Mahmud Toir (1952)

Mahmud Toirov 1952 yil 31 avgustda Toshkent viloyatining Parkent tumani, Parkent qishlog‘ida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Yangi asr avlodi” nashriyoti, O‘zbekiston radiosida faoliyat yuritgan. Hozirda “Parkent tongi” gazetasining bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari vazifasida faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston xalq shoiri (2005).

Dastlabki she’riy to‘plami — «Ayt endi, yuragim» (1991). Shundan keyin shoirning «Biz nechun uchrashdik» (1992), «Muhabbat shevasi» (1995), «Oqib ketgan armonlar» (1996), «Barmoqlar bodasi» (1998), «Hakni tanib» (1999), «Yuzto‘rtlik», «Saylanma» (2002), “Otamning o‘kinchi”, “She’r hikmati”, “Yangi Toshkentnoma”, “Bedorlarga bering dunyoni” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan (2001).