Asad Dilmurod: Tarixiy me’yor va estetik mas’uliyat (2018)

Yozuvchi Asad Dilmurod bilan suhbat

– Tarixiy mavzu mas’uliyatli bo‘lganidan tashqari g‘oyat sirli hamda u bilan do‘stlashish mushkul ekani yaxshi ayondir. Siz esa ana shu og‘ir ijodiy vazifa ijrosini ma’lum darajada eplagansiz. Xo‘sh, bunga qachon va qanday sharoitda erishgansiz?

– Tabiat qonunlari tarixga muhabbat avloddan-avlodga qon orqali o‘tishini e’tirof etadi va mana shu birlamchi hayotiy omilni hech mahal unutmaslik lozim. Mazkur omil kaminaga ham tegishli ekanini har qadamda chuqur his etib turaman.

Alohida ta’kidlaymanki, ko‘plab yoshlar kabi, otam da’vati bilan Go‘ro‘g‘liyu Alpomish, Avazxonu Rustami Doston, Ravshanu Malikai Turondot haqidagi doston va ertaklarni o‘qib ulg‘ayganman. Maktab va qishloq kutubxonasidagi turli kitoblarni tinimsiz qiziqib mutolaa qilar va ularda tasvirlangan g‘aroyib voqealar hamda badiiy obrazlar haqida xayol surib charchamas edim.

Adashmasam, yetti yoshimdan biror bayram bahona enam Norbibi Zor qizi bilan yetak­lashib Samarqandga qatnardik. Bozor yoki do‘konga kirishdan ilgari Shohizinda obidasini ziyorat qilgani oshiqardik. Har gal unga yaqinlashsam Bog‘i Eramdagi muhtasham koshona qarshisida qo‘l qovushtirib turgandek, og‘zim ochilib orziqar edim.

Oradan bir necha yil o‘tib, oliy ta’lim dargohida sirtdan tahsil olish barobarida, zamin sayqali Samarqand bilan “Zarafshon” gazetasi xodimi sifatida uchrashdim. Ajoyib tarjimai holi bo‘lgan mazkur nashr ko‘plab taniqli so‘z san’atkorlari qalamiga quvvat va ilhom berganini bilganimda terimga sig‘may quvonganman. Kamina uchun ham alohida ijodiy maktab vazifasini o‘tagan gazeta sahifalarida sho‘roviy davr bilan birga qadimiyat nafasi ham hukm surardi. Peshanamni silagan ustozlarimdan biri, bosh muharrir Ahmadjon Muxtorov tashkil etgan “Samarqandni olam biladi” rubrikasini boshqarish chekimga tushdi. Natijada Samarqand tarixi millat tarixining uzviy qismi, o‘lka dovrug‘ini yetti iqlimga yoygan zabardast yodgorliklar madaniyatimiz gultoji, ularni qurgan muhandis va me’morlar go‘zallik yaratgan iste’dod sohiblari ekanini yorituvchi bir qator esse bitdim.

Endilikda aminmanki, birlamchi, qodir tangri taolo muruvvat qilib bergan savqi tabiiy va ma’naviy ehtiyoj tuyg‘usi, ikkilamchi, kitob va xalq og‘zaki ijodi, uchlamchi, qadimiy va hamisha navqiron Samarqanddek muazzam shahar osori-atiqalari va ular kechmishiga doir qimmatli fakt­lar moziy bilan oshno tutinishim uchun zamin bo‘lgan, dilimdagi ishtiyoq uchqunini alanga oldirgan…

– Esse ocherk janri kabi shaksiz ko‘proq real voqea va hujjatlarga suyanib ish ko‘radi. Siz ijodiy izlanish bobida tuzgan niyatlaringizni ushatishda u qaysi darajada asqotdi?

– Agar zaruriy xomashyo yig‘ish, ya’ni ijtimoiy hayot, har xil toifaga mansub odamlar, turli ziddiyatlarni kuzatish, muhim ilmiy manbalarni puxta o‘rganish, oqu qora mohiyatini anglash orqali dunyoqarashni boyitish so‘z san’ati shartlaridan ekanini nazarda tutsak, esse qadru qimmati yanada bo‘rtib ko‘rinadi.

Chindan ham esse ilk qadamlarini tashlayotgan yozuvchini zarur damlarda ruhlantirish va tegishli dalillar bilan qurollantirish sirasida behad hozirjavob sanaladi. Essega xos shu muhim jihatni o‘zim tajribada bir necha marta sinadim. Masalan, ilk tarixiy hikoyam bo‘lgan va keyincha qissaga aylangan “Sherdor” mazkur janrda izlanish uchun o‘n yettinchi asr obidasi haqida to‘plangan materiallar qamrovida tug‘ildi. O‘sha hikoya izdoshlari “Afrosiyob sukunati”, “Koshin” kabi hikoyalar tuproq ostida qolib ketgan ko‘hna shahar qismati, obidalarga ikkinchi umr bag‘ishlaydigan naqqosh va ta’mirchi ustalar mahorati va zahmati haqida yozilgan o‘sha toifa asarlar sharofati tufayli dunyoga keldi, qolaversa, “Mulk”, “Girih”, “Mezon burji” qissalari, “Mahmud Torobiy” va “Pahlavon Muhammad” romanlari to‘g‘risida ham shunday fikr aytish mumkin.

Chindan ham moddiy va ruhoniy olam, tabiat va jamiyat, ezgulik va jaholatga faol falsafiy munosabatda bo‘luvchi esse vositasida olisda o‘zicha yashayotgan moziyga faolroq yuz burdim, ayni payt­da u pinhon tutgan siru sinoat mohiyatini kashf etish zaruratini chuqurroq angladim. Natijada tarix ilmi va amalida mujassam ohanrabo asiriga aylandimki, ayni shu holat qog‘ozga muk tushgan, so‘z saralay boshlagan va mushohada berilgan damlarimda qadimiyat bugungi va ertangi kunga qat’iy ishonch uyg‘otuvchi muqaddas jab­ha ekani ifodalovchi ham buyuk va ham oddiy kishilar dunyosida nafas olishga undab turadi.

– Faqat yangicha-zamonaviy yo‘nalish emas, tarixiy asarlaringizda ham matn tasavvufdan to‘yingan, zero mazkur ta’limot unsurlariga suyangan holda, real va noreal hayotni yonma-yon tas­virlaysiz. Bundan ko‘zda tutilgan muddao nima?

– Tasavvuf ruh-qalb va hol ilmidir, zotan u ajoyib falsafiy-estetik xislatlariga ko‘ra ijod psixologiyasiga juda yaqin: azalu abad mohiyatini hissiy tafakkur, betakror nafis bo‘yoqlar va xayoliy-tamsiliy obrazlar vositasida idrok etish va tasvirlash uchun ko‘maklashadi.

Mumtoz adabiyotimiz shakli, mazmuni va badiiyatiga alohida betakror joziba bag‘ishlagan tasavvuf meni ham ana shu muhim jihatlariga ko‘ra qiziqtiradi va xususiy uslubni shakllantirish choralarini qidirishga undaydi.

Tasavvuf hikmatlari bo‘yicha real va noreal hayotni yonma-yon tasvirlashdan nazarda tutilgan muhim vazifa o‘rtaga qo‘yilgan asosiy maqsad, ya’ni estetik kontseptsiya va idealni ichkaridan yoritish, ruhiy tebranish va to‘qnashuvlar shiddatini tarang torttirish, mantiqiy xulosalarni bo‘rttirish, nihoyat, o‘z fe’lu atvoriga ega obrazlar galereyasini yaratishdan iboratdir.

– Sizningcha, tarixiy romanlar markazida turuvchi Mahmud Torobiy va Pahlavon Muhammad so‘z san’ati talab­lariga mos yetuk badiiy obrazlar darajasiga ko‘tarilganmi?

– Ona xalqimiz tarixida tahsinga sazovor insoniy sifatlari bilan chuqur iz qoldirgan va benazir hurlik maqomiga erishgan Mahmud Torobiy ham, Pahlavon Muhammad ham (arvohlari iloyo shod bo‘lsin!) siyratan va suvratan bir-birlariga yaqindir. Izlanish jarayonida ular qanotlarida murid sifatida yashaganim – dildan quvonib yayraganim, g‘amu anduh yutib ezilganim, nimanidir umid qilganim va noumidlik qoshida esankirab to‘kilganim shubhasiz.

Darhaqiqat, har ikki ulug‘ zot zamoniga qaytish, ruhiy olamlari rang­larini topish, hayotiy maslaklari tubiga yetish, oqu qora va achchig‘u chuchuk mohiyatiga munosabatlari va salohiyatlari miqyosini belgilash mutlaqo oson kechgan emas. Nima bo‘lganda ham, ular kamina shaxsini belgilovchi tafakkur va tasavvur, intellektual dunyoqarash va malaka, badiiy mahorat va ma’naviy ehtiyoj doirasida tasvirlangan, demak, badiiy darajalari xususida shoshilmay mulohaza yuritishim lozim, sirasi, bu borada tegishli xulosa chiqarishni adabiy tanqid va o‘quvchilar ixtiyorida qoldirishim maqsadga muvofiqdir.

– Milliy adabiyotimizni o‘ziga xos yo‘sinda boyitgan va turli ilmiy-nazariy munozaralar qo‘zg‘agan “Mahmud Torobiy” romani qaysi manbalarga suyanib yozilgan?

– Dastlab Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloniga 750 yil to‘lishi munosabati bilan moziyshunos Luqmon Boymatov “Yoshlik” jurnalida bostirgan turkum maqolalar ko‘nglimga cho‘g‘ tashlagandi va tangri nazar solgan bu benazir siymoni g‘oyibona yoqtirib qoluvdim.

Rostdan ham badiiy niyat o‘sha bahona tug‘ilgan, oromimni o‘g‘irlagan va estetik zaruratga evrilgan edi. Badiiy niyatni amalga oshirishda birlamchi nav­batda rang-barang dunyo xususida hikoya qiluvchi mashhur “Marko Polo Kitobi”, Ato Malik Juvayniy, Mirzo Ulug‘bek va noma’lum mo‘g‘ul muallifi qalamiga mansub “Jahongir tarixi”, “To‘rt ulus tarixi” va “Tuja shajarasi” asarlarlarida mavjud qimmatli tarixiy ma’lumotlar jonimga ora kirdi.

Milliy adabiyotimizni behad yuqori pog‘onalarga olib chiqqan “O‘tkan kunlar”, Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Alisher Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo”, “Yulduzli tunlar” kabi durdonalarga tegishli badiiy-es­tetik xususiyatlar ham men uchun ruhlantiruvchi va mushkulni oson aylaguvchi qimmatli mo‘jizaviy omil bo‘lgani shubhasiz.

So‘z sehrgari sifatida nom qozongan benazir adibimiz Oybek domla merosi ayniqsa qalamimni qo‘lladi. Davr tazyiqlarini dadil yengib o‘tgan ustoz “Alisher Navoiy”dan keyin yaratgan “Mahmud Torobiy” dramatik dostoni, “G‘alvirchi” va “Xalq qalqoni” pesalarida yuksak mahorat bilan ifodalagan chuqur mazmunli hayotiy motivlar Mahmud Torobiy qalbi va ruhiyati, dunyoqarashi va orzu-umidlari, qolaversa, mangu ozodlik timsoli sanalmish g‘azavot mohiyatini anglashim va tasvirlashim jarayonida unumli xizmat qilganini qayta-qayta ta’kidlashni istardim.

– Mahmud Torobiy kabi jisman va ruhan bahodir, muazzam Hirot jo‘mardlik maktabi rahnamosi, didi o‘ta nozik talabchan shoir, sadoqatli do‘st va salohiyatli bastakor, zukko hakim va mudarris sifatida o‘quvchini maftun etadigan Pahlavon Muhammad haqida roman yozish fikri ham biron turtki tufayli tug‘ilgan bo‘lsa kerak.

– “Sog‘lom avlod uchun” jurnalida ishlardim. Filologiya fanlari doktori Hasan Qudratillayev unda Pahlavon Muhammad haqida maqola bostirdi. Afsuski, maqolada u bilan o‘sha davrda butun Xurosonda mislsiz iqtidori tufayli beqiyos shuhrat qozongan Muhammad Moloniy shaxslari chalkashtirib yuborilgan edi. Hindiston rojasidan Sulton Husayn Boyqaroga sovg‘a tarzida yuborilgan manglus zotli bahaybat filni tomosha maydonida Pahlavoni olam emas, kuch-qudratda undan qolishmas Muhammad Moloniy mag‘lub qilgan. Dastlab bu xatoni tuzatish istagida maqola bitishni mo‘ljalladim, lekin qandaydir kuch bu niyatdan qaytardi va nihoyat roman bitishga ahdlandim.

Oromim buzilgandan keyin sira ikkilanmay tegishli tarixiy-badiiy asarlarni sinchiklab o‘qish, ilmiy-nazariy manbalarni titkilash va qiyoslashga kirishdim, xususan, Alisher Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” risolasi yo‘ldoshimga aylandi. Kuzatuvlar natijasida ko‘p o‘tmay Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro va Pahlavon Muhammad o‘rtasida hayotda juda kam uchraydigan samimiy do‘stlik muqarrar bo‘lganini hamda ular bir-birlarini ko‘ngil mahrami sifatida hurmat qilishganini aniqladim. So‘ng roman ustida ishlab, hayotiy maslaklari, fe’lu atvorlari va kechinmalarini estetik sintezlash orqali chinakam e’tiqod va imonga asoslangan do‘stlik mangu tiriklik poydevori, ma’naviyat va ma’rifat olamini boyituvchi bebaho javohir degan badiiy kontseptsiyani ilgari surishga intildim.

– Tarixiy va badiiy haqiqatning o‘zaro uzviyligi qaysi holatlarda yaqqolroq kuzatiladi hamda ularni estetik talqin qilishda muhim mezon nima deb o‘ylaysiz?

– So‘z san’atkori, xususan, tarixiy mavzuda qalam tebratadigan ijodkor izlanishlari munosib samara berishi uchun ruhiy tayyorgarlik muddatini o‘tash barobarida yetti o‘lchab bir kesishi, birlamchi, odam orqali voqealar mohiyatini emas, voqealar orqali odam qalbini ochishi, ikkilamchi, davrlar bo‘hroni ortda qoldirgan xujjat, xulosa, qayd va kuzatuvlar o‘ramiga tushib ish tutmasligi lozim. O‘sha narsalar xususiyatini bor ko‘lami va qadru qimmati bilan estetik ideali sari og‘dirishi, rus adabiyotshunos olimi V.G.Be­linskiy ta’biri bo‘yicha aytsak, butkul avra-astarini ag‘darib tashlashi zarur va ana shundagina tarixiy haqiqat negizidan badiiy haqiqat o‘sib chiqadi.

Mazkur ijodiy mashaqqat zamonu makonga xos turfa ma’naviy, ahloqiy qarashlar va falsafiy yo‘nalishlarni estetik talqin markaziga ko‘chirishdek o‘ta murakkab estetik jarayon bilan chatishib ketadi. Harakat qutblarida joylashgan turli qiyofali va turli maslakli obrazlar o‘rtasida kechadigan murosasiz to‘qnashuv va ziddiyatlar ifodasi ham badiiy haqiqat tantana qilishini ta’minlaydi.

Umuman, agar tarixiy haqiqat asar vujudi yoki borlig‘i bo‘lsa, badiiy haqiqat joniyu qoni, o‘rtaga qo‘yilgan estetik kontseptsiya va idealga alohida zalvar bag‘ishlovchi romantik omildir.

– “Pahlavon Muhammad” romanidagi Alisher Navoiy obrazi ilgari milliy nasrda yaratilgan Alisher Navoiy obrazlaridan qaysi jihatlariga ko‘ra farq qiladi?

– Muqaddam milliy adabiyotimizdan o‘rin egallagan Alisher Navoiy tug‘ma iste’dod sohibi, qalbi yoniq shoir, quvvai hofizasi keng mutafakkir va xalqparvar inson sifatida ko‘rinadi. Mo‘tabar Hazrat qiyofasini chizish uchun ana shu sifatlardan men ham foydalandim va ular maqsadimni amalga oshirishda yetakchi dalil bo‘ldi.

Ayni paytda men roman markaziga o‘zim g‘oyibona tasavvur qilgan va dildan suyib ardoqlagan, ham oddiy va ham buyuk Alisher Navoiy shaxsini qo‘yishni tiladim. Kamina shuuridagi ulug‘ bobomiz romanda, birlamchi, adolat, imonu e’tiqod, saroy va fuqaro, turmush madaniyati va badiiy ijod deb muttasil kuyunadigan, ikkilamchi, Pahlavon Muhammad va Sulton Husayn Boyqaro bilan o‘rtalarida juda erta tug‘ilgan do‘stlikni daxlsiz saqlashga intiladigan, uchlamchi, Hirot jo‘mardlik maktabi vakillari kabi or talashadigan, to‘rtlamchi, tasavvuf ta’limoti ruknlarini g‘azaliyoti vositasida targ‘ib etadigan saxovatpesha donishmand tarzida gavdalanadi va qayd etilgan mana shu sifatlariga ko‘ra ma’lum darajada ajralib ko‘zga tashlanadi.

– To‘qima obrazlar ahamiyati haqida so‘zlasangiz, chunonchi, qalamingizga mansub tarixiy asarlarda syujet izchilligi, arxitektonika butunligi, maqsad aniqligini ta’minlash va tarixiy shaxslar badiiy takomilida ular o‘rni qanday?

– Yangi tarixiy asar yozishga kirishganim hamono yetakchi obrazlarga yondosh personajlar xususida uzluksiz qayg‘urishga to‘g‘ri kelganini alohida qayd etaman. Men uchun yondosh personajlar xarakterlari, dunyoqarashlari va xatti-harakatlariga ko‘ra tarixiy hikoya, qissa va roman strukturasiga jonlilik va romantik ruh bag‘ishlaydigan o‘ziga xos tamsillar sifatida qadrli hisoblanadi. Mohiyatan ular arxitektonikaga estetik sayqal bergani barobarida tarixiy shaxslar ruhiyati va fe’lu atvorlarini ifodalashda adabiy ko‘zgu vazifasini bajarishi lozim.

Zalvarli estetik ahamiyat tashuvchi bu tamoyillar iroda va malakamni muntazam sinovdan o‘tkazgani va turli adabiy jumboqqa duchor qilganini yashirganim foydasiz. Hamma ishkal shundaki, yondosh personajlar topilishi haytovur oson kechgan, biroq ular bilan bosh obrazlarni qovushtirish, o‘rtaga estetik muvozanat va muomala qonunlarini joriy qilish masalasida behad qiynalganman. Mazkur masala yechimi topilmasa shakl va mazmunda sun’iylik ustunlik qilishini bilganim uchun ayniqsa ko‘proq tashvishlanib, bu holat oldini olish niyatida ancha uringanman va chekilgan zahmatlar qanday meva bergani muxlislarga yaxshiroq ravshandir.

Kamina tartib bergan to‘qima obrazlar tizimida fe’lu atvori va dunyoqarashi xilma-xil kimsalar uchraydi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, musbat va manfiy qutblarda jiddiy yo‘sinda faoliyat yuritadigan bu bandalar xususiy maslaklari fonida bo‘y ko‘rsatishadi. Harqalay, ular xarakterida jam diqqatga loyiq odatlaru qiliqlarsiz tarixiy asarlarim estetik kontseptsiyasi, arxitektonikasi va asosiy obrazlari tadrijiy kamolini tasavvur qilish amri maholdir.

Ana shu jihatdan qaraganda, arosat dunyosida ovorai abgor Olovxon Yusuf va boda sururini orifona ma’noda ilohiy ishq nashidasiga mengzaydigan Oshiq Chog‘ariy e’tiborliroq, negaki, biri Mahmud Torobiy, Mahmud yalavoch va Chig‘atoy, ikkinchisi esa Pahlavon Muhammad, Darvesh Muhammad, Mirqosim Turkigo‘y, Mavlono Sohibdoro va boshqa obrazlar psixologiyasi kengroq ochilishiga xatti-harakatlari orqali jiddiy yo‘sinda ta’sir o‘tkazadilar.

– Ijodiy rejalaringizni bilsak bo‘ladimi?

– Bir vaqtlar “Po‘lkan haqida qo‘shiq” degan esse yozgan va o‘shanda yurt dovrug‘ini dunyoga yoygan to‘rt buyuk baxshi – Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li, Fozil shoir Yo‘ldosh o‘g‘li, umuman, jonli so‘z va badiiy tafakkur qudrati haqida yirik asar bitishni mo‘ljallagan edim. Ko‘pdan buyon ayrim arzigan yoki arzimagan sabablarga binoan amalga oshmay qolgan o‘sha rejamni ro‘yobga chiqarish istagida qayg‘uraman, attangki, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi-da.

Oxirgi paytlarda negadir izlanish qiynoqlariga yo‘g‘rilgan va ortda qolgan kunlarim – ta’riflash mushkul og‘ir mehnat ostida bosib o‘tilgan ijodiy yo‘lim borasida ko‘p o‘ylaydigan bo‘ldim. Nuqul orzu-umid va armondan iborat bildirmay kechgan onlarda to‘plangan tajribalar haqida so‘ylovchi bir turkum esse yozish fursati yetganga o‘xshaydi. Agar muruvvatli xudo yorlaqab, niyatim ushalsa, vaqtli matbuotda bosilgan adabiy suhbatlarim va maqolalarim qatorida, ularni kitob holida muxlislar e’tiboriga havola etmoqchiman.

Suhbatdosh: Dilnoza To‘rayeva

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son