr xotirjamligi yo‘q. Tomosha, o‘yin-ermakning ham ming xil turi bor. Haqiqatga ochiq ko‘z bilan qaragan inson bugun Navoiyning ommaviy mutolaa qilinmasligini to‘g‘ri tushunadi.

Men o‘zim hazrat g‘azallarini yoshlikdan o‘qib qalbga singdirganman va bu sohir so‘zdan hammaning bahramand bo‘lishini istayman. Lekin bu shirin orzu, xolos.

Navoiyni XV asrda ham barcha birdek tushungan emas. So‘zlarining mazmunini bilganlar ham so‘z ostida yotgan chuqur ma’noning ildiziga yetib borolmaganlar. Buyuk shoir tashbehlarini anglash uchun madrasa ilmi kamlik qilgan.

Hazratning muhtasham “Xazoyinul-maoniy”sini boshlab bergan:

Ashraqat min aksi shamsil ka’si anvorul hudo,
 
“Yor aksin mayda ko‘r”, deb jomdin chiqti sado.

– baytlarini Alixon To‘ra Sog‘uniy hazratlari bir soatga yaqin sharh qilgan edilar. Keyin anglasam, bu sharh tasavvuf ilmidan ajib bir saboq bo‘lgan ekan.

Mirtemir domladan: “Nega ijodxonangizda Pushkin surati stol ustida, o‘zimizning Navoiy panaroq joyda turibdi”, deb so‘raganimizda, ustoz shoir shunday javob bergan edilar: “Men Pushkinga tik qarashim mumkin. Uni boshdan-oyoq o‘qiganman, ko‘p tarjima qilganman. Lekin Navoiyni rostmana anglab yetma­dim, barcha asarlarini o‘qib mag‘zini chaqqan emasman”.

Ustozning bu so‘zlarini mashhur navoiyshunos olim Abduqodir Hayitmetovga aytsam, u kishi kamtarlik bilan: “Biz ham shunday”, degan edilar.

Bu so‘zlarim, Navoiyni o‘qib anglashga urinmay qo‘­yaqolaylik, degan ma’noni bildirmaydi. Hazrat – o‘zbekning ota shoiri. Uning asarlarini boshdan oyoq o‘qib tahlil qila olmasak-da, eng mashhur g‘azal, ruboiy, tuyuq, fardlaridan, doston va masnaviylaridan bir shingil bo‘lsa-da yod bilmasak, ulug‘ shoir bundoq deganlar, deb hikmatli satrlarni aytolmasak, o‘zbek­ligimiz qayerda qoladi?

– Dunyo moddiylashib bormoqda. Endilikda har bir narsa moddiy qiymat bilan o‘lchanadigan bo‘lib qoldi. Kishilardagi romantik ruhiyat o‘rnini realistik kayfiyat egallab bormoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda odamlarni, xususan, yoshlarni kitobga, badiiy adabiyotga qiziq­tirish oson kechmaydi. Biroq kitobsiz yashab ham bo‘lmaydi. Shunday ekan, sizning-cha, “qiziqti­rish” jarayonini qayerdan va qay yo‘sinda boshla­gan ma’qul?

– Buning uchun qo‘limizda turgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerak. Imkoniyatlarimizni farzandlarimizning kelajagi, millatimiz ma’naviyati, adabiyotimiz ravnaqi uchun foydali ishlarga safarbar etishimiz lozim.

Bugungi kunda internet deyarli har bir xonadonga kirib ulgurdi. Biroq televideniye ommaviylikda o‘zining yetakchi mavqeini bo‘shatib bergani yo‘q. Uni hamma ko‘radi, eshitadi. Elga tanilishning yo‘li – televideniyeda ko‘rinish. Qaysi xonanda televizorda ko‘proq chiqsa, to‘ylarning to‘ri uniki. Shoir, yozuvchilar to‘yga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yo‘q, oynai jahondan o‘zlarini tortib yuradilar. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Elga ko‘rinib turish, el ichida bo‘lish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uyg‘otish uchun kerak. Axir mehr ko‘zda degan gap bekorga aytilmagan.

Biz o‘zbeklarda istihola kuchli. O‘zni namoyon qilishdan tortinamiz. Axir bizning o‘nlab noyob iste’dod egasi bo‘lgan, yurt ardog‘idagi shoirlarimiz, yozuvchilarimiz bor. Ular zinhor televizorda ko‘rin­maydilar. She’rlari o‘qilsa ham kadr ortidan, muallifi aytilmay o‘qiladi. Bu kamtarlikning foydasidan zarari ko‘proq.

Shu o‘rinda bir voqea esimga tushdi. Saksoninchi yillar edi. Meni o‘rtacha lavozimdagi vazifaga ta­yinlash uchun hujjat tayyorlayotgan yuqori idora mansabdori tarjimai holimni o‘qib shunday degan edi: “Men sizni jiddiy rahbar deb o‘ylasam hali she’r ham yozasizmi?”

Bunday tushuncha hamon yo‘qolmagan ko‘rinadi. Biz­ning tortinchoqligimiz adabiyotni o‘ldirishi mumkin. Yana takror aytaman, ulkan raqobat asrida yashayapmiz. Inson qalbidagi hududning har qarichi uchun kurash ketayotgan zamon. Biz chekinayotgan qo‘shin kabi anchagina hududimizni boy berdik. Muhtaram Yurtboshimizning o‘tgan yil Yozuvchilar uyushmasi raisi bilan qilgan muloqoti va badiiy ijodga ulkan sharoitlar yaratib bergani bejiz emas. Adabiyot hamisha ma’naviyatning oldingi qatorida borgan va shunday bo‘lishi kerak. Buning uchun yetarli kuch-quvvatimiz bor. Endi o‘sha istiholani yig‘ishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.

– Erkin aka, ijodkor o‘z hayratlarini saqlab qolishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Suhbatimiz yakunida bugungi kun hayratlaringiz va ijodiy rejalaringiz haqida so‘rasam maylimi?

– Men boshqa asrda, boshqa zamonda tug‘ilib, yashab, boshqacha bir davronda hayot kechirayotgan odamman. Bunday evrilishni xayolga sig‘dirish qiyin. Men ham, har daqiqa hayrat ichida yashayman.

Keyingi bir yil ichida ijodiy ish bilan ko‘p­roq shug‘ullanyapman. Bunday imkoniyatlarga ega bo‘l­ganimdan boshim ko‘kda. “Yoshlik”ka hisobot berib qo‘yay: o‘tgan yil “Orzuli dunyo” va “Tabassum” deb atalgan ikki kitobim chiqdi. She’rlarim matbuotda muntazam e’lon qilinmoqda. Kechagina “Sharq yulduzi”ga bir turkum she’r­lar yubordim. O‘qirsiz, baho berarsiz.

Suhbat so‘ngida o‘zim birinchi muharirir bo‘lgan “Yoshlik” jurnali ijodiy xodimlariga, mushtariylariga qizg‘in salom va eng yaxshi tilaklarimni yo‘llayman. Istiqlolimizning yigirma yilligi hammamizga muborak bo‘lsin!

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 5-son.