Doris Lessing: “Biz «foydali tentaklar» edik” (2004)

Doris Lessing

HAYoT – OG‘IR ISh

«Shpigel» jurnaliga intervyu. («Kultura» gazetasi, №1-2,2004).

Doris Lessing hozirda hayot bo‘lgan ingliz tilli yozuvchilardan eng mashhuri va g‘aroyib taqdirli ayol hisoblanadi. U Eronda tug‘ilgan, Janubiy Rodeziyadagi kichkina fermada ulg‘aydi, yoshligida kommunistlarga qo‘shildi, o‘ttiz yoshida o‘n ikki yashar o‘g‘li bilan Angliyaga ko‘chib o‘tdi. «Maysalar kuylaydi» kitobi adibani dunyoga mashhur qildi, «Oltin kundalik» felinistika ayollar huquqini himoya qiluvchilarning sevimli kitobi bo‘lib qoldi, antiutopiyalari esa zamonaviy fantastika majmualaridan joy olgan.

Hozir adiba so‘l harakatlar bilan qiziqqaniga shubha bilan qaraydi, Angliyada yashaydi, ilgarigidek unumli mehnat qiladi.

Lessing xonim, siz o‘zingizga ikkinchi turmush o‘rtog‘ingizning familiyasini olgansiz. U bilan elliginchi yillar arafasida ajrashgan ekansiz.

Familiyam Donishmand (Wisdom) bo‘lsa, yaxshiroq bo‘lardi deb o‘ylaysizmi? Bu birinchi erimning familiyasi. Aqli bor va xotirasi mustahkam bironta odam, agar yozuvchi bo‘lishni istasa, bunaqa familiya bilan qolmasdi. Bundan tashqari, ikkinchi turmush o‘rtog‘im Gotfrid bilan o‘rtamizda o‘g‘lim bor, shuning uchun familiyamni yana o‘zgartirgim kelmadi. Lessing – go‘zal nom, buyuk an’analar bilan bog‘liq.

– Siz nemis romantik-yozuvchisini ko‘zda tutayapsizmi? Eringiz u bilan qarindoshmidi?

– Yo‘q. Gotfrid Lessingning unga aloqasi yo‘q. U kommunist edi, natsistlardan qochib, avval Angliyaga, keyin Janubiy Rodeziyaga ketdi. U yerda so‘l guruh tadbirlaridan birida tanishib qoldik. O‘rtamizda sevgi paydo bo‘ldi. 1944 yili turmush qurdik, aks holda uni niyati buzuq xorijiy deb, mamlakatdan chiqarib yuborishlari mumkin edi. Bu yerda hech qanday romantika yo‘q.

– Germaniya haqidagi birinchi taassurotlaringiz nima bilan bog‘liq?

– Otamning hikoyalari bilan. U birinchi jahon urushida nemislarga qarshi urushgan. Yaralanib, bir oyog‘idan ayrildi, ruhan majruh bo‘ldi. Lekin nemislarga adovati yo‘q edi. Ikkinchi jahon urushi davrida men nemisga turmushga chiqdim. Shuning uchun Germaniya bilan qattiq bog‘lanib qolganman.

– 50-yillarning boshlarida Sharqiy Berlinga safar qilib qaytganingizdan keyin: «Bu – hayotimdagi eng yomon kechinmalarimdan biri» deb yozdingiz.

– Sharqiy Berlin juda jirkanch edi. Hammayoq dahshatli, yalang‘och, sovuq edi. Bundan tashqari Gotfrid bilan uchrashmoqchi edim…

U GDR ga ko‘chib o‘tgan edimi?

– Ha, u bilan o‘g‘lim o‘rtasidagi munosabatni tiklamoqchi edim. Lekin Gotfrid kommunist amaldorga aylangan, Madaniy ittifoqda ishlar edi. U men bilan uchrashishni xohlamadi. O‘zidan qo‘rqdi.

– Siz uni «150 foiz kommunist» deb atagansiz. Lekin keyinroq, u KGB ning ayg‘oqchisi degan mish-mish tarqadi.

–Ha, Janubiy Afrika maxfiy politsiyasi xodimlari shunday deyishardi. Biroq hech kim buni tekshirmagan.

– Siz Afrikada, kichkinagina, tashlandiq bir fermada ulg‘aygansiz. Sizning badiiy ijodingizga kim yoki nima ta’sir etgan?

– Mening ko‘p vaqtim yolg‘izlikda o‘tgan. Xilvat joylarda ov miltig‘ini ko‘tarib soatlab daydir edim. Hech qachon, hech nimadan qo‘rqmaganman. Ilonlardan boshqasidan. Ajoyib bolalik edi.

– Xeminguey ham ovni sevgan, biroq o‘q otish yozish ishtiyoqi bilan bog‘liq emas. Yoki bog‘liqmi?

– Nima, hamma yozuvchilar mo‘min-toy va xushmuomala bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysizmi? Men yashagan yerlarda har bir dehqon uncha-muncha ovqat topish uchun ov qilardi. Hamma bolalar miltiq otishni bilardi. Aytishim kerakki, men yashagan joylarda ovga ishqiboz qiz yagona o‘zim edim. Biroq, ermagim faqat ov bo‘lmagan, kitoblar bilan to‘la qutilarim bor edi. Hamma ta’lim mana shulardan iborat bo‘lgan.

– O‘zingizda yozish istagi paydo bo‘lganini qachon sezgansiz?

– Maktabdosh bir dugonamning aytishicha, biz o‘n bir yashar qizchalar internat yotoqxonasida o‘tirganimizda, men yozuvchi bo‘laman, deb aytgan ekanman. Buni eslolmadim, lekin yoshligimda nimalarnidir yozib yurganimni bilaman. Bilasizmi, ikkita roman yozganman, dastxatim yomonligidan keyinchalik o‘zim ham o‘qiyolmaganman. Shunchalik bema’ni edi! Nima bo‘lgandayam, ular yaxshi emasdi.

– O‘sha qo‘lyozmalar saqlanib qolganmi?

– Xudoga shukr, yo‘q! Aks holda, kimdir ular haqida doktorlik dissertatsiyasi yozgan bo‘lardi.

– Amerikalik yozuvchi Tom Vollf: «Yozuvchilar shon-shuhrat uchun romanlar va hikoyalar yozishadi. Pul bo‘lsa-ku, yaxshi-ya, lekin shon-shuhrat undan yaxshiroq» degan ekan.

– Men pul uchun yozganman, shon-shuhrat haqida hech o‘ylamaganman. Volf shunday degan bo‘lsa, demak, uning puli ko‘p ekan.

– 1949 yili, o‘n ikki yashar o‘g‘lingiz bilan Londonga kelganingizda, nochor ahvolda qolganingizdan, fohishalar bilan bir xonada yashagan ekansiz. Shu to‘g‘rimi?

– Ha. O‘sha ayollardan biri jinsiy aloqani yomon ko‘rardi, tasodifan fohisha bo‘lib qolgan. Uni to‘rtta erkak boqardi, juda yaxshi kiyinib yurardi. Menga ham ikkitagina jentelmen orttirishni maslahat bergan. «Bu – juda zo‘r! – degandi u. – Sen yozib kun ko‘rishni tashlab, tashvishlardan qutulasan». Men esa unga bunday ishlarni xohlamasligimni uqdirishga tirishardim.

– Siz ingliz tilida yozadigan va hozirda hayot bo‘lgan eng mashhur yozuvchisiz. Bunday shon-shuhratga qanday qaraysiz?

– O‘z hayotim bilan ovoraman, hech kim menga e’tibor qilmaydi. Biroq kitoblarimni targ‘ib qilgudek bo‘lsam, birpasda mashhur bo‘lib ketaman, o‘zimni ham shunga yarasha tutaman.

– Mashhur kishilar o‘zlarini qanday tutadilar?

– Favqulodda yaxshi.

– Sizga «Britaniya imperiyasining xonimi» degan unvon berishmoqchi bo‘lganda rad etgansiz. Nega?

– Butun yoshligim Britaniya imperiyasiga qarshi kurashlarda o‘tgan. Endi, to‘satdan: «O, rahmat! Meni taqdirlaganinglardan xursandman» desam juda xunuk ish qilgan bo‘lardim. Undan tashqari «Britaniya imperiyasining xonimi» degan so‘z kulgili eshitiladi.

– Yosh ayol paytingizda Janubiy Rodeziya kommunistlariga qo‘shildingiz. Bir vaqtlar, faqat «qizillar»ning kitobini o‘qiganman, degandingiz.

– Bilasizmi, ular ham men o‘qigan kitoblarni, masalan, rus klassik-lari asarlarini o‘qishgan. Bundan ham avval, ular men kabi, irqiy jamiyat uzoq yashab qololmaydi, deb ishonardilar. O‘sha odamlar meni ozod bo‘lishimga yordam berishdi.

– Hozir, «Shirin tush»dagi Jon-ni – inqilob g‘oyalariga mukkasidan ketgan kishining karikaturasi, deyishadi.

– Bunaqa odamlar ko‘p bo‘lgan. Shu kitobimni o‘qigan tanishlarim – sobiq o‘rtoqlarim: «Ha, biz haqiqatda ham shunday edik», deb menga yozib yuborishdi.

– Nima bo‘lgandayam, ular dunyoni yaxshilamoqchi bo‘lishgan.

– Natsistlar ham g‘oyaparast (idealist) bo‘lishgan. 50-yillarda Sovet Ittifoqida va Sharqiy Yevropada haqiqiy ahvol qanday ekanligi ma’lum bo‘lgach, Britaniya kommunistik partiyasi tarqalib ketdi.

– Davlatni nima asrab qoladi?

– Pragmatizm. Stalin, Gitler, Mao va boshqa diktatorlar mukammal jamiyat quraman, deb millionlab odamlarni o‘ldirib yuborishgan.

– Demak, hech qanday havoyi orzular, utopiyaning keragi yo‘qmi?

– Hech qanaqa!

– O‘zingiz inqilobchi bo‘lgansiz-ku? O‘n to‘rt yoshingizda uyingizdan chiqib ketgansiz. Birinchi turmush o‘rtog‘ingiz – zerikarli mansabdorni tashladingiz. 50-yillarda Londonda yolg‘iz ona bo‘lib yurdingiz.

– Bu idealizm emas, pragmatizm. O‘zimni qutqarib qolish uchun shunday qilishim lozim edi. Aks holda, piyonistaga aylangan yoki o‘zimga suiqasd qilib, hayotdan ko‘z yumgan bo‘lardim.

– Demak, sizning xatti-harakat-laringiz ayollarning an’anaviy mavqeiga qarshi kurashdan iborat bo‘lmagan ekan-da?

– Men bunday o‘ylamaganman. Bundan tashqari, 50-yillarda menga o‘xshab, hech kimga qaram bo‘lmagan ayollar haqida bilardim.

– Siz shunday mustaqil ayollarni 1962 yili chiqqan «Oltin kundalik» kitobingizda yozgansiz. U favqulodda muvaffaqiyat qozondi va feminist-kalarning haqiqiy Injiliga aylanib qoldi..

– Men buni kutmagandim. Bor-yo‘g‘i boshimdan o‘tganlarni, ayollar nimani o‘ylaganlariyu qanday yashaganlarini yozdim, xolos. Hali ham kitobni, odamlar inqilob qilishga urinish, deb qabul qilishlariga hayron qolaman. Biror yerda ma’ruza qiladigan bo‘lsam, ba’zan oldimga uchta ayol keladi, hammasi bir oiladan: buvi, ona va qiz: uchalasi «Oltin kundalik» ni o‘qigan bo‘ladi.

– Bu – yaxshi-ku!. Shu kitob tufayli siz dunyoga mashhur bo‘ldingiz,

– Menga «feministka» deb tamg‘a bosib qo‘yishdi, bu esa menga halal berdi. Hozirgacha menga ba’zi erkaklar kitoblarimni feministik oqimning bir bo‘lagi hisoblaganlari uchun o‘qimayotganlarini aytadilar. Men – feministka emasman! Men, tabiiy ravishda, har qanday siyosiy harakatlarni chetlab o‘tishga harakat qilaman!

– «Buvijonlar» kitobingiz hisob bo‘yicha ellik uchinchisi! Qanday qilib yozasiz?

– Mexanik yozuv mashinkasida, o‘nta barmoqni ishlatib yozaman. Ba’zan asarlarimni bolalarimga ko‘rsataman, ularga juda kulgili tuyuladi.

– Tinib-tinchib, xotirjam o‘tirishni o‘ylamayapsizmi?

– Umrim bo‘yi yozdim. Nega endi to‘xtashim kerak? Hayot, deganlari – og‘ir ish, shunday emasmi? Meni aslida yo‘q narsalarni bor qilish jarayoni to‘lqinlantiradi. Men yo‘q narsadan voqea yasayman. Va shu voqealarni hikoya qilib berishdan huzur qilaman.

 

BIZ «FOYDALI TENTAKLAR» EDIK

(Manba: VVS Russian, Com, 22.10.2007)

Britaniyalik yozuvchi, 88 yoshli Doris Lessing Nobel mukofoti laureati bo‘lgach, «Bi-bi-si»ning Rus xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.

Bi-bi-si: Siz 1952 yili britaniya-lik va amerikalik bir guruh adiblar bilan birga Sovet Ittifoqiga borgan-siz. Esdaliklaringizda o‘sha safar chog‘i Sizga qattiq ta’sir etgan bir manza-rani yozgansiz.

D.L.: Bu – Hayotimda uchratgan eng mardonavor harakat edi. Biz – chet ellik besh kishini bir kolxozga olib borishdi. Mehmonlardan biri ilgari qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan, men esa, fermada o‘sganman, bir nimalarni tushunaman. Rasmiy qabul marosimi bo‘ldi: nutqlar, gullar, qo‘l qisishlar. Shu orada keksa bir odam yonimizda paydo bo‘lib, biz bilan gaplashish istagini bildirdi. «Aytmoqchimanki, aytmoqchimanki… deb qaytalaydi, lekin tarjimon gapirishga yo‘l bermaydi. Biroq, oramizdagilardan biri – shotlan-diyalik Daglas Yang, ruschani bilardi, bizga tarjima qilib berdi. Cholning gapi mana bunday edi: «Sizlarga ko‘rsatilayotgan narsalarning hammasi yolg‘on. Haqiqiy hayot – achinarli, dahshatli. Rasmiy odamlarning bironta gapiga ishonmanglar».

Albatta, uni ushlab sudrab ketishdi, nima qilishdi, bilmayman. Men haqiqatda ham buni kamdan-kam uchraydigan mardlik deb baholayman. U payt qanaqa davr ekanini bilarsiz? Stalin hali hayot edi.

Bi-bi-si: Shu voqeadan keyin kommunizmga shubha bilan qaraydigan bo‘ldingizmi?

D.L.: Yo‘q. Shubhalarim avvaldan bor edi. Chol voqeasi – bir ko‘rinish xolos. Bizga ko‘rsatilayotgan narsalarning hammasi haqiqat emasligini bilardim. Biroq hozir hamma narsa o‘zgarib ketdi. Bularning hammasi qanchalik bir-biriga zid bo‘lganini tushuntirish qiyin. Biz soddadil go‘llar, Lenin aytganidek, foydali tentaklar edik. Bundan faxrlanadiganlar bo‘lgan, hozir tirik qolganlari kam, men esa bundan faxrlanmaganman.

Bi-bi-si: Kommunizmdan voz kechish yengil bo‘lmagandur?

D.L.: Ha, bu og‘ir bo‘lgan, chunki turmush o‘rtog‘im o‘la-o‘lgunicha ashaddiy kommunistligicha qoldi. Kommunizmdan voz kechish uchun bitta shuning o‘zi kifoya edi. Dunyoda bitta mutaassib bo‘lsa, faqat shu kishi edi. Yaxshi fazilatlari ham bor edi, lekin u mutaassiblarcha ahmoq edi. Axir o‘sha elliginchi yillardayoq Sovet Ittifoqi va boshqa kommunistik mamlakatlar qanday dahshatlarni boshidan kechirganini gapirib beradigan odamlar chiqqan edi. Biroq bu oson ish bo‘lmagan, bugungi kunda odamlar partiya biletini topshirishayapti. Shuni unutmangki, o‘sha vaqtlarda odamlar kommunistlar safiga kirayotib, yangi dunyo yaratish mumkinligiga astoydil ishonishgan. Mana shunday xomxayollardan voz kechish va yangi dunyo yaratib bo‘lmasligini yoki yaratmoqchi bo‘lganing boridan ham beshbattar bo‘lishini tushunib yetish oson ish emasdi.

Bi-bi-Si: Bugungi Rossiya haqida qanday fikrdasiz?

D.L.: Odamlar: «Putin xavfli odam» deyayotganlarini eshitaman, lekin shu narsa ayonki, biz uning, katta og‘iz va qo‘pol deb atalayotgan xislatlariga Rossiyada yomon qarashmas ekan. Aftidan, Rossiyadagilarga shunaqa odam yoqadi. Nimaga shunaqa, bilmayman, balki bu sizlarning tarixingiz bilan bog‘liqdir.

Bi-bi-si: Zimbabveda bo‘layotgan voqealarni kuzatib turasizmi?

D.L.: Bo‘lmasam-chi! Axir, men o‘sha yoqda ulg‘aydim. U yerdagi ahvol dahshatli.

Bi-bi-si: Siz «Oltin kundalik»ni yozganingizdan buyon ayollarning jamiyatdagi ahvoli o‘zgardi. Ayollarning hayotida nima yengillashdiyu, nima qiyinlashdi?

D.L.: Bugun ayollarning imkoniyatlari ko‘p. Imkoniyatlar tengligi, shubhasiz, mislsiz oshdi. Hamma yoqda. Rivojlangan mamlakatlarni ko‘zda tutayapman. Shularga qaramay, qaysidir sohalarda hech nima o‘zgarmadi – ko‘p ayollar har qanday imkoniyatlardan ko‘ra, ilgarigidek, boy er qidirishni afzal ko‘radilar, men buni tushunolmayman. Buyuk Britaniyada bitta ish uchun erkaklar va ayollarga bir xil haq beradigan bo‘lganlaridagina haqiqiy tenglik yuzaga keladi.

Bi-bi-si: Sizga ta’sir o‘tkazgan yozuvchilar orasida nima uchun Bulgakovni ko‘p tilga olasiz?

D.L.: Bulgakov ijodini yaxshi ko‘raman. Birinchi marta uning «Yosh shifokorning esdaliklari»ni o‘qiganman. Nazarimda, bu kitobda soflik va joziba bor edi, keyin bular asta yo‘qola boshladi.

«Oq gvardiya»ni o‘qidim. «Usta va Margarita»sini sevib o‘qiganman-u, lekin boshqa asarlaridan ko‘ra mundayroq. Uning ilmiy-fantastika deb ataladigan asarlariga taqriz yozganman, hatto «Kasofat tuxumlar» kitobiga so‘z boshi yozganman.

Bi-bi-si: Qanday qilib Siz ilmiy-fantastika janrida yozadigan bo‘lib qoldingiz?

D.L.: «Ilmiy-fantastika» menga nisbatan juda noo‘rin ishlatiladigan tushuncha! Odamlar, 1979 yilda chiqqan «Shikasta» nomli kitobimdan boshlab meni ilmiy-fantastika yoza boshlagan deyishadi. Lekin ungacha ikkita roman: «Tirik qolgan odamning xotiralari» va «Jahannam uchun yo‘riqnoma»ni yozganman. Bular – realistik asar emas, fantastika ham emas. Afsususki, bizda hamma narsaga tamg‘a bosishadi. Mana, «Shikasta»dan boshlangan asarlarim turkumi – menimcha, asarlar ichida eng yaxshisi; turkumga beshta, bir-biridan butkul farq qiladigan kitoblar kirgan; hammasini ko‘tarasiga «ilmiy fantastika» deyishadi.

Bi-bi-si: Qaysi kitobingiz bilan ko‘proq faxrlanasiz?

D.L.: Har qanday yozuvchi Sizga, adabiy ijod, bu – harakat, rivojlanish, deb aytadi, bulardan bittasini ajratib ko‘rsatish qiyin. Keyingi ishlarimdan eng yaxshi ko‘rganim «Mara va Dan» nomli sarguzasht romanim va uning davomi. Ularni yozayotganimda, qahramonlarning hammasi qochoqlar – ocharchilik, suv toshqini, fuqarolar urushidan qochib ketayotgan odamlar ekanligini sezmaganman.

Qudrat Do‘stmuhammad

Internet materiallari asosida tayyorladi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son