Oydin Hojiyeva [1942.22.4, Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyati Qiziltepa tumani Bo‘ston qishlog‘i] — O‘zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1965). «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim (1965), bo‘lim boshlig‘i (1971—76), «Saodat» jurnalida bo‘lim mudiri (1976-85), «Gulxan» jurnali bosh muharriri (1985—94), «Milliy va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armasi raisi (1993—95), «Saodat» jurnali va uning ilovasi «Gulchehralar» gazetasida bosh muharrir (1994 yildan) bo‘lib ishlagan.
Ilk kitobi — «Shabnam» (1970). «Manzillar» (1971), «Men sevgan qo‘shiq» (1972), «Orzu guli» (1974), «Tarovat» (1976), «Dostonlar» (1980), «Xushxabar» (1983), «Mushfiq onajon» (1983), «Chashmalarni izlayman» (1986), «Tamal toshi» (1988), «Ishonch yulduzlari» (1989), «Ko‘zimning oqu qorasi» (1996), «Panohim» (1998) kabi she’riy to‘plamlar muallifi.
Ijodida inson qalbi kechinmalari xalqona ohanglarda o‘ziga xos talqinini topgan («Navo», 1977). Vatanga muhabbat, ma’naviy poklik, til bilan dil rostligi, hayotning abadiy va unutilmas orzu-armonlari, inson matonati, xalqning beqiyos go‘zal, olijanob qalbini kuylash, odamlarga munis, mehribon dardkash bo‘lmoq istagi Oydin Hojiyeva ijodining bosh mavzusi hisoblanadi.
Oydin Hojiyeva 90-yillarda ham vatanparvarlik mavzuida turkum she’r va dostonlar yozdi («Dard», «Ozod so‘z yolqinlari», «Ziyorat» va b.). Badiiy ijodni ijtimoiy faoliyat bilan qo‘shib olib borgan shoiraning «Ruhimizga yong‘in tushmasin», «Meni iztirobga solar bu o‘ylar», «Millatning qayg‘usi nima?» kabi publitsistik asarlarida til masalalari, o‘zbek xotin-qizlarining og‘ir dala mehnati muammolari aks etdi.
U tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mtskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognetsvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova, va boshqa ko‘plab jahon va qardoshlar adabiyoti vakillarining doston, ballada va turkum she’rlarini o‘zbekchaga o‘girgan. She’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg‘iz, tojik, belorus, frantsuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.
U Yoshlar Ittifoqi mukofoti sovrindori (1975). O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, «El-yurt hurmati» ordeni bilan takdirlangan (1999).
Oydin Hojiyeva 2023 yil 14 may kuni vafot etgan.