Otajon Abdalov (1856-1939)

Otajon Abdalov (1856-1939) – ilk o‘zbek matbaachisi va noshiri. Matbaachilik faoliyatini 1874 yildan Xiva shahrida Xiva xoni Muhammad Rahimxon II saroyida tashkil etilgan toshbosmada ishlashdan boshlagan.

Otajon Abdalov 1876 yilda Abdunosir Farohiyning «Nisabus-sibyon» asarini toshbosmada bosib xonga taqdim etdi. Bu kitob Xivadagina emas, balki butun O‘rta Osiyo miqyosida birinchi bosma kitob hisoblanadi.

Otajon Abdalov bosib chiqarish uchun loyiq asarlarni o‘zi tanlab, ularni Muhammad Rahimxonga chop etishga ruxsat berish uchun tavsiya qilgan. Qo‘lyozmalarni nashrga tayyorlashda o‘ziga zamondosh bo‘lgan taniqli xattot va shoirlarning ko‘magidan foydalangan.

1876—1910 yillarda Otajon Abdalov Xiva matbaasida 10 dan ortiq kitobni nashrdan chiqardi. Bular orasida Navoiyning «Xamsa» (asarning «Hayrat-ul Abror» qismi; 1880), «Xazoyin-ul Maoniy», 1881, «Chor devon» (1882), Ogahiyning «Ta’vizul oshiqin» (1882) nomli asarlari, Muhammad Rahimxon II (Feruz)ning g‘azallari (1897) va «Majmuat ush-shuaro» (1900) to‘plamlari bor.

Otajon Abdalov Xorazm xalq hukumatining bir qancha xitobnomalari, tarixiy hujjatlarini, Xiva shahrida o‘zbek, rus, turkman, qoraqalpoq tillarida gazetalar chiqarishga boshchilik qilgan.