Bahrom Ro‘zimuhammad, Sayyora Solayeva. “Jaranglab turadi parvozlarimiz!..” (2018)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli shoir, mohir tarjimon, tasavvufshunos olim Matnazar Abdulhakim hayoti va ijodi haqida jurnalist Sayyora Solayevaning taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad bilan suhbati

Sayyora Solayeva: Bahrom aka, suhbatimizni avvalo ustoz Matnazar Abdulhakimning milliy adabiyotimizda tutgan o‘rni borasidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

Bahrom Ro‘zimuhammad: – Ma’lumki, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida So‘z dunyosiga uslublari butunlay boshqacha shoirlar kirib kelgan edi. Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron kabi shoirlarning ilk kitoblarini o‘qib, qanchalik hayajonlanganimiz esimda. O‘sha vaqtlarda men Toshkent davlat universitetining (endilikda O‘zMU) jurnalistika fakultetida o‘qir edim. Kursdoshlarim Abduvali Qutbiddin, Abdumajid Azim kabi shoirlarning ular bilan tanishganini eshitib, havasim oshardi. Qaniydi men ham dovruqli shoirlar bilan suhbat qursam, deya orzu qilardim.

Aynan o‘sha davrlarda “Yoshlik” almanaxida, “Yoshlik bayozi” kitobida Matnazar Abdulhakimning  turkum she’rlarini o‘qib qoldim. O‘sha she’rlar usluban yangiligi  tufayli diqqat-e’tiborimni tortdi. Deylik, “Poyezdda” sarlavhali she’r. She’rning dastlabki qismi men uchun sirli tuyulgan:

Dim vagonda ketib borardik,
avjda edi yozning hovuri.
Parmalardi quloq-miyamni
qartabozlar g‘ala-g‘ovuri.
Shu payt
kimdir
tiniq osmonda
nogoh chaqin chaqqanday go‘yo,
derazaga talpinib,
dedi:
– Do‘stlar, ana, qaranglar, – daryo!

She’r garchi “Poyezdda” deya nomlansa-da, muhabbat mavzuida edi. Ikkinchi qismda o‘sha hodisa ifodalanadi:

Bilasanmi,
seni ham shunday
yo‘liqtirdim oddiy bir damda.
Va inondim
tip-tiniq bir baxt
barqaror deb yorug‘ olamda.

Keyin suyukli ayolga munosabat tasvirlanadi. Qarang, jozibador ifoda: “Pok bir visol, / tiniq bir baxtdan / endi so‘nggi damgacha mastman”. Xulosa shuki: “Sen daryomas, / poyezdmas hayot, / men ham o‘ksib o‘tib ketmasman”.

So‘z dunyosida sof ma’nodagi raqobat mavjud bo‘lishi mumtoz adabiyotimizdan ayon. Deylik, Navoiy hazratlari o‘zidan  uch yuz yil avval tavallud topgan ulug‘ shoir Nizomiy  Ganjaviy (1141–1209) bilan xayolan raqobat qilgan: “Falak ko‘rmadi men kibi nodire, / Nizomiy kibi nazm aro qodire”.

O‘sha saksoninchi yillarda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon kabi shoirlar shunday maqomga ko‘tarilgan edilarki, ularning soyalaridan salgina chetga chiqishning o‘zi mushkul edi. Menimcha, ustoz Matnazar Abdulhakim Sharqu G‘arb she’riyatini o‘zaro tutashtirgani bois bahaybat soyalardan  qocha  bildi.

Ha, adabiyotimizdagi o‘rni haqida so‘radingiz.  Matnazar Abdulhakim egallagan o‘rin butunlay  boshqacha. Sirli. Bir she’rida aytgan-ku: “Erga yog‘a olmay yongan yulduzlar, / Bizlar qalovini topgan qorlardir”. Shunga qiyosan, ustozni hali kashf etilmagan yulduzga mengzayman. Hali uning estetik qarashlari, shoirlik, tarjimonlik, olimlik salohiyati xususida ko‘b va xo‘b yozadilar.

Darvoqe, bir suhbatingizda  Matnazar Abdulhakim eng avvalo, rus she’riyatining kumush davri (Pushkin, Lermontovlardan keyingi davr) shoirlari ijodini astoydil o‘rgangani, ba’zi she’rlarida simvolizm unsurlari balqib ko‘rinishi, keyinchalik esa  Sharq mumtoz she’riyatiga oshno tutingani haqida gapirgan edingiz. Ana o‘sha ikki qutb estetik qarashlari shoirimiz ijodida qay tariqa tutashgan, deb o‘ylaysiz?

– Tarjimai holidan bilamizki, ustoz 1967–1972 yillarda Rossiyadagi Taganrog davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida o‘qigan. Demakki, o‘n to‘qqiz yoshlaridan boshlab rus she’riyatini o‘rganishga kirishgan. Aleksandr Blok, Anna Axmatova, Osip Mandelshtam, Marina Svetayeva va ularning boshqa safdoshlari she’riyatidan ta’sirlangan. Shu buyuklarning izdoshi, bugungi kunda jahonga mashhur shoir Yevgeniy Yevtushenko qalamiga mansub “Girya” sarlavhali she’rini, aytish mumkinki, xuddi Yevtushenkoning o‘zi o‘zbek tilida yozgandek tarjima qilgan:

…Kumushqanot ukam, sen eding bir zar,
Osmonga ko‘rk bo‘lib qilarding parvoz.
Rangparroq edim men. Nozanin g‘ozlar,
Seni ko‘p sevardi, meni esa – oz.

Bu tarjimalarni Erkin Vohidovning Sergey Yesenindan tarjimalari darajasi bilan tenglashtirsa bo‘ladi. Zotan, ustozning Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi ulug‘larimizga ixlosi, ehtiromi yuksak edi.

Ana endi Sharq mumtoz she’riyati masalasiga kelsak. Ustozning maslakdoshi, yaqin do‘stlaridan biri Qadamboy Solayev “To‘rtinchi muallim saboqlari” risolasida shunday yozadi: “…Matnazar og‘aning padari buzrukvorlari Abdulhakim ota savodxon, maktab ko‘rgan ma’rifatparvar, “Xamsa” va boshqa ko‘plab asarlarni yoddan ayta olganlar”.

Yodimda, ustoz bilan birga bir keksa g‘azalxonning uyiga borgan edik. Shunda, og‘a, bu shoir otamning do‘sti bo‘lgan, degan edi. Yana mening taklifimga ko‘ra, shovotlik Yunus eshonbuvaning uyiga borib, ehtirom ko‘rsatganiga guvoh bo‘lganman. (Yunus eshonbuva yirik olim, tadqiqotchi, xorazmshunos – Sergey Pavlovich Tolstov bilan suhbatdosh bo‘lgan ekan. Eshonbuvaning nevarasi Bahodir Sodiqov (1959–1980) munaqqid sifatida mamlakatimizda tanilgan.) Eshonbuva ham ustozning saviyasiga, bilimiga qoyil qolib, unga Bedil qo‘lyozmasini hadya etgan edi.

Xulosa shuki, ustoz avval Yevropa she’riyatini o‘rganib, keyin Sharq she’riyatiga murojaat qilgan. Ustoz ta’sirida men ham shunday qildim. Yana bir shogirdi Boltaboy Bekmatov ham aynan shu yo‘ldan bordi. Aslida, bularning barchasiga mulla Abdulhakim bobo sababchi bo‘lgan.

Shoirimiz kaminaning “Ikki nur” (1994) kitobiga yozgan so‘zboshisida shu masalaga oydinlik kiritgan: “Biz vorislik haqida gapirganimizda ham an’anaviylikning botiniy sifatlariga asosiy e’tiborni qaratmog‘imiz kerak. Afsuski, ijodiy ta’sirni faqat shakliy ergashuvdangina iborat deb tushunadiganlar oz emas. Padar hamda farzandning o‘xshashligini ular kiygan libos emas, balki libos ichidagi vujud hamda bu vujuddagi ruh belgilagani kabi she’riyatda ustoz va shogirdlik darajasini ma’naviy mushtarakliklar ifoda etadi”.

Keyingi davrlarda G‘arbning o‘zi Sharqdan ta’sirlangan degan gaplar ko‘p aytilmoqda. Deylik, ulug‘ Gyote ham Sharq she’riyatidan ta’sirlanib, “G‘arbu Sharq devoni”ni yaratgan. Hattoki modernizm ham Sharq tamadduni mahsuli ekanligi ta’kidlanmoqda. Ustoz Rauf Parfi: “Modernizm Sharqda tug‘ilib, G‘arbda pasport olgan” degan va men uning bu fik­rini Rauf aka hayotlik chog‘ida, “Fidokor” gazetasida chiqqan suhbatimda ishlatganman.

Sharqu G‘arb falsafasi, estetik qarashlari qadimgi davrlarda juda yaqin bo‘lgan. Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe “Zardusht tavallosi” (Ruschadan Ibrohim G‘afurov tarjimasi) asarida donishmand Zardushtga murojaat etgani shunchaki tasodif emas. Binobarin, Matnazar Abdulhakim ijodida Sharqu G‘arb estetik qarashlari, falsafasi tutashganining tarixiy ildizlari mavjud. Bu ildizlar mohiyatini tadqiq etish masalasi kelajak adabiyotshunoslari oldidagi muhim vazifa, deb o‘ylayman.

– Ustoz Matnazar og‘ani hech mubolag‘asiz navoiyshunos, ogahiyshunos deyish mumkin. Shu fikrga munosabatingiz?

– Men mamlakatimizdagi boshqa navoiyshunos, ogahiyshunoslarni zarracha kamsitmoqchi emasman. Lekin bir mulohazamni aytmoqchiman. Olimlarimiz mumtoz shoirlarga Aql bilan yondashganlar. Ustoz Matnazar Abdulhakim voris sifatida Tuyg‘u bilan yaqinlashgan. Unda  ham shoirlik, ham olimlik iqtidorlari mujassamlashgan. Hazrat Navoiydan ta’sirlanib, g‘azallar bitgan:

Baxtingni kutib vaqt o‘tishin tezda tilarsan,
Umringni o‘g‘irlaydi u ayyor, xabaring yo‘q.

Debsanki, xabarsiz Matnazar jabrima mahkum,
Bundan xabarim allaqachon bor, xabaring yo‘q.

Navoiy hazratlari g‘azallaridagina shu zayldagi o‘ynoqilikka duch kelamiz. Demakki, ustozimiz Navoiy hazratlari usullarini astoydil o‘rganib, o‘z ijodida ulardan unumli foydalana olgan. Bu o‘ynoqilik kamdan-kam shoirlar ijodiga xos. Ustoz O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronga bag‘ishlangan “Da’vat” sarlavhali she’rida hazrat Navoiyni qanchalik sog‘inganini ifodalagan:

Ne kerak zaminni titratmas surur,
Ko‘kni zir titratmas ohni netamiz.
Ko‘p ham davronnishin bo‘laverma, yur,
Hazrat Navoiyga ketamiz.

…Teran bir anduhga qilamiz safar,
Jo‘naymiz, do‘stginam, yuksak bir baxtga.
“O‘n million, yuz million va milliard nafar”,
Hammamiz sig‘amiz she’riyat – taxtga.

Xuddi o‘sha sog‘inch alfozlarini Qadamboy Solayev ham yozgan: “Bir kuni Matnazar og‘adan “Xamsa”ni yoddan bilasiz-a, deb so‘raganimda “Yoddan bilaman, desam katta ketgan bo‘larman-u, lekin O‘zbekistonda Alisher Navoiyni mendan ko‘proq o‘qiydigan bo‘lmasa kerak”, deb javob berdi”.

Yana muallif izoh beradi: “Tag‘in shoirning “O‘zbekistonda Alisher Navoiyni mendan ko‘proq o‘qiydigan bo‘lmasa kerak”, degan so‘zlarini da’vo o‘rnida emas, balki Navoiy hazratlariga ixlosi baland insonning ko‘ngil istagi deb tushunishni juda-juda istardik”.

Men shogird sifatida aynan shu holatlarga guvoh bo‘lganman. Uyiga borsak, “Xazo­yin ul-maoniy”ni o‘rtaga qo‘yib, o‘qi, derdi. Navbatma-navbat g‘azal mutolaa qilardik. “Xamsa”ga o‘tganlarimiz ham yodimda. Bizlarga borganida (qo‘rg‘onsifat, bog‘-rog‘li, qishgi va yozgi hovlilar o‘rtasidan solma (ariq) oqib o‘tgan uy. Ustoz qadimiy manzaralarni xush ko‘rardi) “Xazoyin ul-maoniy”ni o‘qiymiz, der edi. Chor kitobning uchinchi jildini dadam menga sovg‘a qilgan. Ana o‘sha mutolaalar ta’sirida “Navoiyga tatabbu’”ni va “Qomat” sarlavhali (Navoiy hazratlaridan iqtibos olingan) she’rlarini yozganman. Men esa 1989–1990 yillargacha hazrat Navoiyni umuman o‘qimaganman hisob. Ustozning beqiyos maqomdagi ta’siri bois hazrat merosiga oshno tutinganman, hattoki uning ijodi haqida maqolalar yoza boshladim. “Navoiyning navosi” sarlavhali maqolam “Xalq so‘zi” gazetasida, “Ziddiyatlar chorrahasida” sarlavhali maqolam “Ma’rifat” gazetasida chiqib, yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘lgan. Ustoz Matnazar Abdulhakim meni, ya’ni shogirdini hazrat Navoiyning sarhadsiz dunyosiga olib kirgan.

Endi Ogahiy masalasiga o‘tsak. Ustoz Ogahiy hazratlari qalamiga mansub ta’rix, g‘azal va muxammaslarni fors tilidan tarjima qilgan. O‘sha tarjimalar “Mangulik jamoli” kitobiga kiritilgan. Ogahiy hazratlari g‘azaliga muxammasida so‘zni naqadar yuksak maqomga ko‘targaniga e’tibor qarating-a:

Ezgu so‘z parvozda, har harfinda bir qush bordur,
So‘z sabab tushlarda o‘ng, o‘nglarda ham tush bordur,
Tingla, ey, Abdulhakim, ustozni, to hush bordur,
Olam ichra barcha ishdan qottig‘u dushvordur,
Ogahiy, ma’qul qilmoq behayo, nodonga so‘z.

So‘zga ehtirom ko‘rsatgan holda ustozimiz asta-asta eng qadimgi davrlarga ruhan yaqinlashgan. Hazratlarimiz: Mirzo Bedil, Pahlavon Mahmud, Shayx Naj­middin Kubro she’rlarini forsiydan o‘girgan. Ha, Matnazar og‘aning Ogahiy hazratlariga bag‘ishlangan “Bulbul tushlari” nomli tadqiqotini o‘qisangiz, so‘z sehridan, so‘zning jozibasidan ogoh bo‘lasiz.

“Ko‘chki” (“Yatim ad-dahr” ohanglarida) turkum she’rlarida (ba’zida  “doston” ham deyiladi) bundan ming yil avvalgi she’riyatga ruhan yaqinlashgani oydinlashadi. Ma’lumki, “Yatim ad-dahr” tazkirasi arab tilida bitilgan va o‘zbekchaga o‘girilgan. Men mazkur tazkirani o‘qish barobarida modern usullariga duch kelib hayratlanganman. “Ko‘chki”ning ma’nosi obrazlarning ko‘chib o‘tishi, demak. Binobarin, ustoz Matnazar Abdulhakim tazkira yaratuvchisi Abu Mansur as-Saolibiy bilan hammuallif. Shuning uchun ham har bitta parcha qo‘shtirnoq bilan berilgan:

“G‘azna ahli, ey shimolliklar,
Sizni Haq ardoqlar. Bu – Haqdir.
Qutlug‘ bo‘lsin muborak qismat,
Muborak bo‘lsin qutlug‘ taqdir.
Jo‘natamiz tillolarni biz,
Xazinada yo‘qu borlarni.
…Evaziga izg‘irin yo‘llab,
Jo‘natasiz sovuq qorlarni”.

Menimcha, arab tilidan qilingan tarjima unchalik ravon chiqqan emas. Ustoz qalami bois ohanglar sirli tusga kirgan. Endi o‘zingiz ta’rif bering: ustoz Matnazar Abdulhakim kim?

– Menimcha, ummon! Ming yillik Sharq she’riyatini o‘zida jamlagan, gohida sokin oqadigan, gohida mavj uradigan ummon. Afsuski, men o‘sha davrlarda Xorazmdan olisda, Toshkentda yashab, ijod qilganim bois Matnazar og‘a bilan kam ko‘rishganman. Hatto, bir paytlar ustoz bilan “Milliy tiklanish” gazetasiga suhbat tayyorlamoqchi bo‘lganman. Achinarlisi, o‘sha suhbat matni chala qolib ketgan. Bu endi men uchun armonga aylandi. Siz baxtli shogirdsiz: ko‘p yillar ulug‘ shoirimiz  bilan hamsuhbat bo‘lgansiz. Ilk tanishuvingiz qanday kechganini eslay olasizmi?

– Eng avvalo, shuni ta’kidlashni istardimki, bugungi kunda mamlakat miqyosida tanilgan ijodkorlar – Qadamboy Solayev, Jumanazar Yusupov, Ro‘zimboy Hasan, Shuhrat Matkarim, Yusuf Latif, Yo‘ldosh Eshmurod, Gavhar Ibodullayeva, Boltaboy Bekmatov, Go‘zal Begim, Mahmud Rajab, Muhabbat Safoyeva, Davron Rajablar bilan suhbatlashsangiz, ularning ustozga nisbatan ehtirom mazmunidagi yodnomalariga quloq tutgan bo‘lasiz. Gapning qisqasi, Matnazar Abdulhakim ustozimiz, murabbiyimiz turli yosh va turli dunyoqarashdagi ijodkorlarni ruhan birlashtira oldi. O‘sha voqeliklar Qadamboy Solayev qalamiga mansub “To‘rtinchi muallim saboqlari”, Shuhrat Matkarim qalamiga mansub “Ustoz haqida so‘z” risolalarida qisman aks ettirilgan.

Endi ilk tanishuv masalasiga kelsak. Universitetni bitkazganimdan so‘ng Til-adabiyot ilmiy tekshirish institutiga ishga kirishga harakat qildim. O‘xshamagach, shumshayibgina, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib yurtimga, qadrdon qishlog‘imga qaytdim. O‘ylab ko‘rsam, ishimning o‘xshamasligi orqasida aslida katta bir hikmat yotgan ekan. Buning uchun Ollohga shukronam behisob. Aks holda, mening ijodim boshqacha o‘zanda davom  etarmidi?

Xullas, tuman gazetasiga ishga kirdim. 1984 yilning aprel oyida gazeta muharriri Quronboy Yusupov bilan bamaslahat tahririyat qoshida “Nilufar” adabiy klubini tashkil etdik. Besh-olti sahifamiz nashr qilingach, muharrir o‘rinbosari Nurmat Rajabov menga, shularni Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbarlariga ko‘rsating, ehtimol tanilishlaringizga yordam berishar, dedi. Maslahatga ko‘ra, uyushma bo‘limiga bordim. Kabinet eshigini ochishim bilanoq Matnazar akaga va uning hamkasbi Jumanazar Yusupovga ko‘zim tushdi (ikkovini ham 1980 yilda “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyatida jurnalistika amaliyotini o‘tab yurganimda ko‘rgandim). Matnazar aka, “Keling, uka!” deb qo‘ydi.

Men hayajonlanib, shovotlik ekanimni, tuman gazetasida ishlashimni, klub tashkil qilganimizni aytdim. Kirishimdan avval ular kulishib, nimalar haqdadir suhbatlashib o‘tirgan edilar. Titroq qo‘llarim ila tutqazgan gazetalarni Matnazar aka tezgina varaqlab chiqdi. “Bu klub yaxshi ekan. Biz umuman bexabarmiz. Shovotdan Madiyor Xudoyberganovdan (Sobiq davlat arbobi, ko‘p yillar Xorazm viloyatining birinchi rahbari lavozimida ishlagan. – S. S.) boshqa taniqli odam chiqmasa kerak, deb o‘ylab yurardim”, dedi kulimsirab. Ilk taassurot shunday bo‘ldiki, Matnazar Abdulhakim – o‘ta mag‘rur, uncha-munchani pisand etmaydigan shoir.

Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Bir kuni tahririyatga kelsam, qo‘limga konvert tutqazishdi. Qarasam, konvert tepasiga yirik-yirik harflar bilan Matnazar Abdulhakimov deb yozilgan ekan. Xat juda qisqa edi. Jumlalari aniq yodimda: “Siz katta shoirsiz, uka! Qo‘lyozmangizni tayyorlang! Muhokamadan o‘tkazamiz”. Bu satrlarni o‘qib, osmoni falakka uchib ketganday bo‘ldim. Gap shundaki, klub sahifalaridan birida o‘z she’rlarimni ham e’lon qildirgandim. Yodimga tushgani – “Uchishni xayol qilgan Qurbaqa” sarlavhali she’r. O‘sha she’r va boshqa turkumlarimni ustozning o‘zi rus tiliga o‘girib, “Xorezmskaya pravda” gazetasida (1985) e’lon qildirgan.

Xullas, 1985 yilning dekabrida ustoz Matnazar Abdulhakim tavsiyasiga binoan poytaxtga jo‘nadim. “Yoshlik” jurnaliga ishga joylashdim. Oradan o‘n yil o‘tgach, mamlakat miqyosida professional shoir sifatida tanildim. “Tovushsiz qadam” she’rlar to‘plamim chiqishi bilanoq ustozga hadya etganman. U esa tuman gazetasining 1987 yilgi 22 aprel sonida “Hayrat” sarlavhali taqriz e’lon qildiribdi. Men o‘sha gazetani asrab qo‘yibman. Goho sarg‘aygan gazetaga qarab o‘tirib, o‘z-o‘zimni ruhlantiraman.

Bilasizmi, beshta kitobimning (“Tovushsiz qadam” (1987), “Terakka yaqin yulduz” (1989), “Zvezda nad topolyami” (1990), “Ikki nur” (1994), “Davsaman” (1995) dunyoga kelishiga bevosita ustoz sababchi bo‘lgan. Uning tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindim. Va xuddi o‘sha yili Xorazmga qaytganman. “Xorazm” nashriyotida ishlagan vaqtlarimni (1991–1995) hayotim yilnomasining oltin sahifalari deya olaman.

Tabiatimda tushkunlikka tez berilish odati bor. Agarda miyam tinch bo‘lmasa, hech narsa yozgim kelmaydi. Shunday paytlarda ustoz bizni ruhlantirar edi. Har qanday ijodkor ko‘nglida o‘z ijodiga nisbatan shubha-gumon uch ko‘rsatishi tabiiy. Matnazar Abdulhakim ana shunday qora chechaklarni yulib tashlashda mohir edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ustoz shaxsiyati, ijodi to‘g‘risida ikkita maqolam chiqqan. Shulardan birida qay tariqa tanishganimizni, xat mazmunini batafsil tasvirlagan edim. Ustoz bu to‘g‘rida menga hech narsa demadi. Keyinchalik qaysidir shogirdidan eshitdim. Maqolamni o‘qib, “Bahrom o‘zini reklama qilibdi-da” deb kulib qo‘ygan ekan. Nima bo‘lishidan qat’i nazar men o‘zimni ruhlantirgan inson xususida gapirishim kerak edi. Chunki bu xususda jim yurishim takabburlikka kirardi.

– Mana, Siz ham Xorazmga qaytdingiz. Buning asosiy sababi nimada? Yoki o‘z elatingizda vaqtincha yashayapsizmi?

– Ustozga “Matnazar aka, nega Siz Toshkentga borib yashamaysiz?” deb savol berganimda, javob qaytarganki, “Kim qayerda yaxshi yozsa, o‘sha yerda yashagani ma’qul”. Shu gapga qiyosan aytganda, negadir men Xorazmda yaxshiroq yozishimga ishonyapman. Rejalarim judayam ko‘p. Bir rejam – Xorazm adabiy harakatchiligini yanada jonlantirish.

Men bu davraga begona emasman. Adabiy doiradagilarning barchasi  Matnazar Abdulhakimning, ustozimning shogirdlari. Ustozni esa har suhbatimizda eslaymiz, desam mubolag‘a sanalmas. Zotan, o‘zi yozganidek:

Bizlar o‘lmagaymiz – sizlarning yo‘qlov
Jon baxsh etar marhum jonlarga.
Qaytgaymiz, bizlarni yo‘qlagan zahot
Tirilib, muborak xonadonlarga.

Ustoz ta’ziyasiga borganimizda o‘g‘li Muzaffar o‘sha to‘rtlikni otasining yon daftaridan topganini aytdi. Bu to‘rtlik ustoz qabridagi toshga o‘yib bitilgan. Qadamboy Solayev yozadiki: “Bu Matnazar Abdulhakimning so‘nggi satrlari. Agar shu arjumand so‘zlarni dunyodan o‘tgan odamning vasiyati deb qabul qilsak, biz tiriklarga yaqinlarimizning ruhlari oldidagi majburiyatlarimiz yanada oydinlashadi. Ustoz Abdulla Oripov “Ayni kamolga yetib turgan bir paytda Matnazar oramizdan ketdi. Diydor-ku, qiyomatga qolgandir, biroq uning ijodi haqida yozish sizu biz tiriklarning bo‘ynimizda turibdi…” degandilar”.

Oltmish yillik yubileyida qatnasha olmaganman. Telefon qilib, uzrimni aytsam, har doimgidek sokin ovozda: “Hech zarari yo‘q. Yetmish yillik yubileyimda qatnasharsan” degandi. Qaytishim yubiley masalasiga bag‘ishlangan majlislar mavsumiga to‘g‘ri keldi. Hammasi yaxshi, risoladagidek, biroq, ustozning o‘zi yo‘q… Majlislarning birida men ustoz xotirasiga bag‘ishlanadigan “Oq tut” xalqaro antologiyasi loyihasi haqida so‘zladim. Fikr-mulohazalarim ma’qullandi. Qizg‘in ishlayapmiz.

“Quvonchbek-Mashhura” mas’uliyati cheklangan jamiyati nashriyotining bosh muharririman. Menga ijod qilishim uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Olloh omonatini omon qo‘ysa (Buvim Rahima momoning iborasi) bor ijodiy qobiliyatimni yurtimga baxshida etmoqchiman.

– Ustozning armonlari bormidi?

– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasiga binoan 1989 yilning may oyida ustoz ikkimiz Ashxabodga ijodiy safar qilganmiz. Ashxabodda qadrdonimiz, turk­manning ulug‘ shoiri Omondurdi Annadurdiyev (Ruboiylarini ustoz tarjima qilgan. “Javzo tashrifi”dan o‘sha ruboiylar o‘rin olgan.) bilan ko‘rishdik. “Yashlik” jurnali bosh muharriri (ism-sharifi yodimdan ko‘tarilibdi) xonadonida, dasturxon atrofida ko‘pgina turkman shoirlari, nasrnavislari bilan tanishganmiz. O‘sha suhbatlarda o‘zbek-turkman adabiy aloqalarini rivojlantirish xususida ahdlashganmiz. Oradan sal vaqt o‘tmasdan voqealar rivoji boshqacha tus oldi, sobiq ittifoq parchalanib ketdi.

Ustoz esa nafaqat turkman, balki butun turkiy xalqlar adabiyotlari bilan qardoshlik rishtalarini mustahkamlamoqchi edi. Afsuski, bu orzular armonlarga evrildi. Bugungi vaziyat esa butunlay boshqacha. Bugun bizda o‘sha paytda lafz qilib, biroq bajara olmaganimiz o‘zbek-turkman qardoshlik aloqalarini tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning uchun ana shu g‘oyalarning tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga har qancha rahmat aytsak kam. Biz shogirdlar, o‘sha vazifani ado etishimiz kerak. Bu qarz va farzdir.

Ha, darvoqe, ustoz Matnazar Abdulhakim va kamina ikkimizning she’riy turkumlarimiz “Yashlik”, “Yunost” jurnallarida, 1990 yilda turkman va rus tillarida e’lon qilingan. Bu sa’y-harakatlar ulkan umidlarning debochasi edi. Galdagi vazifa ustoz boshlab bergan an’analarni davom ettirish…

Xulosa shuki, ustozimiz fanoda chiroyli yashadi. So‘z dunyosi osmonida o‘ziga xos yulduz bo‘lib chaqnadi. Parvozning umri esa boqiydir. Xuddi o‘zi bashorat qilganidek:

Tog‘dek toqatlardan mo‘miyodek sirqib,
Do‘stlarga atalgan dil rozlarimiz.
Qanotimiz po‘lat. Hech bo‘lmas qirqib,
Jaranglab turadi parvozlarimiz.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son