Ubaydulla Karimov (1920-1997)

Karimov Ubaydulla Isroilovich (1920.1.4 — Toshkent — 1997.11.10) — sharqshunos olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1980), filologiya fanlari doktori (1972).

O‘rta Osiyo industrial institutining kimyo-texnologiya fakulteti (1941) va O‘rta Osiyo universitetining sharq fakultetini (1949) tugatgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—42). O‘rta Osiyo universiteti sharq fakultetida fors tilidan dars bergan (1949—52). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik, so‘ng katta ilmiy xodim (1952—58), Sharq qo‘lyozmalarini tavsiflash va kataloglashtirish (1959—75), Sharq yozma yodgorliklarini o‘rganish va nashr etish (1976—88) bo‘limlari mudiri, yetakchi ilmiy xodim (1988—90), bosh ilmiy xodim (1990-97) bo‘lib ishlagan.

Ubaydulla Karimovning asosiy ilmiy faoliyati Sharq kimyosi, dorishunosligi, tabobat tarixi kabi sohalarni o‘rganishga qaratilgan. U shu sohalarga oid arab va fors tillaridagi yirik qo‘lyozma manbalarini tarjima va tadqiq etgan.

Ubaydulla Karimov Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondidagi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziyning fanga noma’lum bo‘lgan kimyoga doir asari — «Kitob sirr ul-asror» («Sirlar siri kitobi») qo‘lyozmasini o‘rganib, bu haqda ilmiy asar yozdi.

Ubaydulla Karimov Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining asosiy tadqiqotchisi va tarjimonidir. U Ibn Sino «Tib qonunlari» asarining o‘zbek va rus tillaridagi to‘liq nashrini tayyorlash va tarjima qilishda qatnashgan. Beruniyning «Kitob as-saydana fi-t-tibb» («Farmakognoziya») asarini tarjima va tadqiq etgan. Beruniyning rus tilidagi 7 jildli Tanlangan asarlarini nashrga tayyorlash (1957—87)da ishtirok etgan.

Ubaydulla Karimov Ibn Sino ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro simpozium (Tehron, 1955)da ilmiy ma’ruzalar qilgan. U Iordaniya qirollik akademiyasining faxriy a’zoligiga saylangan (1984). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).