Sa’dulla Hakim (1951)

Sa’dulla Hakim 1951 yil 25 martda Jizzax viloyati Forish tumanidagi so‘lim Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2002). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1977) .

«Saxovat» jurnalida, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «O‘zbekiston ovozi» gazetalarida adabiyot va san’at bo‘limi mudiri, mas’ul kotib, «Ma’rifat» gazetasida bosh muharrir (1992-1996), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Axborot targ‘ibot-tahlil markazining rahbari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri bo‘lib ishlagan. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi.

Shu kunga qadar uning “Hamal tonglari» (1981), «Sen kutgan bahor» (1986), «Yoz oqshomi» (1996), «Ona so‘z» (2000), «Saylanma» (2001), «Ko‘ngil yuzi» (2006), «Ko‘hna naql» (2011) kabi o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Publitsistik asarlari ham bor («Esimda qolgan kunlar», «Atom qa’riga sayohat»).

U Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.