Ikki fikr, ikki hissiyot, ikki nigoh, ikki dard, ikki haqiqat, ikki yolg‘on, ikki did bilan bir tom ostida yashayotganlar talaygina. Gulni ko‘rgan kulga, kulni ko‘rgan gulga qayrilib qaragisi kelmaydi. Nachora! “Muqaddas rishta” – to‘da ovozi, qolaversa, “ma’sum bolalarning ma’yus baxti”. Shukrki ikki nigoh bilan ham bir xayolni kechirayotganlar, borliqni birgalikda tuyayotganlar yo‘q emas. Bu birlik qarshisida qayg‘uning-da qaddi bukiladi.
O‘zbek ayollar nasri borasidagi qoliplashgan tasavvurlarimizni puchga chiqarayotgan, nigohini ruhiyatning ziddiyatli chig‘iriqlariga, jamiyat jarohatlariga qaratayotgan adiba Zulfiya Qurolboy qizi necha yildirki zalvorli yurak egasi, iste’dodli yozuvchi, taniqli jurnalist Abduqayum Yo‘ldoshga hamrohlik qilib kelyapti.
– San’at – muhabbat va nafrat, haqiqat va yolg‘on, jaholat va ezgulik, hissiyot va tafakkur, xayol va hayot, taskinlar va afsuslar, xullas, yeru osmon visolidan mavjud bo‘lgan YoLG‘IZLIKning in’ikosi. Balki, shu uchun ham ijodkor farzandi o‘zining yo‘lidan ketishini istamas. O‘zi chekayotgan ruhiy iztiroblardan, evrilishlardan, vijdon to‘lg‘oqlaridan, yutqiziqlardan bolasini ayash uchundir, ehtimol?..
Z. Yo‘ldosheva: – Yo‘q, baribir, men istayman. Chunki adabiyotga yaqin odamdan yomonlik chiqmaydi. Qolaversa, shuni aniq ayta olamanki, o‘g‘lim bilan katta qizimda adabiyotga nafaqat havas, balki jichchagina iste’dod ham borday. To‘g‘ri, ular hozircha boshqa sohani tanlashdi. Ammo bo‘sh vaqtlarida tuzukkina hikoyalar qoralab turishibdi. Qolganini vaqt ko‘rsatar…
A. Yo‘ldoshev: – Bu mening xohishim bilan bo‘ladigan ish emas-da. Iste’dodning to‘qson to‘qqiz foizi mehnat deyishadi. Lekin hamma sir o‘sha bir foizda! Iqtidorsiz odam o‘zini kursiga bog‘lab qo‘yib, bir hafta bosh ko‘tarmay nimadir yozishi mumkin, lekin bu asar emas, tuzsiz oshdek bemaza narsa bo‘ladi.
Umuman olganda esa, men yozuvchi bo‘lish uchun filologiya yoki jurnalistika bo‘yicha oliy ma’lumot olish shart emas, degan fikrdaman. Aksincha, hayot maktabining saboqlari qo‘shilgan iste’dod muhimroq. Chexovning vrach, Dostoyevskiyning injener, Soljenitsinning matematik, Aytmatovning zootexnik bo‘lganini eslang. Agar iste’dod haqiqatan bor bo‘lsa, u bir kuni baribir yuzaga chiqadi.
– Muallif sifatida yozganlaringizdan dil xira tortgan damlar uchrab tursa kerak?
A. Yo‘ldoshev: – Bir paytlar Sergey Mixalkovning “Yozayotganda hech bo‘lmasa harf teruvchini o‘ylang”, degan satriga ko‘zim tushib qolgandi. Bu ogohlantirish “goryachiy nabor”, ya’ni qo‘rg‘oshinga harf terishlar davri o‘tgan bo‘lsayam, baribir ahamiyatini yo‘qotmagan. Maktabda o‘qib yurganimda esa geometriya o‘qituvchimiz nadomat ila: “Bizda qog‘oz ishlab chiqarish sanoati juda yaxshi ishlayapti-yu, lekin har xil yozuvchi-pozuvchilar ko‘payib ketdi-da”, deb turib, menga ma’nodor qarab qo‘ygandi. Bu dakki hech esimdan chiqmaydi. Ichki mas’uliyatni tutib turadigan, asaringni o‘zing qayta o‘qigan paytingda yuzing qizarib ketishidan asraydigan zalvorli-zalvorli sabablar ko‘p, faqat ularga rioya etish qiyinroq kechadi-da.
Yozganlarimdan uyalmayman. Ularning hammasi men uchun aziz. Muhimi shu.
Z. Yo‘ldosheva: – Men esa ayrimlaridan uyalaman. Bir vaqtlar “sariq matbuot”da ishlab yurgan kezlarim gonorar uchun ko‘p narsalarni yozib tashlaganman. Ularni asar deb bo‘lmaydi. Lekin o‘quvchilar shunaqa narsalarga qiziqib, talab qilishsa, gazeta rahbarlari bozorgir mavzularni uzluksiz buyurtma qilib turishsa va yana yaxshigina qalam haqi to‘lashsa… odam qiziqib ketganini bilmay qolarkan-da. O‘g‘lim Shahriyor: “Onaginam Alvarado, qushlarni bo‘yab sotishni qachon bas qilasiz?” derdi. “Vaqti-soati kelganda,” deb javob berardim. Mana, o‘sha vaqti-soat kelgan shekilli, ikki yildan buyon ko‘ngilochar nashrlar uchun hech narsa yozmayapman. Lekin mundoq olib qaraganda, hozircha sal-pal durust deb e’tirof etilayotgan asarlarimning aksariyati aynan o‘sha vaqtlarda qog‘ozga tushgan.
A. Yo‘ldoshev: – Qozoqboy aka (Yo‘ldoshev) ba’zan buyurtma sabab bo‘lib yaxshi asar yaratilishi mumkin, degandi. Rost ekan. Zulfiyaning “Ko‘lanka” hikoyasi “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin akaning “Bizgayam bir narsa yozib bering, faqat ikki-uch hafta ichida” degan “qat’iy buyurtmasi”dan keyin paydo bo‘lganiga o‘zim guvohman.
– Ijodkor agar iste’dodini qo‘shqo‘llab havoga sovurmoqchi, o‘zini esa hechlikka hukm etmoqchi bo‘lsa, marhamat qilib kundalik nashrda gazetada ishlasin, degan fikr tez-tez xayolimdan o‘tadi.
A. Yo‘ldoshev: – Institutni bitirgandan keyin besh yil zavodda ishlaganman. U davrlar… boshqacha edi. Kunlik reja ado etildimi, jismoniy charchoq, ish ustidagi baqir-chaqirlar birdan yoddan chiqadi, Adabiyotga ehtiyoj tug‘iladi: huzur qilib zo‘r asar o‘qimasang yoki nimanidir qoralamasang, yotib uxlab bo‘lmaydi. O‘zimga ma’qul ko‘pgina mashqlarim aynan o‘shanda qog‘ozga tushgan yoki ko‘ngilning bir chekkasiga tugib qo‘yilgan. Balki shu sabablidir, hamon zavodni, beg‘ubor ish muhitini sog‘inaman, tushlarimda ko‘rib chiqaman… Biroq kun bo‘yi tahririyatda ishlab, aksar hollarda o‘zingni mutlaqo koniqtirmaydigan qo‘lyozmalarni, sahifalarni qayta-qayta o‘qiyvergandan so‘ng shu qadar (faqat jismoniy emas) charchaysanki, kechqurun uyda qog‘ozga qarashga istak ham, hol ham qolmaydi: qo‘lingdan kelgani qurbonlikka ketgan yana bir kuningga besamara achinish bo‘ladi, xolos.
– Qirq yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, “Novыy mir” jurnali tilga olinganda, shubhasiz, Aleksandr Tvardovskiy nomi eslanadi. Bunga sabab, u yolg‘on va o‘zining orasidan ingichka chiziq tortib olgan edi, deydi zamondoshlari. Yolg‘on bilan yuzma-yuz, yonma-yon yashashi mumkin, ahyon-ahyonda ketsa boydan ketibdi-da qabilida istehzoli tabassum ham ulashar. Lekin o‘sha sezilmas chiziqni o‘zi uchun “xitoy devori”ga aylantirib olish ruhiy riyozatsiz kechmaydi. Bu muxolifatchi yoki inqilobchi bo‘lishdan-da mushkul, deb o‘ylayman. Shu ma’noda bunday qaltis sinovdan amal-taqal qilib o‘tgan va o‘tayotgan Bosh muharrirlar sifatida jamiyat alvon ranglarga bo‘yalgan davrdagi “Guliston” jurnali – Asqad Muxtor, bugungi “Tafakkur” jurnali – Erkin A’zam, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi – Ahmadjon Meliboyev va “Mohiyat” gazetasining sobiq bosh muharriri Abduqayum Yo‘ldoshni bilamiz…
A. Yo‘ldoshev: – Siz aytgan odamlar biz uchun qo‘l yetmas orzudek gap… Gazetada esa vijdonan ishlashga harakat qildik, xolos. Albatta, ozgina yoshlik romantikasi ham bor edi, busiz mumkin emas-da. Undan keyin, juda qoyillatib tashladik, deb aytolmayman, o‘zimizga yarasha xatolarimiz ham bor edi. Shukrullo aka, Ahmadjon aka (Meliboyev), Xurshid aka (Do‘stmuhammad) kabi kuyinchak ustozlarning maslahatlariga imkon darajasida amal qilishga urindik. Gazeta sal tilga tusha boshlagandan keyin esa uning atrofida turli “g‘ilof bandalari”yu Charli Chaplinning o‘t o‘chiruvchi qahramoniga o‘xshash kimsalar o‘ralashib qolishdi: miltillagan cho‘g‘ ko‘rinib qolsa ham bo‘ldi, dod solib suv sepaverishadi. Jamoa bilan kelishgan holda, shamol tegirmonlariga qarshi ot solib, tinka-madorimizni quritgandan ko‘ra o‘z ixtiyorimiz bilan bo‘shab qo‘ya qolaylik, degan qarorga keldik.
Men ertalabdan kioskaga chopib, yangi gazetalarni sotib olishni, ularni o‘qib chiqishni orzu qilaman. Lekin sakkiz sahifasini besh daqiqada bemalol qarab chiqish mumkin bo‘lgan nashrlar ko‘paygan sari do‘konga chiqish istagi teskari proportsiya asosida susayib bormoqda. Ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshash, odam bolasi gapirmaydigan qup-quruq tilda bitilgan sip-silliq maqolalar. Mana, jurnalning nomi “JannatMakon”. Kim ham yer yuzining jannatga aylanishini istamaydi. Yaxshi niyat-da. Ammo biz aynan mana shunday makonda yashayapmiz, tamom-vassalom, deb da’vo qilish “Quyosh shahri” voqelikka aylandi deyish bilan barobar emasmi? Axir inson, jamiyat bor ekan, albatta, katta-kichik muammolar, tashvishlar bo‘ladi. Chexovni eslang: “Prazdnaya jizn ne mojet bыt chistoy”. Aytmoqchi bo‘lganim, har kishining o‘z o‘rnida vijdonan va halol ishlashi bizni yer yuzining behishti bo‘lgan Komil Jamiyat sari qanchalik yaqinlashtirsa, jurnalistlarning soxta maqolalari undan shunchalik uzoqlashtiradi.
– “Falonchi ustoz bo‘lganlarida edi, bunga hech yo‘l qo‘ymasdilar,” deganga o‘xshash gaplar quloqqa chalinib turadi. Biroq sinchiklab kuzatsang, o‘sha qiyofalarning ham “mana adabiyot” deb ko‘tar-ko‘tar qilgan ba’zi narsalari so‘z san’atining bor-yo‘g‘i soyasi, ruhiyatning xomaki chizgilari ekanini fahmlash qiyin emas… Adabiy jarayondagi ayrim tomoshalarni ko‘rib, ichi bo‘m-bo‘sh nog‘oradan “Cho‘li iroq”ni chiqarishga urinish bir an’ana ekan-da, degan ko‘nikma paydo bo‘lyapti, menda…
A. Yo‘ldoshev: – Lermontovda “Zamondosh naslimga qarayman g‘amgin”, degan misra bor. Men bugun adabiy jarayonda o‘ralashib yurgan ko‘plab “yozg‘uvchi” va “shig‘irchi”largayu, ularning ko‘p sonli “muxlislari”ga achinib qarayman. Sizning kuyinganingizcha bor, bunday qalamkashlarning oshig‘i olchi: qalin muqovalarda, katta-katta tirajlarda ketma-ket kitoblar chiqarib yotishibdi, biron joyga borishsa g‘urur bilan o‘zlarini “men yozuvchiman” yoki “men shoirman” deb tanitishadi. Tushunmayman: yurakdan chiqqan bitta samimiy jumla yoki misra yozmasdan ham “yozuvchi” yoki “shoir” bo‘lish mumkin ekan-da, a? Lekin bu g‘alatilikning boshqa tomoni ham bor: bunday “yozg‘uvchi” va “shig‘irchi”lar to‘dasi ortida ular ishongan, ularni jon-jahdlari bilan qo‘riqlaydigan nomdor “falonchi-pistonchi akaxon”lari turishadi. Bir emas, bir necha bor shunday bo‘ldi: taqrizga berilgan “tanqiddan tuban” asar haqidagi nomdor yozuvchilarning “oq yo‘li”yu, muallifni salkam klassik adibga chiqarib qo‘ygan serko‘pik maqolalarga e’tibor bermasdan xolis fikrlarni yozib berasan. Ertasi kundan esa qo‘ng‘iroq yoki ishxonangga “vizitlar” boshlanadi: “Tushunmadik, falonchi-pistonchi akaxonlarga juda yoqqan asar nega endi sizga yoqmaydi?”.
Bunday guruh va guruhchalar bugun yoki ertaga yo‘q bo‘lib ketmaydi, albatta. Ehtimol, ularning ishlari yanada yurishib ketar. Ammo, shukrki, adabiyotimiz saviyasini bundaylar begilamaydi. Nazarimda, keyingi besh-olti yil ichida og‘irkarvon nasrimizda bir guruh haqiqiy iqtidor sohiblari chiqishayotandek. Gap ularni asrab-avaylashda, hamishagiday, iste’dodsizlar bemalol o‘z yo‘llarini topib ketayotgan bir sharoitda iste’dodlarga yordam berishda, ularni tushunishga urinishda. Toki bu salohiyatli qalamkashlarning ham ovozi “ikki daryo oralig‘ida” qolib ketmasin…
Keyingi paytlarda paydo bo‘lgan yana bir turkum “yostiqday-yostiqday” asarlarni o‘qib esa, beixtiyor o‘tgan asrning 50-60-yillari sandig‘ida qolib ketgan “konfliktsizlik nazariyasi” yana reabilititsiya qilindimi, kechagi kunga bugungi kun nuqtai nazaridan baho berish ko‘nikmasi urchib ketmayaptimi, degan xavotirga borasan kishi. Ijodkorni xalqning vijdoniga o‘xshatishadi. Vijdonga esa adabiy maddohlik, haqiqatni soxtalashtirish yarashmaydi…
Z. Yo‘ldosheva: – To‘g‘risini aytsam, mening birovlarga achinishga ham, ularni tanqid qilishga ham vaqtim yo‘q. Avvaldan shoshib yashardim, xuddi hech narsaga ulgurolmay qoladiganday. Hozir ham shunday. Qolaversa, uy-ro‘zg‘or, to‘rtta bola, keldi-ketdi, bordi-keldilardan ortgan ozgina vaqtimni adabiyot uchun, o‘zim uchun sarflayotganimning o‘zi katta gapday tuyuladi. Maddohlar, mahalliychilik bilan ham ishim yo‘q. Ko‘pgina iste’dodli kishilar alamzadalik tufayli chekkada qolib ketishgan. “Men ularning “tog‘orasi”ga sig‘madim, bor-e, hammasini berdim o‘shalarga!” deb qo‘l siltab ketish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Shu o‘rinda Frants Kafkaning bir gapi menga yoqadi: “Xonaga kir. Eshikni yop. Yozuv stoliga o‘tir. Va kut. Kut. Shunda senga butunlay boshqa olam yuz ochadi…”
– Bu jiddiy gaplardan keyin oilani ham eslab o‘tmasak bo‘lmas…
A. Yo‘ldoshev: – Oilaning asosi muhabbat va er-xotinning bir-birini tushunishi bo‘lsa kerak. Keyingi qatorda farzandlar oldidagi mas’uliyat turadi.
Z.Yo‘ldosheva: – Biz farzandlarimizni o‘stiryapmiz, ishlayapmiz, o‘ylayapmiz, ijod qilyapmiz, charchayapmiz, iztirob chekyapmiz, sevinyapmiz, bir so‘z bilan aytganda yashayapmiz.
– Shoir Eshqobil Shukurning bir she’rida “Lahzada yasha, lahzani ushlab qol” degan ma’nodagi fikr bor. Lekin tutqich bermas lahzalar, yashalmagan umr armonini har kim har xil tushunadi…
A. Yo‘ldoshev: – Vaqt. Eng qimmat va eng arzon boyligimiz… O‘zbekda nima ko‘p – to‘y ko‘p, bazm ko‘p. Bunga so‘nggi paytlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘payib ketgan “gaplar”u “osh”larni qo‘shing. Ishqilib, bemalol yilning 365 kuniga yetib ortadi. Deylik, uyimdan yuz chaqirim narida yashaydigan tanishimning soat beshda tarqatiladigan nahorgi oshiga yetib bormasam, osmon uzilib yerga tushadimi? Yo men odamgarchilikdan chiqib qolamanmi? Axir, bu ahvolda qachon ishlaymiz, qachon ijod qilamiz, qachon FIKRLAYMIZ?
Zulfiya meni bunaqa tadbirlarga qatnashishga undaydi: “Axir bir kun siz ham elga osh berasiz, shunda mana shu ulfatlaringiz yoningizda turadi”. Bunaqa manfaat ilinji meni battar qoniqtirmaydi, unga Erkin A’zamning bir qahramoni gaplarini o‘qib berdim. Mana, kompyuterning “Rabochiy stol”ida turibdi: “Hali xo‘roz qichqirmay turib shaharning bir chekkasidan narigi chekkasiga oshga borib, keyin kun bo‘yi ishxonada mudrab o‘tiramiz! Unisi kamdek, peshin bo‘lar-bo‘lmas, tag‘in oshxo‘rlikka otlanamiz. Tushlik bahona, tish kavlab soat ikki-uchlarda qaytamiz. Qorin shishgan, qo‘l ishga bormaydi, yana talay zamon lanj! Stol ustini saranjomlab, endi ishga kirishaman deganingizda ish kuni tugab qoladi… Bunaqa bag‘rikeng hukumat qayda bor-a?! ”
Lekin, taassufki, aksar hollarda urf-odatlar, an’analar odamdan ustun keladi. Misol uchun ortiqcha sarf-xarajatli, dabdabali to‘y hech kimga kerak emasligini hamma biladi, ammo “kimo‘zar”ga to‘y qilish kuchaygandan kuchayib borayapti. Men ham elga qo‘shilish, ajralib qolmaslik uchun ora-sira “osh” va “gap”larga borib turaman. O‘zimni ishontirish uchun “xonanishinlikni davr ko‘tarmaydi” deb qo‘yaman.
Z. Yo‘ldosheva: – Lekin odam odamlar orasida bo‘lgani, ularga aralashib turgani yaxshi. Agar shu narsalar bahona bo‘ladigan bo‘lsa, men bir satr ham yoza olmasligim kerak edi. Ochig‘ini aytaman, dugonalarim bilan “gap”imiz bor. Ammo bu yerda gap erta to‘y qilsam, shular yonimda turadi, degan manfaatda emas aslida. Boshqalarni bilmadim-u, ammo men odamlar orasida bo‘lganimda ulardan ko‘p narsani o‘rganaman, eshitaman, har xil fikrlar, syujetlar mana shunday damlarda paydo bo‘lgan miyamda. Gohida o‘zimga ham g‘alati tuyuladi-yu, lekin aytmasam bo‘lmaydi, men o‘sha “gap”larga, to‘ylarga odamlardan nimadir eshitish uchun borayotganday bo‘laman. Mana shuni manfaat desa bo‘ladi menimcha…
– Sizlardagi ruhiy muvozanatni nima buzib, asabiylashtirishi mumkin?
A. Yo‘ldoshev: – Hasad bilan g‘iybat; iste’dodsizning iste’dod da’vo qilishi.
Z. Yo‘ldosheva: – Hasad bilan g‘iybatni hamma ham yoqtirmasa kerak. Lekin yomon ko‘rish bilan biron narsaga erishib bo‘lmaydi. Yaxshisi shunaqa narsalardan yuqoriroq turishga harakat qilish kerak deyman. Dunyo ikki qarama-qarshilik – yaxshilik va yomonlik asosiga qurilgan bo‘lsa, nailoj! Shunday ekan, odamlardan har narsani kutish mumkin. Hatto o‘z yaqiningizdan ham. Bundan dil og‘riydi, albatta. O‘zingizni tubsiz jarlikka tushib qolganday his qilasiz. Muhimi, ana shu “jar”likda qolib ketmaslik! Mana shuni tushunib yetgunimcha, eh-he…
A. Yo‘ldoshev: – Qachon shunaqangi illatlarga duch kelsam, ulardan uzoqroq yurishga harakat qilaman. O‘zim ishlab turgan joyda bunaqangi hol qayta-qayta uchrayversa “so‘nggi chora” sifatida shartta bo‘shash haqida ariza yozaman.
To‘g‘ri, o‘zim ham farishta emasman. Ancha yillar burun o‘zim o‘zimga nazmiy tashxis ham qo‘ygandim: “O‘zim beiste’dod, injiq odamman, Izzat-nafsim esa naq osmoncha bor…” deb boshlanardi bu shig‘ir.
Z. Yo‘ldosheva: – Iqbol, nimagadir menga Abduqayum akaning she’rlari ko‘proq yoqadi. Men she’r yozolmayman.
A. Yo‘ldoshev: – Erishilmagan narsaning jilvasi kuchliroq bo‘ladi-da.
– Yo‘q, menga ham yoqadi. Yaxshi eslayman, 2004 yilda yozilgan “Serviqor liboslar siymin tanda xor, Ko‘rkam chehralarda jahoniy malol…” deb boshlanuvchi balladalari hanuzgacha yuragimda o‘rmalab yuradi…
Z. Yo‘ldosheva: – Ballada gazetada chiqqanida hamkasb dugonalarim bilan o‘qiyverib-o‘qiyverib, yod olib qo‘ygandik. Yolg‘iz ayol. Baxtga, muhabbatga tashna ayol, o‘ta mag‘rur Ayol. “Kalit buraladi… Muzday manglayin Muzdayin ko‘zguga bosadi Ayol – Parda yopilgan so‘ng oqqush libosin Yulqigan kampirdan yashringan misol”. U sevilgan Ayol. Mo‘jizaviy muhabbat esa Ayolni qo‘l yetmas yuksaklikka ko‘taradi: Ayol Qorbobo qiyofasida keladigan suyuklisi bilan uchrashadi. “Qorbobo ayolni quchar avaylab, Lablaridan bo‘sa olar beozor. Tashqarida… Tunni kunduzga ulab Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor”. Ammo suyukli yor qaytib ketmog‘i lozim… “Ayol tushunadi… Beun bosh eggan, Yigitning qo‘llarin mahkam ushlaydi. Mana shu turishda vidolashyotgan Yarador oqqushga juda o‘xshaydi… ” O‘sha lahzalar uchun ham yashasa arziydi. Kimdir kimnidir sevarkan, muhabbat tugamaguncha dunyo ham parchalanib ketmaydi.
– Meni bir-birlaringizning ijodlaringizga munosabatingiz qiziqtiradi.
A.Yo‘ldoshev: – Albatta, biz “sotsialistik musobaqa” o‘ynab qalam tebratmaymiz. Buning ustiga ikkalamizning yozish uslubimiz bir-biridan keskin farq qiladi. Zulfiya yozganlarining birinchi o‘quvchisi va albatta birinchi tanqidchisi o‘zim bo‘laman. Pashshaday kamchilik topib olsam bas, “Shu ham asar bo‘ldimi? Bunaqalarni men chap qo‘lim bilan yozib tashlayman!” qabilida “urganim-urgan”. Lekin “Tafakkur”, “Momo Havo”, “Ayol”, “Ko‘lanka” kabi hikoyalarini, “Armon asirasi” romanini o‘qiganimda ikkala qo‘limni ko‘tarib taslim bo‘lganman: “Jengding, Qurolboy qizi!” deb.
Zulfiya yozganlarimni tanqid qila boshlasa, rosti, bu menga yoqmaydi. “Sen filologsan, adabiyotni tushunmaysan!” tarzida qarshi hujumga o‘taman. Keyinroq, yolg‘iz qolgach, o‘sha tanqid qilingan joylarni qaytadan o‘qib chiqaman. Ko‘pincha u haq bo‘lib chiqadi. Nimayam derdim…
Z. Yo‘ldosheva: – Menga Abduqayum akaning “Shayx-ur-rais”, “Tushov”, “Uch qop un” kabi hikoyalari yoqadi. Ammo… to‘g‘risini aytsam, “Alvido, go‘zallik”ni men sal boshqacharoq yozgan bo‘lardim.
– Sizlarga so‘nggi ta’sir qilgan voqea…
A. Yo‘ldoshev: – Shuncha urinsam ham hech esimdan chiqmayotgani to‘satdan ellik yoshning bostirib kelishi bo‘lsa kerak. Birdan qo‘ng‘iroqlar, qutlovlar. Xijolatdan issig‘ing chiqib, qayerga yashirinishingni bilmay qolarkansan. Xuddi qandaydir tushunmovchilik bo‘layotganday, gap men emas, boshqa birov haqida ketayotganday. Axir, qanday qilib bir pasda yarim asr yashab qo‘ydim? Agar hujjatlar bilan kalendar aldamayotgan bo‘lsa, unda shu yoshga yetib qo‘yib ham nega shuncha kam ish qildim? Nega dilga tugib qo‘yilgan orzu-armonlarning asosiy qismi hamon taxi buzilmay turibdi? Nega ko‘p vaqtimni bekorchi yumushlarga sovurdim?…
Z. Yo‘ldosheva: – Bolalagimda ellik yoshli odam deganda ko‘z oldimga munkillab qolgan chol kelardi. Bugun turmush o‘rtog‘imga qarasam, bu tushuncha xatoday. Abduqayum aka haliyam o‘sha-o‘sha, sochlarida bir tola oq yo‘q, mo‘ylov ham joyida…
Iqbol Qo‘shshayeva yozib oldi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son