Abdulla Oripov: «Xamsa» — jahon adabiyotidagi buyuk asar» (2005)

— Abdulla aka, Dantening «Ilohiy komediya»si «Tavrot», «Injil», «Qur’on»i karimdek ilohiy kitoblardan so‘ng inson tomonidan yaratilgan buyuk asarlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Siz mumtoz adabiyotimizdagi qanday asarlarni shunday buyuk kitoblar safiga qo‘shgan bo‘lardingiz?
— Albatta, «Xamsa»ni. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning «Xamsa»si jahon adabiyotidagi buyuk asarlar sirasidan hisoblanadi.

— Danteni Italiyaning timsoli deyishadi. Bordiyu O‘zbekistonimiz timsolini shunday ulug‘ zotlar orasidan axtarsak, Siz, eng avvalo, kimni tilga olgan bo‘lur edingiz?
— Ulug‘ bobolarimizning har biri ham millat ramzi bo‘la oladi. Hozirgi zamonda ham shundoq zotlar borligidan iftixor qilamiz. Lekin, ularning orasida buyuk gumanist Navoiy siymosi alohida yarqirab turadi.
— Siz she’rlaringizning rus tilidagi tarjimalaridan ko‘nglingiz to‘lmaganini aytgandingiz. Rimma Kazakova, Aleksandr Faynberg, Vladimir Sibinlar tomonidan qilingan tarjimalar, shuningdek «Hakim va ajal», «Jannatga yo‘l»ning tarjimalari haqida ham shunday fikrdamisiz?
— Siz tilga olgan shoirlar she’r va dostonlarim tarjimasi ustida ancha mehnat qilishgan. Lekin o‘z she’rlarining tarjimalaridan to‘la-to‘kis rozi bo‘lgan shoir kam uchraydi. Nega deganda, birovning iztirobini boshqa birov izhor qilishi juda qiyin. Qolaversa, shoir va tarjimonning iste’dodi, tajribasi, uslubida muayyan farq bo‘ladi. Lekin shunga qaramay tarjima san’atisiz jahon adabiyotini tasavvur qilish qiyin.
— «Bezovta o‘ylar sehrida» sarlavhali maqolangizda «Falsafani sevaman, adabiyot va falsafa ikkisi qo‘shilganda yorqin tiplar paydo bo‘ladi», deb yozgansiz. «Jannatga yo‘l»dagi Shoir obrazini yorqin tip deyish mumkinmi?
— Yaxlit va komil darajada katta dunyoqarash va falsafani o‘zida mujassam etgan xarakter tip bo‘la oladi. Qolaversa, qalbimizda mustahkam e’tiqod, savob degan tushunchalar ham bor. Savobga o‘xshash xatti-harakatlar ko‘p uchraydi. Masalan, it va mushuklarning bolalarni yong‘indan qutqargani haqida ko‘p eshitganmiz. Yaqinda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan dahshatli to‘fon paytida ajdahodek keladigan piton degan ilon ikkita to‘qqiz yoshli egizaklarni bahaybat to‘lqinlar qa’ridan omon olib chiqibdi. Shu tabiiy ofat boshlanishi oldidan sohilda fil yonida suratga tushgan uchta bolakayni esa o‘sha fil yovuz to‘lqinlar iskanjasidan qutqaribdi. Hatto timsohlarning eng kattasi Shri-Lanka qirg‘oqlaridan olisda yetti soatdan ortiq to‘lqinlar ustida qalqib yurgan keksa bir odamni quruqlikka olib chiqib qo‘yibdi…
Lekin asl iymon bilan bog‘liq tushuncha faqat insonlarga xos. U ayni paytda ham diniy, ham dunyoviy mohiyatga ega.
— Abdulla aka, Siz muxbirlar davrasidagi gurunglaringizning birida «Bolalar — himoyasiz gullardir. Ularni sovuq ham, issiq ham zada qilishi mumkin. Men o‘zim boshdan kechirgan ba’zi saboqlar bolalarim boshidan o‘tmasligi uchun kurashaman», deya fikr bildirgan edingiz.
— Ha, bolalar himoyasiz gullar, gunohsiz farishtalardir. Ularni yomon muhitdan asrash kattalarning vazifasi. Hatto urush bo‘layotgan mamlakatdan ham bolalar olib chiqib ketiladi. Bolalarga nihoyatda katta g‘amxo‘rlik lozim. Bolalarni shunday tarzda kamol toptiraylikki, toki kattalar hayotidagi qusurlar ulardan uzoq bo‘lsin. Bolalarni mardlik va tantilik shiori bilan yashashga o‘rgataylik.
— Abdulla aka, Siz she’rlaringiz, asarlaringizda hasad, ichiqoralik kabi ko‘pdan-ko‘p illatlarni beayov qoralaysiz. Ammo ayollarga kelganda ularni «munis», «mehribon» deya tilga olasiz. Xullas, ularning sha’niga qattiq tegadigan ortiqcha gaplarni umuman tilga olmaysiz. Bu ularni ayaganingizdan bo‘lsa kerak. Shunday emasmi?
— Ayol, ona hammamizga hayot ato etgan zot. Unga topinish lozimdir.
— Ayolning hayotdagi o‘rni, farzandlar kamoli hamisha jamiyat nigohida turadi.
— Biz jahonga chiqyapmiz, texnika asrida yashayapmiz. Farzandlarimizni mustaqil, dadil va zamonaviy qilib tarbiyalashimiz kerak, deymiz. Ayni paytda ular bobolariga ham o‘xshab turishi kerak.
Xo‘sh, qanday qilib farzandlarimizda bu ikki qutbni uyg‘unlashtiramiz? Shu yorug‘ dunyoda yashayotgan odamning quyoshdan nur, daryodan suv, guldan rang va xushbo‘y qarzi bor. U ota-onadan, do‘stdan qarzdor. Ammo eng katta qarzi — farzandidan. Chunki farzand uning yuzi, imkoniyati, qurbi-qudratini ko‘rsatuvchi jondir. Ularni issiqdan ham, sovuqdan ham asrash kerak.
Demoqchimanki, bolalarimizda ham jur’at bilan andishani, qat’iyat va rahmdillikni uyg‘unlashtirmog‘imiz kerak. Ammo jur’at — betgachoparlik, andisha — qo‘rqoqlik, dadillik — yovuzlik, rahmdillik ojizlikka aylanmasin. Me’yor va mezon bo‘lsin. Men ishonamanki, bizning oqila opa-singillarimiz bunday mezonni bilishadi.
— Yaponiyada bo‘lganingizda Kioto shahridan telefon qilib «O‘zbekiston ovozi» gazetasi muharririga o‘sha yoqda yozgan bir to‘rtligingizni siyohi qurimasdan o‘qib bergan ekansiz. Shu she’rning yozilish tarixini aytib bersangiz.
— O‘shanda yapon do‘stlarimiz bir chiroyli chinni idish sovg‘a qilishgandi. Unda Yaponiyadagi Fudziyama tog‘lari go‘zal bir tarzda aks etgan. Tog‘ yonbag‘ri, yam-yashil vodiy manzarasi nigohingizni sehrlaydi. Idishga qaynoq suv quysangiz haqiqiy mo‘jiza ro‘y beradi: uning sirtidagi tog‘ manzaralari o‘rnida asta-sekin O‘zbekiston bayrog‘i va uning ortidan Ipak yo‘li karvoni o‘tayotgan manzaralar paydo bo‘ladi. Tilla rangdagi tuya tasviri nihoyatda jonli va ko‘rgan kishining bir hayratiga o‘n hayrat qo‘shib yuboradi.
Siz aytgan o‘sha she’rni shu mo‘jizakor idishchani ko‘rib, yaponlarning topqirligidan behad hayratlanib yozganman:

Sening amalingga qoyildir jahon,
Burgani taqalab qo‘ygansan oson.
Nozik san’atingga tikilaverib,
Ko‘zlarim qisilib ketdi-ku, yapon.

— Hayotimizda mehr-muruvvat tuyg‘usi alohida e’zoz topayotir. Siz chorak asr muqaddam yozgan bir she’ringizda bu tuyg‘uni nihoyatda ulug‘lagan edingiz.
— «Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi»ni nazarda tutyapsiz-da. Samodan bir jonzot yerga tushadi. Besh donishmand uning sir-sinoatini aniqlamoqchi, sinamoqchi bo‘lib, bor bilimlarini ishga soladi. Ammo hech narsani eplay olishmaydi. Farrosh, ya’ni yer supurib yurgan kampir haligi jonzotning boshini silasa u javob qiladi, ko‘zlarida nur paydo bo‘ladi. Albatta, mehr — «kesakdan gul undiradi». Mehr qo‘shilmagan har qanday yaralmish insoniyatga g‘animdir. Chunki u qahrdir. Mehr-muruvvat xuddi suv, havo, nur kabidir.
— «Sihat-salomatlik» yilida muxlislaringizga tilaklaringiz.
— Barcha hamyurtlarimga, albatta, sihat-salomatlik va uzoq umr tilayman.
— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat, Abdulla aka.
— Sizga ham.

Suhbatdosh: Bo‘ritosh Nosirova
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 7-sonidan olindi.