Nazarmat (1917-2009)

Jangchi shoir, oqsoqol adiblardan biri Nazarmat (Egamnazarov) 1917 yilning 7 noyabrida Tojikiston Respublikasi, Xo‘jand viloyati, Nov qishlog‘ida dunyoga kelgan. U shoir Ashirmatning ukasi bo‘lib, 1935 yilda o‘rta maktabni tugatgach, Samarqand Universitetiga o‘qishga kelgan. 1941 yilda dorilfununni bitiriboq urushga ketgan. U yerda vzvod komandiri bo‘lib xizmat qilgan.

So‘ngra 1944 yildan 1947 yilgacha «Front haqiqati» gazetasida ishlagan.

Armiyadan qaytgach, 1947—1954 yillarda «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi»), 1955—1985 yillarda esa «Toshkent haqiqati» gazetalarida adabiyot va san’at bo‘limini boshqargan. Nazarmat ijodi 30-yillardan boshlangan bo‘lib, uning birinchi she’ri («Qo‘zichoq») 1934 yilda «Lenin uchquni» gazetasida bosilib chiqadi. Birinchi to‘plami esa 1941 yilda «Yoshlik zavqi» nomi bilan nashr etiladi. Urush tufayli ikkinchi to‘plami ancha kech — 1949 yilda «Vatan ishqi» nomi bilan chop etilgan.

Hozirgacha uning yigirmadan ortiq she’riy, nasriy asarlari va qo‘shiqlar to‘plamlari chop etilgan. Xususan, uning «Yashil dalalar» (1955), «Sir bo‘yi—nur bo‘yi» (1959), «Tog‘dagi gulxanlar» (1962), «Nay sadosi» (1965), «Bahor qo‘shig‘i» (1968), «Shahrimiz bolalari» (1970), «Mangu olov» (1972), «Dostonlar» (1975), «Yo‘llar va gullar» (1977), «Mehrim-muhabbatim» (1983), «Tanlangan asarlar» (1987), «G‘unchalar» (1987), «Muhabbat taronalari» (1992) kitoblari keng o‘quvchilar ommasiga yaxshi tanishdir.

Nazarmat nosir sifatida ham ancha barakali ijod qilib kelmoqda. Uning ocherk va hikoyalaridan tashkil topgan «Qirg‘oqdagi jang» (1965), «Burch yo‘li» (1966), «Sayyod jasorati» (qissa, 1972), «Janggohdan qatralar» (1974), «Turnalar yo‘li» (1977), «Ona ko‘rsatgan yo‘l» kabi harbiy turkumdagi hikoya va ocherklari kitobxon e’tibo-rini qozongan. Uning «Olovli tong» (1995), «Sayyod jasorati» qissalari ham hujjatli-harbiy nasrimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Uning bolalar uchun yozgan «Shahrimiz bolalari», «G‘unchalar» kabi she’riy to‘plamlari ham e’tiborga loyiq. Nazarmat shoir va nosir bo‘lishi bilan birga tarjimon hamdir. Uning Bedil, Jomiy, Nosir Xusrav, Firdavsiy, Mirshakar, M. Tursunzoda ijodidan qilgan tarjimalari talaygina.

Nazarmatga O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1967) unvoni berilgan. Mustaqillikning yetti yilligi munosabati bilan adibga «El-yurt hurmati» ordeni (1998) taqdim etilgan.

Nazarmat 2009 yili vafot etgan.