Muhiddinxo‘ja qozi (1841, Toshkent — 1902 yil mart) — o‘zbek ma’rifatparvari. So‘nggi Toshkent qozikaloni — Hakimxo‘ja o‘g‘li. Toshkent, Buxoro madrasalarida tahsil olgan.
Toshkentning Sebzor dahasidagi Isaxonxo‘ja madrasasida mudarrislik qilgan. Toshkent rus askarlari tomonidan qamal qilinib aholi qirilib ketish arafasida turgan 1865 yil iyunida Muhiddinxo‘ja qozi Abulqosim eshon, Solihbek oxund va o‘z otasining topshirig‘iga ko‘ra, g‘oyat xavfli vaziyatda Chernyayev qarorgohiga borgan, unga maxsus maktub topshirib, shaharni nisbatan yengil shartlar bilan taslim bo‘lishi tadbirlarini ko‘rgan.
Otasi vafotidan so‘ng, 60-yillar oxiridan — Sebzor dahasi qozisi. 80-yillar boshida Sattorxon, keyinroq Furqat bilan yangi o‘zbek ma’rifatparvarligiga asos solishda qatnashgan, zamonaviy ilm-fan, texnika va ilg‘or madaniyat targ‘iboti bilan shug‘ullangan.
Muhiddinxo‘ja qozi 1884 yildan «Turkiston viloyatining gazeti» bilan hamkorlik qilib, ilk o‘zbek publitsistlaridan biri sifatida tanilgan. Muhiddinxo‘ja qozi o‘tmish madaniy obidalarini avaylab saqlashga jiddiy e’tibor qaratgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarining ja-honda yagona mukammal nusxasi Muhiddinxo‘ja qozi va avlodlari sa’y-harakati bilan bizgacha yetib kelgan va respublikamiz mustaqillikka erishgach, to‘laligicha nashr etilgan.
Muhiddinxo‘ja qozi 1886 yil Sebzor dahasidagi 3-son rus-tuzem maktabini qurdirgan va umrining oxirigacha unga faxriy nozir bo‘lgan. Ma’rifatparvarlik faoliyati, shuningdek, 1892 yil «vabo qo‘zg‘oloni»ga xayrixohligi uchun Muhiddinxo‘ja qozi chor ma’murlarining ko‘plab ta’qib va tazyiqlariga uchragan, shunga qaramay o‘z ilg‘or g‘oyalariga sodiq qolgan.