O‘lmas Umarbekov (1934-1994)

O‘lmas Umarbekov (1934.25.1, Toshkent — 1994.10.11) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1992). O‘zbekistonda xizmat kursatgan san’at arbobi (1984). O‘rta Osiyo universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1956).

Respublika televideniye va radioeshittirish davlat qo‘mitasida muharrir, bosh muxarrir (1956—71), O‘zbekiston KP MKda sektor mudiri (1971—74), «O‘zbekfilm» kinostudiyasi direktori (1971—81), O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari (1982—86), vaziri (1987—89), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1985—89), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari (1989—91) bo‘lib ishlagan.

Ilk kitobi — «Hikoyalar» (1958). «Xatingni kutaman», «Yurak so‘zlari» (1960); «Boboyong‘oq» (1961), «Yulduzlar», «Menga ishonmaysanmi?» (1962), «Hayot abadiy» (1964), «Charos» (1966), «Ko‘prik» (1968), «Bolgar qo‘shiqlari», «Oltin yaproqlar» (1972), «Qiyomat qarz» kabi hikoyalarida kishilarning ma’naviy-axloqiy go‘zalligini tasvirlashga, insonning jamiyat va tabiat oldidagi burchini, mas’uliyatini ko‘rsatishga alohida e’tibor bergan. «Bolgar qo‘shiqlari» (1972) turkum hikoyalari ham ixchamligi, dramatizmga boyligi, she’riy-ritmik xususiyatlari bilan ajralib turadi.

O‘lmas Umarbekovning «Sevgilim — sevgilim» (1963), «Kimning tashvishi yo‘q» (1965), «Urush farzandi» (1972), «Yoz yomg‘iri» (1973), «Oq qaldirg‘och» (1974) va b. qissalari janriy rang-barangligi, qahramonlar ruhiy olamining teranligi, badiiy tasvir usullarining takrorlanmasligi bilan diqqatga sazovor. «Odam bo‘lish qiyin» (1970) va «Fotima va Zuhra» (1994) romanlarida yoshlar, kishilarning xulq-atvorida ko‘ringan salbiy jihatlarni tasvirlash orkali sovet davri ma’naviyatidagi kamchiliklar haqqoniy ochib berilgan.

O‘lmas Umarbekov ijodida dramaturgiya muhim o‘rinni egallaydi. 70-yillarda o‘z iste’dodini teatr san’ati sohasida sinab, «Oqar suvlar» (1971), «Sud», «Yoshlik dengizi» (1972), «Komissiya» (1974) singari pesalarni yozgan. U 80 yillarda «O‘z arizasiga ko‘ra», «Kuzning birinchi kuni», «Qiyomat qarz», «Assalom, quyosh» singari yetuk sahna asarlarini yaratdi. Ayniqsa, mashhur teatr artisti Sh.Burhonov ijrosidagi Sulaymon ota obrazi tufayli O‘lmas Umarbekov pesasi asosida sahnalashtirilgan «Qiyomat qarz» spektakli tomoshabinlar o‘rtasida katta shuhrat qozondi. O‘lmas Umarbekov Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilgan bu va boshqa pesalari bilan shu davr o‘zbek dramaturgiyasi taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shdi.

O‘lmas Umarbekov «Qizimga maktublar» («Mangu hayot bo‘sag‘asida») deb nomlangan so‘nggi publitsistik asarida hayotga, o‘tkinchi umrga chuqur falsafiy nazar tashlovchi, o‘zining va o‘zgalarning hayotiy tajribasidan yuksak xulosalar chiqaruvchi yozuvchi darajasiga ko‘tarilganini namoyish etgan. Umrining so‘nggi yillarida yozgan «Tuhmat» (1987), «Oqsoqol» (1991), «O‘zing uchun o‘l yetim» (1992, tugallanmagan) dramalari ham e’tiborga loyiq.

O‘lmas Umarbekov «Yigit va qiz» (1967), «Asosiy ko‘n» (1971), «Ikki soldat qissasi» (1973), «Changalzordagi ov», «Sevgi afsonasi» (1985) va boshqa kinostsenariylarning mualliflaridan biri.

Hayotning botiniy qatlamlarini chuqur o‘rganish va tahlil etish, inson taqdirida ro‘y bergan ziddiyat va holatlarni, belgilarni umumlashtirish, badiiy tafakkur tarozisiga qo‘yish, lirizmga moyillik, inson xarakterini uning ruhiy holati, histuyg‘ulari orqali ochib berish O‘lmas Umarbekovning ijodiy uslubiga xos xususiyatlardir.

Asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1980).