Sulton Akbariy (taxallusi; asl ism-sharifi Akbarov Sulton) (1923.3.12 —Toshkent — 1997.3.6) — shoir, jurnalist. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1942). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942—45).
«Lenin uchquni» (1946—47), «Yosh leninchi» (1952—53), «Qizil O‘zbekiston» (1953—59) gazetalarida ishlagan. Badiiy adabiyot nashriyotida bosh muharrir (1960—63), «Toshkent haqiqati», «Sirdaryo haqiqati» gazetalarida mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari (1963—64), «Sharq yulduzi» (1964—66), «Guliston» (1968) jurnalilarida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, «O‘qituvchilar gazetasi»da muharrir o‘rinbosari (1968 yildan) bo‘lib xizmat qilgan.
Ijodi 1940 y.dan boshlangan. Baxshiyona uslubda ijod qilgan. «Imonim, e’tiqodim», «Yaralangan qo‘shiqlar», «Suluv suluv emas, suygan suluv», «Shukrona», «Mehrigiyo» (1956), «Dovon va devon», «Ko‘ngil ohanglari» (1968) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi.
Sulton Akbariy dostonnavis sifatida ham ko‘plab asarlar yozgan: «Girdob», (1964), «Ustod» (1970), «Qatag‘on» (1992). Qirg‘iz eposi «Manasning 3-kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.