Anvar qori Tursunov: “Adabiyot ma’naviyat javharidur” (2014)

http://n.ziyouz.com/images/anvar-qori2.jpg

(Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov bilan suhbat)

Orziqul Ergash: Anvar aka, biz sizni diniy-milliy qadriyatlarimizning tolmas targ‘ibotchisi, xalqimiz ma’naviyati, madaniyatini yuksaltirish yo‘lida astoydil xizmat qilib kelayotgan ma’rifatparvar yurtdoshimiz sifatida yaxshi taniymiz. Ayni choqda, sizning adabiyotimizga, xususan, mumtoz she’riyatimizga bo‘lgan ehtiromingizni, she’riy mashqlar qilib turishingizni ham yaxshi bilamiz va qadrlaymiz. Adabiyotni, jumladan, she’riyatni inson hayotida, uning dunyoqarashini shakllanishida tutgan o‘rni borasidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

Anvar qori: Taklifingiz uchun minnatdorman, otaxon jurnalimiz “Sharq yulduzi”dek tabarruk nashrda suhbatimiz berilishi men uchun juda maroqlidir. Chunki bu jurnal menga bolaligimdan yaqin qadrdon, yaqin do‘st. Yaxshi eslayman, onam bu jurnalga har yil obuna bo‘lardilar. Adashmasam, o‘n yoshlarimdan boshlab o‘qib kelaman. Va ularni tabarruk kitoblar kabi asrab qo‘yganman. Buvilarimiz otinbibi edilar, uyimizda Navoiy, Fuzuliy, Mashrab ko‘p o‘qilardi. Shundan menga adabiyotga havas uyg‘ongan. O‘sha paytlarda “Sharq yulduzi”da Navoiy hazratlarining g‘azallariga sharhlar berilardi. Bitta qoldirmay berilib o‘qiganlarim esimda. Umuman olganda, xalqimiz adabiyot yangiliklaridan, asosan, mana shu nashr orqali tanishib borardi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bilasizki, Payg‘ambarimiz rasuli akram (s.a.v)ga vahiy qilingan Qur’oni Karimning birinchi sura, birinchi oyatida “Iqra’!” deya xitob qilinadi. “Iqra’!”, ya’ni “O‘qi!”, bu – Olloh taoloning bashariyatga buyrug‘i. Payg‘ambarimiz (s.a.v) Olloh taolo yaratgan birinchi narsa, bu qalam edi, deydilar. “Iqra’” oyati va birinchi yaratilgan qalam juda katta mazmunga ega. Insonni inson qiladigan, uni komillikka eltadigan, jamiyatni ham moddiy, ham ma’naviy taraqqiyotining asosi ilmdir, o‘qishdir. Va mana shu jihati bilan ham Inson boshqa maxluqotlardan farq qiladi. Odam biror bir mutaxassislikni egallashi uchun albatta o‘shanga taalluqli adabiyotlar bilan tanishadi. Lekin inson o‘zligini anglashi, mohiyatiga yetishi uchun bu kifoya qilmaydi. U yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishi mumkin. Ammo uning ma’naviyatli, dunyoqarashi keng, ma’nan boy inson bo‘lib voyaga yetishi uchun badiiy asarlarning alohida o‘rni bor. “Kim o‘zini anglasa, Rabbisini anglabdir”, deyiladi hadisi sharifda. O‘zini anglashning eng muhim vositalaridan biri, bu shubhasiz, badiiy asarlardir. Nazm bo‘lsin, nasr bo‘lsin bulardan uzoq odam ruhiy kamolotga yetisha olmaydi. O‘zini sohasini puxta bilishi mumkin. Ammo ma’naviyati sayoz bo‘lib qolaveradi. “Olim bo‘lish mumkin, odam bo‘lish qiyin”, degan xalqimiz iborasida nazarda tutilgan bir holat yuzaga keladi. Odam bo‘lishlik odamiylik sifatlariga ega bo‘lishlik, demakdir. Odamiylik sifatlari esa odob-axloq, halollik, vatanparvarlik, mardlik, sadoqat, iymon-e’tiqod butunligi… Bu sifatlar kishida tarbiya vositasida shakllanadi. Tarbiyaning eng samarali yo‘li bolada kitobxonlik ko‘nikmasini paydo qilishdir. Kitob, kitobxonlik deganda, asosan, badiiy asarlar nazarda tutiladi. Chunki adabiyot adab so‘zidan olingan deyishimiz, bir qarashda jo‘nroq tuyuladi. Vaholanki, bu – bor gap. To‘g‘ri ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham badiiy asar – tarbiya vositasi. Xoh didaktika, xoh yuksak badiiyat namunasi bo‘lsin – vazifasi bitta: insonning axloqini poklash, ruhiyati, ma’naviyatini yuksaltirish, his-tuyg‘ulari, dunyoqarashini shakllantirishdir. Ruh tarbiyalangan joyda muvozanat, barqarorlik bo‘ladi.

Orziqul Ergash: Keyingi yuz yillik yuksak taraqqiyot asri bo‘ldi, fan-texnika yuksaldi, mislsiz kashfiyotlar bashariyat hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ilgari ertak-afsonalardagi mo‘jizalar oddiy voqelikka aylandi. Ayniqsa, keyingi o‘n yilliklar yangiliklari hech kimni hayratlantirmay qo‘ydi. Ayni choqda, odam bolasi tabiatida, ruhiyatida quruqlik deymizmi, moddiyunchilik deymizmi, shunga o‘xshash qusurlar paydo bo‘ldi. Qadimiy an’analar, qadriyatlarga nisbatan bepisandlik paydo bo‘ldi. Ayniqsa, G‘arb dunyosida bu narsa ochiq-oshkora ko‘zga tashlanib qoldi.

Anvar qori: To‘g‘ri aytasiz, bugungi G‘arb hayratlanarli tarzda taraqqiyotga erishdi, buni tan olish kerak. Lekin, shu bilan birga, juda katta yo‘qotishlarga uchradi. Oddiy insoniy munosabatlar, ota-ona va farzandlar, kattalar va kichiklar, ayniqsa, er-xotinlar o‘rtasidagi sof insoniy munosabatlar bachkanalashdi. Chuqurroq oladigan bo‘lsak, erkin muhabbat degan zararli qarashlar insonni inson qiladigan oilaviy muhitga, nikoh, sevgi, muhabbat, sadoqat kabi ezgu tuyg‘ularga putur yetkazdi. Xudbinlik, molparastlik, ishratparastlik, oilaviy norasoliklar paydo bo‘lib, yuqumli kasallik kabi yon-atrofga tarqalib boryapti. Bularning tagzaminida barcha ezguliklar, yaxshiliklar manbai bo‘lmish kitobdan uzoqlashib qolganimiz yotibdi. Bu narsa chegara bilmaydi. Kecha dunyoning olis bir nuqtasida yuz ko‘rsatgan illat, bugun boshqa bir mintaqada paydo bo‘lishi hech gap emas. Muhtaram Prezidentimiz har bir chiqishlarida, xususan, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” kabi qator asarlarida xalqimizni, birinchi navbatda, yoshlarimizni bunday yot ta’sirlardan himoya qilishning, o‘zligimizni, qadriyatlarimizni asrashning birdan bir yo‘li, bu xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydilar. Ma’naviyatning javhari esa adabiyotdir.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) so‘zda sehr bor, deganlar. She’rda esa hikmat. Sehr, bu yaxshi ma’nodagi sehr. Ya’ni ta’sir bor, demoqchilar. Qachon ta’sir qiladi, agar u qalbdan chiqsa. O‘zi, adabiyot – qalb ishi. Ulamolarimiz aytadiki, adabiyot qachon adabiyot bo‘ladi, u inson qalbiga nur olib kirsa. Keyingi paytlarda sariq matbuot, sariq adabiyot degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi “asar”lar qalbni nurlantirish u yoqda tursin, aksincha, fasodga to‘ldiradi. Ularning badiiyati haqida gapirmay ham qo‘yaqolaylik. Bunday yozishmalarning Payg‘ambarimiz (s.a.v) nazarda tutgan sehrli so‘zga, hikmatga, umuman sof ma’nodagi adabiyotga mutlaqo aloqasi yo‘q. Eng zararli, xavotirli jihati shundaki, yetarli malakaga ega bo‘lmagan kitobxonning, ayniqsa, yoshlarning didini o‘tmaslashtiradi, adabiyot borasidagi noto‘g‘ri qarashlar paydo qiladi, so‘z degan buyuk ne’mat qadrini tushirib yuboradi.

Mumtoz asarlarimizni olib qarang, Navoiyni olaylik, Lutfiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab, Ogahiylarni olaylik. So‘zning qudratini, ta’sir kuchini na qadar yuksaklarga ko‘tarishgan. Shu sababli ham ular mumtoz, shu sababli ham asrlar osha yashab kelyapti.

Orziqul Ergash: Sizga ma’lumki, sal kam bir asrlik tarixga ega bo‘lgan bizning “Sharq yulduzi” jurnalimiz respublikamiz ijod ahlining asosiy tabarruk minbari hisoblanadi. U o‘z tarixi davomida (eng murakkab zamonlarda ham) xalqimiz badiiy didi, ma’naviyatini o‘stirishda, shubhasiz, katta o‘rin tutib keldi. Muqaddas Kitobimiz – Qur’oni Karimning ilk bor ona tilimizda mazkur nashrda chop etilgani nafaqat jurnalimiz, balki xalqimiz tarixidagi eng yorqin ma’naviy hodisalardan bo‘lgani va bu sharafli ishning amalga oshishida, xususan, sizning ham munosib hissangiz borligini hamisha minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Anvar qori: Darhaqiqat, “Sharq yulduzi”da Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi bosilishi katta voqea bo‘lgandi. U paytlarda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov rahmatli bosh muharrir edilar. Shu paytgacha bu Muqaddas kitobni o‘zbek tilida xalqimiz o‘qimagan edi. Madina shahrida yashab o‘tgan vatandoshimiz Oltinxon To‘ra tarjimalari esa bizga yetib kelmagan, boz ustiga, u arab imlosida edi. Bu xayrli tadbir Istiqlol sharofati, Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshdi.

Ustozimiz Alouddin Mansur hazratlari ona tilimizga o‘girib, bizga yetkazib berib turdilar. Biz oqqa ko‘chirib, rahmatli adibimiz Omon Muxtorov ikkimiz unga muharrirlik qilib, nashrga tayyorlab bordik. Katta olimlarimizdan Ozod Sharafiddinov, Alibek Rustamovlar yaqindan yordam berishdi. Shunday qilib, Mustaqilligimizning dastlabki yillari, 1990-92-yillarda jurnalning yigirma to‘rt sonida ketma-ket bosildi. Xalqimiz bundan judayam minnatdor bo‘ldi. Aytish mumkinki, buyuk Istiqlolning dastlabki oliy ne’mati sifatida qabul qilingan edi bu ma’naviy hodisa. Haligacha o‘sha kunlarni umrimning eng munavvar bir damlari sifatida shukronalik bilan eslayman.

Orziqul Ergash: Har bir adabiy nashrning bosh maqsadi – adabiyot muxlislarini, xususan, yoshlarimizni, tom ma’nodagi yuksak badiiyat durdonalaridan o‘z vaqtida bahramand etib borish, hozirgi murakkab globallashuv zamonida paydo bo‘lgan, G‘arb “ommaviy madaniyati” g‘oyalari targ‘ibotchisiga aylangan, xalqimiz badiiy didining o‘tmaslashishiga sabab bo‘layotgan “sariq matbuot” xurujidan asrashdir.

Anvar qori: O‘zini ziyoliman degan kishi, u shifokor bo‘ladimi, o‘qituvchimi yo bir aniq fanlar bo‘yicha ilm qilayotgan olimmi, kitob o‘qishi kerak. Internet urfga kirdi. Uning ham o‘ziga yarasha qulayliklari bor, har qanday yozuvchini, boringki, Lotin Amerikasi adibi bo‘lsin, uning asarini bir necha daqiqada topishingiz, mutolaaga kirishishingiz mumkin. Lekin, baribir, Internet kitobning o‘rnini bosolmaydi. Kitob bilan hech bir texnik vositalarsiz, u bilan yolg‘izlikda suhbatlashish kerak. Buning zavqi, gashti bo‘lakcha. Olloh taolo Qur’onni ham kitob, deydi. Kitob bashariyatga berilgan eng buyuk ne’mat. Kitobsiz kishi o‘zini anglashi mumkin emas. Men ayrim o‘ziga to‘q, davlatmand kishilarni kitobdan bebahra o‘tib borishayotganidan achinaman. Masalan, Hazrat Navoiyning bir baytini tushunish zavqini his etish, bu – katta baxt. “Boburnoma”ni o‘qib qoyil qoladi kishi. Bu asarda umri talotumlarda kechgan buyuk sarkardaning qanchalar nozikta’b shoir, yozuvchi, olim, geograf, elshunos sifatidagi kuzatuvlaridan, ayni choqda, o‘ta rostgo‘y, mard insonligidan hayratga tushamiz. Bu inson o‘z yurtdoshimiz ekanligidan faxrlanamiz. Va mana shu faxr bizni tarbiyalaydi. O‘z tariximizga, Vatanimiz, xalqimizga mehrimiz yana ortadi. Kitobning buyuk tarbiyachi ekanligiga amin bo‘lamiz.

Istiqlol sharofati bilan barcha jabhalarda bo‘lganidek, adabiyot uchun ham keng yo‘llar ochildi. Tarixiy asarlarimiz ko‘paymoqda. Shu ma’noda, ayrim fikrlarimni aytib o‘tsam. Xalqimiz tarixi Islom tarixi bilan chambarchas bog‘langan. Islom dini aqoidlari xalqimizning turmush tarziyu milliy-axloqiy qadriyatiga aylanib ketgan ekan. Shuning uchun tarix haqida asar yozishni niyat qilgan adiblarimiz Islom tarixini mukammal o‘rganishi kerak. “O‘tkan kunlar”ni oling. Har bir obrazning xatti-harakatida Islom kishisining tabiati sezilib turadi. Qodiriy domla madrasa ko‘rganlar, dinni chuqur bilganlar. Oybekning “Navoiy” romanida Navoiy hazratlarining gap-so‘zlarida, olib borgan ishlarida naqshbandiya tariqati ta’siri yashirin tarzda (ochiq aytib bo‘lmagan) ehtiyotkorlik bilan singdirib yuborilgan. Hazrat Navoiyning “Kahfi fano ichra alar bo‘lsa gum, Men ham o‘lay robiuhum kalbuhum…“, degan baytlarini olaylik. Kahfi fano nima? Qur’onda “Kahf surasi” bor. Unda kelishicha, dinsiz kishilardan qochib, bir necha yosh yigit Kahf g‘origa berkinishadi. O‘sha yerda uch yuz yil qolib ketishadi. Ularning orasida bir it ham bo‘ladi. Navoiy majoziy ma’noda aytayaptilarki, Kahf g‘origa agar Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiylar kirib ketishsa, men ham ularning sadoqatli iti bo‘lib ergashardim va xizmatlarida bo‘lardim, deyaptilar. Agar Kahf surasini bilmasak, Navoiyning mazkur baytini tushunishimiz mumkinmi? “Xamsa” dostonlarimi, “Mahbub ul-qulub”mi, “Lison ut-tayr”mi, qay bir asarlarini olmang, ularning mohiyatiga yetishimiz uchun dinni bilishimiz kerak.

Orziqul Ergash: Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, jurnalimiz keyingi yillarda o‘z qadimiy mavqeini tiklamoqda, uning qiyofasida, mazmun-mohiyatida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Mundarija rang-barangligi, e’lon qilinayotgan asarlarning g‘oyaviy-badiiy mukammalligi, zamonaviy asarlar qatorida mumtoz adabiyotimiz durdonalariga, ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi asarlarga (masalan, Jaloliddin Rumiy, Hujviriy kabi allomalarimizdan qilingan yangi tarjimalar) tez-tez murojaat qilayotganimiz muxlislarimiz e’tiborini qozonmoqda. Shu yilgi birinchi sonda, masalan, Ibn Sino hazratlarining M.Mahmudov tarjimasidagi “Ishq haqida risola”sini chop etdik.

Anvar qori: Xursand bo‘ldim. Xayrli ishlarni qilyapsizlar. O‘tmish ajdodlarimiz u shoh bo‘ladimi, oddiy fuqaromi, she’riyat shaydosi bo‘lganlar. Adabiyotni sevganlar. Ibn Sino hazratlari (boshqa tabiblar ham) tibbiy asarlarini she’rda yozishgani ma’lum. Chunki xalqimiz tabiati shunga mos, tushunilishi yengil. Qizig‘i shundaki, Shayx ur-rais deb tan olingan Abu Ali ibn Sino hazratlarining, tabobatni ilmiy asosga qo‘ygan zotning falsafiy-badiiy asarlari (70 dan ortiq) tibbiy asarlaridan (40 tacha) ancha ko‘proq ekan. Demoqchimanki, she’riyatga oshnolik, ezgulik, yaxshilikka intilib yashash xalqimiz uchun ota meros an’ana. Bugungi kunda ham bizni xavotirga solayotgan yot ta’sirlar, “ommaviy madaniyat” deb atalgan nojoiz illatlar xurujiga qarshi turaoladigan asosiy qalqon bo‘ladigan kuch ham xuddi ana shu qonimizda yashab kelayotgan an’ana, qadriyatlarimizdir. Dahriylik zamonlarida bir qadar quvvatsizlangan qadriyatlarimizni qayta tiklasak, o‘zligimizni asrab qolgan bo‘lamiz. Buning uchun kitobga suyanishimiz, kitobga qaytishimiz kerak bo‘ladi. Va shunday qilinyapti ham.

Orziqul Ergash: “Imom minbari – iymon minbari”, degan gap bor. Istiqloldan keyin xalqimiz chin ma’noda e’tiqod erkinligini qo‘lga kiritdi. Ko‘plab jome’ masjidlari qurildi, qarovsiz yotganlari ta’mirlandi. Ularda Islom universiteti, Islom instituti va ko‘plab maxsus bilim yurtlaridan yetishib chiqqan imomlar xizmat qilishmoqda. Yurtimizda bugun ikki mingdan ortiq jome’ masjidi faoliyat yuritayotganini nazarda tutsak, axloqiy-ma’rifiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishda, diniy savodxonlikni oshirish, dinimizning tub mohiyatini anglatishda imomlar ham muhim o‘rin tutadi, shunday emasmi?

Anvar qori: Shu masalada to‘xtalmoqchi edim. Qadimda maktab-madrasalarda badiiy adabiyotga ham keng o‘rin berilgan. Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Bedil g‘azallari o‘qitilgan, sharhlangan. Buning ahamiyati chuqur tushunilgan. Ya’ni she’riyat kishi nutqini bezaydi. So‘zini ta’sirli qiladi. Men istardimki, imomlarimiz, xalq oldida turib ma’ruza qiladigan mutassaddilarimiz ko‘proq badiiy asarlar o‘qishsa, nafaqat o‘tmishda yaratilgan, bugungi zamonaviy adabiyotdan ham xabardor bo‘lib borishsa. Ayni choqda, yozuvchi-shoirlarimiz ham din sohasida tanilgan ulamolarimiz bilan yaqin hamkorlikda bo‘lishsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Chunki bizning vazifamiz mushtarak – xalqni ezgulikka boshlash, ma’naviyatini yuksaltirish. Bu yo‘lda qanchalik puxta bilimga, tushunchaga ega bo‘lsak, ishimiz shuncha samarali, so‘zimiz shuncha ta’sirli bo‘ladi. Yana bir gap: shu kunlarda xalqimizning sevimli farzandi, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi keng nishonlanmoqda. Muhammad Yusuf xalqimiz qalbiga kirgan, mehrini qozongan ijodkorlarimizdan edi. Men uni tez-tez o‘qib turaman, hayratga tushaman. Juda sodda va xalqona. Shu bilan birga, ana shu soddalik tagida qanchalar chuqur ma’nolar yotganidan zavqlanaman. Parij restoranlarini bitta tandiringga alishmayman, deydi shoir. Xorijda bo‘lganlar biladi, u yerdagi hasham, dabdaba bir zumda kishining badiga uradi. O‘zbekona hayot tarzini qo‘msab qoladi kishi. G‘arbda taraqqiyot baland. Ammo bizdagi baraka, fayzni topolmaysiz u yerdan. Ko‘rdingizmi, shoirning “bitta tandir”i kishini qanchalik mushohadaga chorlaydi. Muhammad Yusuf tavalludi tantanalari, bu adabiyotimiz bayrami, adabiyotimizga bo‘lgan xalqimizning ulkan mehr-muhabbati ifodasidir. Bu muhabbat barhayot ekan, adabiyotimiz ravnaq topaveradi. Adabiyotimiz ravnaqi esa – ma’naviyatimiz yuksalishi, yurtimiz gullab-yashnashi demakdir.

Orziqul Ergash: Mazmunli suhbatingiz uchun jurnalimiz jamoasi, ko‘p sonli mushtariylarimiz nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz!

Anvar qori: Tashakkur! Sizlarga ham ezgu maqsadlar yo‘lida olib borayotgan ishlaringizda Yaratgandan kuch-quvvat tilayman!

Suhbatdosh Orziqul Ergash

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-son