Saida Zunnunova (1926-1977)

Saida Zunnunova (1926.15.2, Andijon — 1977.20.3, Toshkent) — shoira. Yozuvchi Said Ahmadning rafiqasi. Andijon o‘qituvchilar institutini (1943) va O‘rta Osiyo universitetining filologiya fakultetini (1947—52) tugatgan.

«Gulxan» jurnali (1953—56), «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy xodim (1956—57), Badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1957—58) hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1962—67) bo‘lib ishlagan.

Saida Zunnunovaning ilk she’ri 1945 yili Andijon viloyati «Paxta fronti» gazetasida bosilgan. «Qizingiz yozdi» nomli ilk she’rlar to‘plami esa talabalik yillari (1948) nashr etilib, she’riyat muxlislari e’tiborini qozondi. Shundan keyin uning «Yangi she’rlar» (1950), «Gullar vodiysi» (1954), «Qizlarjon» (1962), «She’rlar» (1964), «Bir yil uylari» (1967), «Nilufar» (1972) she’riy to‘plamlari e’lon qilindi. Shoira go‘zal lirik she’rlar bilan bir vaqtda «Sodiq va Anor» (1947), «Xayrixon» (1949), «Surat bilan suhbat» (1966), «Qo‘shnilarim» (1968) singari dostonlar ham yaratdi. Saida Zunnunova bu she’riy asarlarida inson ruhiy hayotining nozik qirralari va tebranishlari, tuyg‘u va kechinmalarning murakkab harakati, dardu hasrat va orzu-armonlarning kamalak ranglarini mahorat bilan ifodalay oluvchi shoira sifatida shakllanganini namoyish etdi. Bu hol uning, ayniqsa, «Surat bilan suhbat» dostonida yorqin ko‘rindi.

Saida Zunnunova o‘zbek xotin-qizlari hayotini o‘rganish, ular turmushidagi mashaqqatli jihatlar va murakkabliklarga jamoatchilik e’tiborini jalb etish niya-tida oila va muhabbat mavzuida bir qancha hikoya va qissalar yozdi. Uning «Gulbahor» (1956), «Povest va hikoyalar» (1957), «Gulxan» (1959), «Do‘stlik» (1960), «Qanot» (1961), «Olov» (1962), «Ko‘chalar charog‘on» (1965), «Bo‘ylaringdan o‘rgilay» (1972) singari nasriy kitoblarida xotin-qizlar hayoti haqqoniy badiiy tajassumini topdi. Ayniqsa, «Yangi direktor», «Olov», «Odamlar orasida» qissalarida Saida Zunnunova eskilik sarqitlarini fosh etish niqobi ostida sovet jamiyatidagi illatlarni keskin fosh etdi. Saida Zunnunova ning «Ona» (1966) va «Ko‘zlar» (1968) nomli pe-salari ham bor.

Toshkentdagi ko‘chalardan biri va 224-sonli maktabga, shuningdek, Andijon shahridagi ko‘cha va maktablardan biriga hamda Bo‘z tumanidagi akademik litseyga Saida Zunnunova nomi berilgan.

Naim Karimov.