XX asr o‘zbek bolalar adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Quddus Muhammadiy 1907 yil 25 oktyabrda Toshkentda dehqon oilasida dunyoga keldi. O‘rta maktabdan so‘ng avval qishloq xo‘jaligi bilim yurtida, so‘ng O‘rta Osiyo Davlat universitetining biologiya fakultetida tahsil oldi.
Quddus Muhammadiy ijodi 30-yillardan boshlangan bo‘lib, ilk asarlari «Sharq haqiqati» gazetasi va «Er yuzi» jurnalida chop etilgan. Uning mashhur «Sandal va pechka», «O‘z-o‘zini tanqid» kabi dostonlari 1936—1937 yillarda yaratilgan. Bu asarlarda eskilik bilan yangilik, eski urf-odatlar bilan yangicha urf-odatlar qiyosiy tarzda o‘zining poetik ifodasini topgan. Hayotdagi kishilar, xususan bolalar xarakteridagi ayrim nuqsonlar beg‘araz hajv qilingan.
Quddus Muhammadiy 1941—1944 yillarda mashhur baxshi — Islom shoirga kotiblik qilib, uning terma va dostonlarini yozib olish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Urushdan keyingi yillarda esa uning birinchi she’riy to‘plami «Sinov» (1947) nomi bilan nashr etildi. Shundan so‘ng «O‘quvchiga esdalik» (1947), «She’r va ertaklar» (1947), «Orzu» (1948), «Bahor keldi» (1950), «Dunyoda eng kuchli nima?» (1951), «Qirq o‘g‘il va qiz» (1951), «Bizning do‘stlarimiz» (1952), «Sen tug‘ilgan kun» (1952), «Yangi uy» (1953), «Mehribon do‘stlar» (1953), «Qo‘ng‘izboy bilan sichqonboy» (1955), «Tugmacha» (1956), «Tanlangan asarlar» (1957) kabi o‘ttizdan ortiq kitoblari bosilib chiqdi. Uning to‘rt kitobdan iborat «Tabiat alifbosi» kitobi ayniqsa, ma’lum va mashhur bo‘lib ketdi. «Ochil dasturxon» (1970) kabi xalq og‘zaki ijodi an’analari ruhidagi asarlari ham shuhrat topti va adibga cheksiz sharaf keltirdi. Uning «Qanotli do‘stlar» nomli she’riy kitobi 1970 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. U 1977 yili O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlandi.
Q. Muhammadiy faqat bolalar shoirigina emas, bolalar adabiyotining jonkuyari va targ‘ibotchisi sifatida ham o‘nlab maqolalar yozdi. Uning «Bolalar adabiyotining yanada ravnaqi uchun» (1961), «Bolalar adabiyotini o‘rganaylik» (1963), «Ilhom bilan» (1967) kabi maqolalari shular jumlasidandir.
Quddus Muhammadiy mohir tarjimon sifatida ham mashhurdir. Uning S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto, K. Chukovskiydan qilgan tarjimalari o‘zbek bolalar adabiyotining ravnaqida muhim rol o‘ynadi.
Bolalarning buyuk va kamtarin shoiri Quddus Muhammadiy 1997 yil 22 iyunda Toshkent shahrida vafot etdi.