Shu yil eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasining fan-texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida 2007 yilgi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risida»gi» Farmoni bilan mamlakatimiz ilm-fani va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlari, mazmunan dolzarb ijodiy ishlari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Jumladan, Vatanimiz tarixi va madaniyatining bilimdon olimlaridan biri, akademik Edvard Vasilevich Rtveladze «Markaziy Osiyo tarixi va madaniyat tarixi» mavzusidagi ishlar turkumi uchun ikkinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Biz u kishini yuksak mukofot bilan qutlash barobarida ayni kunlardagi ilmiy ishlari haqida ham so‘radik.
— Prezidentimiz 1998 yil tarixchi olimlarni yig‘ib, bir qator dolzarb savollarni o‘rtaga tashlagan edi, — deydi suhbatdoshimiz. — O‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganish, uning shakllanish bosqichlarini aniqlash lozimligini ta’kidlagandi. Shu maqsadda maxsus ilmiy guruh tuzilib, zimmamizga mazkur masalalarni mukammal va haqqoniy yoritish vazifasi yuklatildi.
Yurtboshimiz bilan o‘sha uchrashuv va suhbat biz — olimlar faoliyatida, umuman, fanda yangi davrni boshlab berdi. Chunki butun dunyo tarixchilari o‘tmishni ibtidoiy davrlardan boshlab o‘rganishga odatlanishgan. Davlatchilik tarixi mavzusi esa tamomila yangi mavzu bo‘lgani bois yangicha nuqtai nazar va yangicha yondashuvni talab etdi.
Bu o‘ziga yarasha oson ish bo‘lmasa-da, Prezidentimizning aniq-ravshan ko‘rsatmalari va shu asosda tashkil etilgan ilmiy baza ishimiz muvaffaqiyatini ta’minladi. Bu jarayonda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, respublika Arxeologiya hamda San’atshunoslik institutlari, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning yangi tarixi markazi olimlaridan iborat ulkan jamoa ish olib bordi.
Avvaliga to‘planajak materiallar hajmi va asrlarning taqsimlanishiga qarab, majmuaning 4 yoki 3 jilddan iborat bo‘lishini mo‘ljallagan edik. Tadqiqotlarimiz natijasida ayon bo‘ldiki, bunday buyuk davlatchilik tarixini uch jildga sig‘dirib bo‘lmas ekan.
Ishlarimiz biroz cho‘zilib ketgani ham bor gap. Lekin boshqa jihatdan qaraganda, shunday bo‘lishi kerak edi. Chunki bu kitob nafaqat davlatchiligimiz tarixi va fani, balki bugun ilgari surilayotgan milliy g‘oyalarimizga ham taalluqli. Axir, ushbu monografiyalar jahon tamaddunidagi munosib o‘rnimizni butun dunyoga ko‘rsatadi. Shu bilan birga, o‘zligimizni anglashimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bu kitoblarni o‘qishga qachon muyassar bo‘lamiz?
— Birinchi jildda yurtimizda davlatchilik paydo bo‘la boshlagan miloddan avvalgi ikkinchi ming yillik oxiridan eramizning III-IV asrlarigacha bo‘lgan juda murakkab davr o‘rganildi. Murakkabligi shundaki, ijtimoiy formatsiyalar tez-tez almashgan, moddiy va madaniy hayot o‘zgargan bu muhim asrlar haqida manbalar yetarli emasdi. Aslida, o‘sha paytda Gretsiya va Rimda bo‘lgani kabi bizda ham manbashunoslik ancha rivojlangan, har bir davlat o‘z yozuviga ega edi. Bu juda katta gap. Ayniqsa, Xorazm va So‘g‘d davlatida muhim voqealarning qayd etib borilgani, buning uchun maxsus xizmatlar tashkil qilingani ko‘p narsani anglatadi. Lekin afsuski, ular bizgacha deyarli yetib kelmagan.
Shu bois, arxeologik qazilma boyliklaridan kengroq foydalandik. Qadimiy tangalardagi yozuvlar va ramzlar ma’nosini o‘rgandik. Hatto xorijiy manbalardagi yurtimiz tarixiga oid ma’lumotlarni to‘pladik. Qisqacha aytganda, milliy davlatchiligimizni izohlaydigan barcha dalillarni o‘rgangachgina xulosa yasadik.
Fursatdan foydalanib, bir xushxabarni ma’lum qilmoqchi edim. “O‘zbekistonning davlatchilik tarixi” deb nomlanuvchi ushbu ulkan asarning birinchi tomini nashrga tayyorlash ishlari yakunlandi. Uni Mustaqilligimizning 16 yilligiga tuhfa etdik.
— Ikkinchi va uchinchi tomlar qaysi davrlarni o‘z ichiga oladi?
— Eramizning III-IV asrlari qadimiylikdan o‘rta asrlarga o‘tish davri hisoblanadi. Shu bois, ikkinchi tom o‘sha paytdagi davlatlar tarixidan boshlanadi. Ma’lumki, bu vaqtga kelib, o‘zbek davlatchiligi yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Samarqand, Termiz, Urganch shaharlari atrofida markazlashgan davlatlar vujudga kelgan. Ayniqsa, Xorazm o‘tmishi juda e’tiborli. Bu yerda Xorazmshohlar 800 yil mobaynida hukmronlik qilgan. Dunyoda boshqa hech bir sulola bunday uzoq davom etmagani ham o‘zbek davlatchiligining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.
Kezi kelganda yana bir narsani aytib o‘tay. IV-V asrlarda Markaziy Osiyo shimolida paydo bo‘lgan Xunlar davlati keyinchalik Yevropani ishg‘ol qiladi. Ularning lashkarboshisi Atillaga G‘arbda bir tomonlama baho berishadi — tsivilizatsiyani yer bilan yakson qilgan bosqinchi sifatida eslashadi. Eng yomoni, xunlar ham turkiy qabilalardan sanalgani bois yevropaliklar biz o‘zbeklarni ham shu bosqinchilarning avlodi deyisharkan.
Prezidentimiz biz bilan suhbatda shunga alohida e’tibor qaratgandi. Atay xaritani olib qaraganligini, xunlar O‘zbekiston hududida umuman bo‘lmaganligi ta’kidlagandi. Izlanishlarimiz davomida bu o‘z isbotini topdi. Atillaning Yevropaga yurishi yurtimiz hududidan ancha shimolroqdan — Dashti Qipchoqdan o‘tib ketganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, bu davrda turk hoqonliklari hukm surdi. Arablar istilosidan keyingi Somoniylar, Qoraxoniylar va Saljuqiylar hukmronligi tarixda katta iz qoldirdi. Yurtimiz Uyg‘onish davriga yuz tutdi. Ularni o‘rganishda Beruniy, Forobiy, Narshaxiy kabi ajdodlarimiz asarlaridan foydalanganimiz ham e’tiborga molik.
Uchinchi tom to‘laligicha Temur va Temuriylar davlatiga bag‘ishlandi. Chunki bu davrda milliy davlatchiligimiz yuksak darajaga chiqdi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalari gullab-yashnadi. O‘z zamonasidagi barcha mamlakatlar Temur davlati bilan hisoblashardi. Insoniyat tarixida sanoqligina bo‘lgan shunday ulkan va qudratli saltanatdan har qancha g‘ururlansak arziydi.
Bu haqda ko‘p gapirishim mumkin. Lekin mustaqillik tufayli Sohibqironning sha’ni baland ko‘tarildiki, u zot barchamizning shuurimizdan joy olib ulgurdi. O‘zim ham ana shu mavzudagi bir qancha kitoblarga muharrirlik qilganman. Xususan, “Amir Temur jahon tarixida” deb nomlangan monografiya bobokalonimizning yubileylari arafasida ikki bor nashrdan chiqdi.
Sohibqiron haqida chet mamlakatlarda ham ko‘plab kitoblar chop etilgan. Bu tarixga Gavayi orollaridan to Argentinagacha hamma qiziqadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Birgina “Xorij nashriyotlarida Amir Temur haqida bibliografiya” nomli to‘plam yigirma to‘rt mamlakatda nashr qilingani buning yaqqol dalili.
Endilikda biz yanada mukammal asar yaratish ustida ishlayapmiz. Temur davlatining barcha tomonlarini qamrab olishga intilyapmiz. Bunda uning yurt ozodligi uchun kurashi, siyosati, qonunchiligi, davlatlararo aloqalari, janglari tarixi — hamma-hammasi batafsil yoritiladi. Shaxsan o‘zim dunyo fanida bu to‘plamning tengi bo‘lmasligini istardim. Sohibqironning vatandoshlari sifatida shunday qilishimiz ham kerak.
Shu maqsadda besh yil davomida izlanish olib borildi. Ham o‘zimizdagi, ham dunyodagi manbalar diqqat bilan o‘rganildi. Hozirda bunga oid barcha materiallar jamlab bo‘lingan. Yil oxirigacha ushbu tomni ham nashrga topshirishni mo‘ljallayapmiz.
To‘rtinchi tomda ashtarxoniylardan to mustaqilligimizgacha bo‘lgan davrlar hikoya qilinadi. Istiqlol yillari esa 8 tomdan iborat “O‘zbekistonning yangi tarixi” nomli alohida kitobga jamlanadi. Endi uning mavzusi, mazmun-mundarijasi ham biroz boshqacha bo‘ladi. Bu to‘plamda faqat davlatchiligimizdagi yangilik emas, barcha sohalardagi o‘zgarishlar qamrab olinadi.
— Hozirgi kunda ham yurtimiz arxeologiyasida yangi inshootlar topilyaptimi?
— Albatta. Har qarichi tarix bo‘lgan yurtimizda bunday ishlar hech qachon to‘xtab qolmaydi. Xususan, Surxondaryodagi Kampirtepa xarobalarida qazishmalardan tashqari restavratsiya ishlarini ham olib boryapmiz. Butun shaharning tarixiy qiyofasini tiklayapmiz.
Odatda, arxeologlar topilmalarni qo‘lga kiritgach, o‘z ishini yakunlaydi. Biz esa Hamdo‘stlik davlatlari orasida birinchi bo‘lib shunday olamshumul tadbirga kirishdik. Ikki yildirki, u yerda quruvchi va tarixchilardan iborat kattagina guruh ishlamoqda. Xaroba devorlar va minoralar xuddi qadimgidek holatga keltirilmoqda. Yaqin kunlarda bu maskan “jonli” muzeyga aylanadi.
Anvar SAMADOV suhbatlashdi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.