Zokirjon Salimov 1940 yili ishchi oilasida tug‘ilgan. 1962 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mazkur oliy o‘quv yurtida aspiranturada tahsil olgan. 1967 yilda nomzodlik, 1976 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1987 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 50 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti katta o‘qituvchisi, dotsenti, professori, kafedra mudiri, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Kimyo instituti direktori, Umumiy va noorganik kimyo instituti rahbari kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan va yurtimizda kimyo-texnologiya sohasidagi dolzarb ilmiy masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
Zokirjon Salimovning kimyoviy texnologiya jarayonlari va qurilmalari sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ko‘plab maqola va risolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Ayniqsa, uning rahbarligida yaratilgan neft-gaz kondensati aralashmalarini suvsiz haydash texnologiyasi hozirgi kunda mamlakatimiz neftni qayta ishlash zavodlarida samarali qo‘llanayotganini ta’kidlash joiz.