Yozuvchi Asad Dilmurod bilan munaqqid Dilnoza To‘rayeva suhbati
Dilnoza To‘rayeva: – Ilk hikoyangiz “Osmon bir parcha” 1970 yilda “Yoshlik” adabiy almanaxida bosilgan. Og‘ir karvon sanalgan nasr jabhasida hanuz tinmay zaxmat chekasiz va oxir-oqibat ijodiy takomil uchun birinchi navbatda nimalar muhim ekanini anglagandirsiz?
Asad Dilmurod: – Ishonish qiyin: ijod olamiga ilk qadam qo‘yganimdan buyon qariyb yarim asr vaqt o‘tibdi va bu muddatni bemalol ikkilanishu shubhalanishlar, qat’iyatu hayiqishlar, izlanishu adashuvlar, mag‘lubiyatu yutuqlar davri deyish mumkin.
Yanglishmasam ijodiy takomil, avvalo, tafakkur va tasavvur, iste’dod va e’tiqod atalmish ilohiy to‘rtlik totuvligi, qolaversa, moddiy va ruhoniy borliqqa muhabbat, bukilmas sabru bardosh, munosib tajriba va bilim sharofati tufayli qaror topadi. Shunga binoan izlanish umr bo‘yi cheksiz uqubat og‘ushida toblanish, ya’ni so‘z sehrini puxta o‘rganish, so‘z qalbini erinmay tinglash, turfa bo‘yoqlarini ilg‘ash va ular nazokatidan ilhomlanishni taqozo etadi.
Xolis niyatda uzoqni mo‘ljallagan nosir yoki nozim muttasil jismu jonini ayovsiz qiynashi, aqlu idroki va ko‘ngli bilan basma-bas olishmog‘i, avvaliyu adog‘i yo‘q bu mislsiz savashda ixtiyorsiz tarzda yengilmog‘i, yengilish barobarida nihoyat g‘alaba qozonmog‘i va navbatdagi murosasiz jangu jadalga hozirlanmog‘i lozim.
– Ijodiy muddao sizningcha qanday ushaladi?
– Ijodiy muddao haqiqiy ilhomga suyangan va dil to‘lg‘oqlarini tuygan holda kechani kunduzga ulab ter to‘kilgan, tan va ruh o‘zaro payvand qilingan taqdirda ro‘yobga chiqadi. Shaksiz, bu holat shunchaki qog‘oz qoralash yoki qalam tebratish emas, balki turfa adabiy omillardan ish ko‘zini bilib unumli foydalanish jarayonidir va ular bilan ishonchli bitim tuzmagan ijodkor qatra yog‘du tushmas va havo yetishmas tor darada chorasiz adashgan yo‘lovchi ahvoliga tushadi.
Rostdan ham so‘z san’ati mudom iste’dod va ko‘ngil, qalam va malaka kuchlarini yagona manzilda jipslashtiradigan adabiy omillar homiyligiga muhtojdir. Nazarimda u har jihatdan afsungar, ohanraboli va serhimmat majoziy tildan ko‘proq madad kutadi. Ayricha estetik sehriga ko‘ra yaqqol ajralib turadigan majoziy til an’anaviy va noana’anaviy yo‘nalishlarni birdek qo‘llaydi va ko‘p narsa uning zamirida jam ko‘p tarmoqli unsurlarni qaysi darajada o‘zlashtirish masalasi bilan o‘lchanadi.
Nafasi o‘tkir taniqli mutaxassislar bu borada g‘oyat salmoqli nazariy fikrlarni ilgari surishganidan xabardormiz, jumladan, taniqli nemis faylasufi Erix Fromm falsafa, sotsiologiya va adabiyot nazariyasiga doir “Inson qalbi” kitobida yuksak badiiy miqyos va chuqur falsafiy tahlilga erishishda majoz tili ishonchli ko‘makdosh ekani ustida mufassal to‘xtaladi. Olim e’tiroficha, majoz tili ichki murakkab holatimizni, hayot jabhalarida nimaga asosandir qilgan va qiladigan yumushlarimiz bilan har yoqlama qiyoslagan holda, sezgi a’zolari orqali teran tuyish uchun g‘oyat salmoqli samara beradi.
Yanada muhimi, majoziy til hissiy tafakkur matnda estetik sintezni izchil kuchaytirish bobida amaliyotga kirishmog‘i uchun yo‘l ochadi, qalamga afsunli quvvat bag‘ishlab, estetik mantiqni botinan nurlantiradi, har bir jumla va iborani teran falsafiy ma’no yordamida sayqallab, harakatchan timsollar guruhini yetaklab keladi va natijada sirlilikka moyil chigal hamda unumli ilhom onlari qo‘rlanadi.
– Aytmoqchisizki, majoziy til bilan timsollar uchun xos falsafiy ko‘rkamlik o‘zaro tutashganda badiiy matn sayqal topadi hamda estetik struktura voyaga yetadi.
– Shunday desa ham bo‘ladi va bu o‘rinda majoziy tilga ergashib keladigan timsollar jozibasi o‘sha tutashuv qudratini belgilovchi sirli vosita ekanini alohida ta’kidlash kerak. Nazarimda majoziy tilni qonu qardosh fahmlab, ilhomga qanotu qalamga rag‘bat beradigan timsollar ichra eng go‘zali, manzuri va betkarori inson qalbidir. Agar badiiy ijodning yetakchi quroli jonli so‘z va ezgu fikr bo‘lsa, birlamchi tadqiqot ob’ekti qalb sanaladi.
Ijodkor majoziy til bilan qalb ishtirokida izlanishga urinsa va qalamini emin-erkin qo‘ysa hayotiy va badiiy haqiqat mezonlarini qo‘llovchi ruhiy iqlim talotumlari bilan bemalol yuzlashadi, ravon badiiy fikr yuritadi, cho‘ziq tafsilot bayoniga jadal chap berib, real va noreal voqelikni hissiy tafakkur tahlilidan o‘tkazishga kirishadi. Natijada cheksiz xayolot dunyosiga yukunib rohatlanish, ya’ni o‘z qalbi bilan badiiy obrazlari qalbi iqlimida tug‘ilgan nozik holatlarni chog‘ishtirish va o‘zaro uyg‘unlashtirish ko‘nikmasini hosil qiladi.
– Demak, bir qancha tarixiy asarlardan keyin tug‘ilgan “Xayol cho‘g‘lanishi”, “Qo‘ng‘iroq”, “Narvon”, “Oqbadan parivash”, “Masofa” kabi qator hikoyalar, “Oq ajdar sayyorasi” qissasi, “Fano dashtidagi qush”, “Rang va mehvar” hamda “Zarradagi olam” romanlari o‘sha omillar bo‘yicha kechgan izlanishlar mahsulidir. Mazkur asarlarda xayoliy voqelik real voqelik tarzida tasvirlanadi, ko‘rinmas narsalar bilan moddiy narsalar muayyan doirada yaxlit romantik manzara bo‘lib birlashadi. Ilgari milliy adabiyotimizda kam kuzatilgan bunday tasviriy usulda mujassam nazariy va amaliy sifatlarni sharhlasangiz.
– Real va noreal hayot tasvirini yagona o‘zanda tutashtirish, zero xayoliy voqelikni real voqelik yo‘sinida tasvirlashga intilish ko‘plab noan’anaviy maktablarni birlashtirgan modernistik yo‘nalish tabiatiga daxldor estetik zaruratdir. Mazkur yo‘nalish, menimcha, G‘arbda mistika deb ataladigan tasavvufni ishonchli ittifoqchi hisoblaydi. Chindan ham tasavvuf ohorli falsafiy hikmatlar, ramzlar va istioralar manbaidir. Ayni shu jihatdan moddiy va ruhoniy go‘zallik, gumanistik kontseptsiya va ideal jozibasiga tashnalik ifodasi tarzida qadrlanadi.
Tasavvuf sarchashmasidan oziqlanib izlanadigan modernchi ijodkor zuhurot jilvalaridan chekinib, ong-shuurning oniy holatlarida yaraladigan va faqat his etiladigan tutqich bermas sarkash taassurotlarni haqiqat o‘rnida tushunadi va ob’ektiv voqelik o‘rniga uning tasavvuridagi badiiy modelini yaratishga intiladi. Ayni paytda asliyatga o‘xshatish lozim degan majburiyatni xushlamay, toptalib ulgurmagan falsafiy fikr kengliklari bo‘ylab odimlaydi; hech qachon ro‘y bermagan, ro‘y berishi mumkin emasligi bilinib turgan voqealar siyratini chizadi, o‘zligidan xorijda muqarrar turmush tarzidan chuqur ta’sirlansa-da, izlanish jarayonida undan nusxa ko‘chirmaydi, borliq manzaralarini boshqa san’atkorlar kabi kuzatishga qiziqmay, barisini dil nigohi bilan ko‘rish va aynan ko‘rgan narsalarini tasvirlashni istaydi.
– Ayrim olimlar modern yo‘nalishidagi tasavvufiy falsafa, majoziy til, ramziy obraz va voqeaga asoslangan nasriy asarlar “toshi” g‘oyat og‘ir kelishidan nolishadi, xo‘sh, bunga nima deysiz?
– Hissiy tafakkur, majoziy til, asotir va timsollar vositasida kechadigan izlanish jarayonida mohiyatan qulfu kalit qilingan va eshigiyu tuynugi yo‘q gumbazni eslatadigan muayyan darajada pardali asar tug‘ilishi tayindir. Biroq o‘sha asar mohiyatini, u har qancha sertugunu serqatlam bo‘lmasin, tuyish orqali tushunish va tushunish orqali tuyish malakasiga binoan bemalol o‘zlashtirish mumkin. Aniqrog‘i, chuqur adabiy tayyorgarlik maktabini o‘tagan ko‘ngil ko‘zi tiyran olim yoki oddiy o‘quvchi murakkablik qoshida esankirab bosh qashlamaydi, aksincha, riyozat ila tinmay mutolaa va mushohada qilish orqali matnda pinhon badiiyat tovlanishlari shukuhidan zavqlanishga erishadi.
– Taniqli adabiyotshunos olim, professor Sanjar Sodiq “Ijodning o‘ttiz lahzasi” kitobidan o‘rin egallagan “Taqlidchilik oqibati” maqolasida “Fano dashtidagi qush” romanini murakkab asarlar toifasiga kiritar ekan, uni yozishga yozib qo‘yib, o‘zingiz ham tushunishingiz amrimahol ekanini oraga qistiradi. Siz kelgusida yana shunday ta’nalar otilishidan cho‘chimay, yangicha usulda izlanishni to‘xtatmadingiz va bunday jur’at uchun kuchni qaydan topdingiz?
– Ijodkor izlanayotgan paytda, oldiga dovruq, maqtov va hoy-havasni birlamchi maqsad qilib qo‘ymagani kabi, boshida sinish ehtimoli bo‘lgan tanqid kaltagini xayoliga yo‘latmaydi. Kamina ham shu qoidaga rioya qilganim shubhasiz.
Yanglishmasam, ikkilamchi, modernistik oqimning falsafiy sintez sari eltuvchi ko‘p qirrali jozibasi va shu joziba bahona dilimni qamragan hayrat oxir-oqibat estetik zaruratga aylangan, butkul oromimni o‘g‘irlagan hamda qiziqishimga qiziqish qo‘shgan va jur’at etagidan tutishga undagan bo‘lsa ajab emas.
– Professor Sanjar Sodiq “Fano dashtidagi qush”da mavjud ayricha murakkablikni, avvalo, asarda qahramonlar yashayotgan davrning ruhi deyarli sezilmasligi hamda g‘oyaviy maqsad noaniqligi bilan chegaralaydi. Yetakchi qahramon Saidbek Umar va boshqa personajlar atroflarida kechgan qayta qurish, paxta ishi, afg‘on urushi, sho‘ro parchalanishi singari ijtimoiy hodisalardan bexabar qolishganidan afsuslanadi.
– Agar Sanjar Sodiq “Fano dashtidagi qush” noan’anaviy yo‘ldagi mistik-xayoliy asar ekani, matnda tamsiliy obrazlar, majoz tili ustunlik qilishiga ahamiyat bersa, roman oldiga allaqachon qadru qiymatini yo‘qotgan sotsrealizm talabini qo‘ymas edi. Asarda haligi tarixiy hodisalarni yoritish umuman nazarda tutilmagan, qolaversa, ularni mistik-xayoliy unsurlar tizimiga asoslangan estetik talqinlar zamiriga singdirish mushkul yoxud singdirish uchun shaklan va mazmunan butunlay boshqa narsa yozish lozim.
– Munaqqid badiiy asar va ayniqsa roman hayotning aynan o‘zi yoxud nusxasi emasligi, san’atkor ongida qayta yaratilgan, o‘ziga xos modeli yoki obrazi sifatida maydonga kelishini aytadi. Ayni paytda romanga alohida badiiy-estetik joziba bag‘ishlagan topinch (totem) – bo‘ri obrazi, haddan tashqari yirtqich, shafqatsiz va qonxo‘r hayvon, shoirona tasvir yo‘sinida ideallashtirilgani xato ekanini ta’kidlaydi.
– Tabiatda, yovuz va shafqatsiz maxluq tarzida ko‘rinadigan bo‘ri madaniy hayotimiz tarmoqlari bo‘lgan badiiy adabiyot, tasviriy san’at, kino san’ati va folklorda boshqacha estetik mohiyat tashiydi, aniqrog‘i, asosan erkinu qo‘rqmas, mardu dovyurak, serhimmatu mustaqil personaj sifatida ko‘rinadi.
Mana shu jihatdan olganda Italiya poytaxti Rim shahriga ona bo‘ri halokatdan qutqarib o‘stirgan Romul va Rem ismli aka-uka bahodirlar asos solgani haqidagi rivoyat ayniqsa ibratlidir va reallik kasb etishi bois hayrat uyg‘otadi. Romul birinchi podshoh sifatida xaloskorini Rim onasi deb ataydi va poytaxtda uning sharafiga bronza haykal o‘rnatadi. Norasida bolalarni emizayotgan va hukmdor Sikst IV farmoyishi bo‘yicha 1473 yildan buyon Rimning Kapitoliya maydonidagi Platstso-dey konservatoriyasi zalida saqlanayotgan mazkur haykalda chinakam sururiy nafosat va optimistik ruh hukmrondir.
Mening nazarimda mazkur mo‘jizaviy san’at asari bo‘ri timsolini poetiklashtirish va ideallashtirish yo‘lida amalga oshirilgan ijodiy ishlarning yuksak namunalaridan biridir va shu bois u juda boy qadim tarix sohibi bo‘lgan Italiya xalqi uchun muqaddas ramziy xilqat hisoblanadi.
G‘arbdagi singari Sharqda ham bo‘ri o‘zida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan xislatlarni mujassam qilgan olijanob, himmatli hamroh, sodiq ko‘makdosh hamda homiy qabilida e’zozlanadi va eposda benihoya ulug‘lanadi. Ko‘hna yodgorlik sanalgan “O‘g‘uznoma”dagi bir afsona guvohlik berishicha, urg‘ochi Ko‘kbo‘ri taqdir hukmiga binoan og‘ir ahvolga tushgan nogiron bola hayotini asrab qoladi. Vaqti-soati yetib bola ulg‘aygach, u bilan turmush qurib, o‘n nafar durkun farzand ko‘radi: keyincha ular har biri alohida turkiy urug‘ga asos soladi.
Shubhasiz, ana shular sirasiga o‘g‘uzlar ham kiradi va bu dalil umr bo‘yi adolat tarafida turgan ulug‘ sarkarda O‘g‘uzxon Ko‘kbo‘ridan tug‘ilgani va uni emib o‘sganini ifodalaydi. Risolada O‘g‘uzxon turkiy qavmlarni birlashtirish, yovlarga qaqshatqich zarba berish va jangda g‘olib chiqishida Ko‘kbo‘ri mudom yordamlashgani, qolaversa, hamisha qudratli qo‘shin oldida yo‘l boshlagani tasvirlanadi.
Mana shu qiziqarli rivoyat “Fano dashtidagi qush” badiiy matni va estetik kontseptsiyasiga asos qilib olingan. Izlanish jarayonida xayolot parvozi tufayli ertakdan romanga ko‘chgan Ena Ko‘kbo‘ri qaysidir jihatdan Romul bilan Remni emizish orqali razolatni tiz cho‘ktirgan najotkorga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, u butun faoliyatida sho‘roviy xatar va tahlika jamlangan yovuz Sarioyog‘lar xurujidan ozodlikka tashna Ko‘kbo‘rilar qavmi qismatini himoyalashga qat’iy ahdlangan va ikki o‘rtada behad og‘ir asoratlar qoldirib ayovsiz kechadigan kurash mohiyatini yoritadigan estetik vositadir.
– “Fano dashtidagi qush” singari, “Rang va mevhar” hamda “Zarradagi olam” romanlarida ham, turli falsafiy talqin, ramziy manzara, darhol ilg‘anmas pardalangan mantiq, nozik imo-ishora, qochirimu kesatiq va istioralar bilan birga, xilma-xil rivoyatlarni uchratamiz va ular matn estetik salmog‘ini oshirish uchun qo‘llangan desak kifoyami?
– Badiiy matnda o‘ziga xos estetik sirlilik paydo qilish istagida ana shu muddaoni ham e’tiborda tutganman. Agar so‘z san’ati tamoyillari bo‘yicha masala mohiyatiga kengroq yondashsak, boshqa muhim estetik manzara ko‘zga tashlanadi: har uchala roman uchun xos arxitektonika, estetik kontseptsiyalar va ideallar, turli dunyoqarash, maslak va qiyofa sohibi bo‘lgan ramziy obrazlar, xilma-xil ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy muammolar talqini o‘sha omillar ishtiroki tufayli teranroq anglanadi va jiddiy mushohada uyg‘otuvchi bu holat dramatizm tarangligi bilan uzviy bog‘liqdir.
Rivoyat ilhom, hissiy tafakkur, istiora va uslubning faol hamkori ekanini “Fano dashtidagi qush” ustida ter to‘kishga kirishgan damlardayoq payqagan edim. Mazkur roman badiiy muhitida O‘g‘uzxon, Ena Ko‘kbo‘ri va Chaqaloq taqdiriga doir yagona mif amal qiladi va asar avvalidan oxiriga qadar qatnashadi. Keyingi ikki romanda esa boshqacha: matn bo‘ylab adolatni yoqlovchi va xiyonatni fosh etuvchi, aniqrog‘i, umrini xayru savob va ixlosga bag‘ishlagan qariya, nafs o‘rasiga qulagan, o‘zlari huda-behuda namoyon qilgan zo‘ravonlik qurboniga aylangan, xiyonat va razolatga berilgan havoyi tabiatli maxluqlar, adolatni nazarga ilmaydigan va o‘zgalar g‘amidan quvonadigan xudpisand kaslar haqidagi bir necha cho‘pchagu masal harakatda bo‘ladi va ular badiiy matn ruhiga mos ravishda estetik mantiqqa yo‘g‘rilib bo‘y ko‘rsatadi.
– “Rang va mehvar” bilan “Zarradagi olam”da, faqat rivoyatu masallar emas, ayni paytda, bir qator romantik tushlar mohiyatan o‘zaro falsafiy aloqaga kirishgani, estetik ideal va kontseptsiyalarni botinan nurlantirgani hamda chuqur hayotiy xulosalar tashuvchi ramziylik salmog‘ini oshirgani kuzatiladi.
– Aslida haliga qadar to‘la anglanmagan estetik hodisa bo‘lgan tushlar uyqudagi miyamiz faoliyati bedorlikdagi ongimizga nisbatan ong osti oqimiga aylanishi oqibati bo‘lib (Erix Fromm), xuddi ana shu xususiyatiga ko‘ra, badiiy ijodning turli maktablari, xususan, modernistik yo‘nalishni oziqlantiruvchi manbadir. Tushlar uyquda bexosdan beixtiyor qo‘zg‘aladigan sub’ektiv psixologik hodisa, ta’birlash qiyin jarayon, turfa obraz va narsalar majmuiga o‘xshaydi va hayratga molik bu majmuani badiiy tasvir mohiyatiga ko‘chirish osonlikcha kechmaydi.
Foniy va boqiy dunyo, moddiy va ruhoniy hayot birdamligi, jon-ruh mangu tirikligi, ezgulik va yovuzlik, baxtiyorlik va badbaxtlik yonma-yon yashashidan karomatlar beradigan tushlar ko‘pincha ajabtovur yo‘sinda hushga ulanib ketadi. Ayni shu g‘alati hodisa juda ko‘p marta tinchligimni buzgani va har uchala romanimda ham o‘sha sirlilikni joriy qilishga uringanimni yashirmayman.
Nazdimda tushlar “Rang va mehvar” syujetida faolroq, aniqrog‘i, real va noreal voqealar bilan qorishib qatnashadi. Roman yetakchi qahramoni Komron Vali, qalbini hasratkash do‘stim deguvchi rassom yigit tushlari, ruhiy tebranishlarga ishora berish orqali, asar qurilishi va dramatizmi o‘rtasida muayyan mantiqiy birlik yaratadi. Turlicha vaziyatda kechgan tushlardagi qabrlardan unib chiqqan, o‘zaro yondosh real va noreal hayotga ko‘chgan napormon lola, sariq atirgul, alvon binafsha nafosati, nihoyat, olma va nok daraxtlari solgan mevalar latifligi, ta’miyu tarovati aslida hayotiy notinchligu ziddiyatlar bahona urchigan xunrezlik va xiyonat, badnafslik va hasadgo‘ylik, aniqrog‘i, behuda to‘kilgan daryo-daryo qonlar va ko‘zyoshlardan to‘yinganini uqtiruvchi ramzlar bo‘lib, ular tashiyotgan falsafiy ma’nolar ko‘hna dunyo achchig‘u chuchugini hissiy tafakkur vositasida tuyishga intilish hosilasidir.
– Suhbatimiz davomida sharhlangan va muhim estetik ahamiyati yaqqol sezilib turgan turfa adabiy omillar qatoriga yana qaysi omillarni qo‘shasiz?
– Adabiy omillar miqyosi poyon bilmasligi va muntazam kengayib borishi bilan xarakterlidir. Menimcha, so‘z san’ati tarixi va nazariyasiga qat’iy ixlos bog‘lash, turli adabiy maktab vakillarini g‘oyibona muloqotga tortish, zamondosh adiblar yutuqlarini kuzatish, makon va zamon kun tartibiga olib chiqayotgan talablarga qiziqish, nihoyat, bosib o‘tilgan yo‘lga tanqidiy ko‘z orqali qarash odatlari ham ijodiy sezgirlikni oshirishda asqotishi shubhasiz.
Ayni paytda ko‘pincha nazardan chetda qoladigan tuyg‘u xislati haqida so‘zlashni istardim. Qaysidir jihatdan ruhga uyg‘un, kamina yuqorida eng go‘zal timsol deb atagan, qalbda buloqday toshadigan, hujayra va sezimlarga harorat ulashadigan tuyg‘u ijodkor maqsadiga yetishmoq yo‘lida istaganicha safarbar etishi mumkin bo‘lgan tug‘yonlar zahirasidir. Tuyg‘u ong-shuur va dilda bezovtalik qo‘zg‘ab, ijodkorni to‘lg‘oqli ilhom onlariga hozirlaydi hamda uzoq sog‘intirgan orzu-umid manziliga eltuvchi izlanish dovonlaridan olib o‘tadi.
Bemalol izohlash mumkin: har qanday janrdagi tuyg‘udan mahrum asar shirasiz meva yoki iforsiz gulga o‘xshaydi. Qachonki u harakatga kelsa, boshqa omillar mohiyatan yanada faollashib qovushadi-da, muayyan san’at yangiligi tug‘iladi. Ijod psixologiyasiga tegishli ana shu tamoyilni nazarda tutgan buyuk hind adibi Robindranat Tagor ishonchli yo‘sinda badiiy adabiyot uchun yagona tendentsiya tuyg‘u degan edi va bu fikr naqadar haq ekani allaqachon amaliyotda isbotlangan…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 5-son
Dilnoza To‘rayeva – 1983 yilda tug‘ilgan. Guliston davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Uning respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli jurnallarda 20 ga yaqin ilmiy maqolalari e’lon qilingan.