Miskin (taxallusi; asl ism-sharifi G‘ulomxalil Toshmuhammad o‘g‘li), (1880 —Toshkent — 1937) — shoir. Otasi temirchilik, mixchagarlik bilan shug‘ullangan. Balandmachitdagi maktabda, so‘ng «Ko‘kaldosh» madrasasida o‘qigan. Dastlabki she’rlari muhabbat mavzuida. Ko‘p o‘tmay, she’riyatiga zamon sadolari kirib kelgan. Xalqimizning milliy-ijtimoiy uyg‘onishida katta xizmat qilgan «Shuhrat» gazetasini she’r bilan quvvatlab chiqqan.
Miskin she’rlarida xalq ommasini asriy jaholatdan uyg‘onishiga chaqirgan. Xalqqa erk va ozodlik ruhini singdirish, ularni haq-xuquq uchun kurashga uyg‘otishda o‘z hissasini qo‘shgan. Miskinning avtobiografik she’rlari shoir hayotining og‘ir va murakkab kechganini ko‘rsatadi.
Miskin she’rlaridan 2 devon tuzgan. 200 sahifadan ko‘proq 1-devondan 1925 yilgacha yozilgan va chop etilgan she’rlari joy olgan. So‘nggi she’rlari esa 2-devonda jamlangan bo‘lib, 160—170 sahifani tashkil qilgan. Biroq ularning taqdiri noma’lum. 70 ga yaqin she’rlarigina saqlangan. Ushbu she’rlar shoirning o‘z qalamiga, o‘z ovoziga ega bo‘lgan, adabiyotimiz tarixida sezilarli iz qoldirgan iste’dod sohibi ekanligini ko‘rsatadi. She’rlari shu paytga qadar to‘plangan, o‘rganilgan emas.
Toshkentda Miskin nomida ko‘cha va mahalla bor.