Sayyoh, Abdurahmon Sayyoh ibn Hoji Muhammad Sodiqov (1879, Toshkent — 1918, Qo‘qon) — ma’rifatparvar, noshir. Arabiston, Turkiya, Hindiston, Afg‘oniston, Yaponiya mamlakatlariga sayohat qilgani uchun o‘ziga «Sayyoh» taxallusini olgan.
O‘n yoshida ota-onasi, aka-singlisi bilan Makkaga ketadi, o‘sha yerda oila a’zolarining barchasidan ayriladi. Keyinchalik Hindistonning Rajpur shahriga kelib, 5—6 yil madrasada tahsil oladi. 1906 yilda zargarlik buyumlari bilan savdo qilib, Pekin (Xitoy)ga boradi. Xitoydan Manjuriya orqali Buxoroga kelmoqchi bo‘ladi. Ammo Rossiya va Yaponiya o‘rtasida urush borayotgani sababli Yaponiya hukumati uni Mukden shahrida hibsga oladi va Port-Artur shahrida saqlaydi. Urush tugagach, Gonkong orqali Hindistonning Kalkutta shahriga yuboriladi. U Bombey shahriga kelib, Rossiya bosh konsuliga murojaat qiladi. Hind, xitoy, arab, fors, turk tillarini bilgani uchun 1907 yil konsulxonaga ishga olinadi.
1908 yilda Toshkentga qaytib keladi va Turkiston harbiy okrugi shtabida ishlaydi. Shu orada Munavvarqori Abdurashidxonov bilan tanishadi. 1915—18 yillarda «Al-isloh» jurnaliga muharrirlik qiladi. 1912—13 yillarda noshir va muallif sifatida islom odobaxloqi, muqaddas shaharlar tarixi, shuningdek, kezib chiqqan mamlakatlari haqida ko‘plab «Sayohatnomalar» chop ettirgan.
Sirojiddin Ahmedov.