Mahkam Mahmud (1940)

Shoir, nosir, adabiyotshunos Mahkam Mahmud (Mahmudov) 1940 yili Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1957—62). Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Mahkam Mahmud dastlab shoir sifatida qalam tebratgan. Keyinchalik u nasrga o‘tib, tarixiy mavzular va fantastik janrda ijod qilib keladi. Agar uning «Bibixonim», «Shohlar malikasi», «Movarounnahr yulduzi», «Sulton Mahmud G‘aznaviy», «Boysung‘ur ibn Shohruh», «Imom Zayniddin G‘azzoliy» kabi qissa, hikoya va badiala-ri tarixiy mavzularda yaratilgan bo‘lsa, «Men — men emasman», «Teskari ko‘zlar sayyorasi», «Sirli qasr», «Mangu kuy izlab» singari asarlarida esa fantastik unsurlari ustuvorlik qiladi.

Mahkam Mahmud adabiyotshunos sifatida ham samarali ijod qilib kelmoqda. Uning «Talant va ijod falsafasi» (1976), «Abadiyat lahzalari» (1981), «Hayrat va tafakkur» (1992) kabi asarlari adabiy va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan.

Mahkam Mahmud Aristotelning «Poetika» risolasi, Balzakning «Sag‘ri teri tilsimi» romani, Andersen ertaklari, Stefan Sveygning «Kuygan ko‘ngil faryodi» novellalar to‘plami (O‘tkir Hoshimov bilan hamkorlikda) Oskar Uayldning «Yulduzdan tushgan bola», «Sadoqatli do‘st» hikoyalari va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan.

Adabiyot va el oldidagi ana shu xizmatlari uchun unga «El-yurt hurmati» (1998) ordeni berilgan.