Mo‘minov Ibrohim Mo‘minovich (1908.7.9, hozirgi Shofirkon tumani Tezguzar qishlog‘i — 1974.22.7, Toshkent) — faylasuf olim, jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1956), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1959), falsafa fanlari doktori (1950), professor (1950).
Buxoro bilim yurtida o‘qigan (1925—27). Samarqand Pedakademiyasining ijtimoiy-iktisodiy fakultetini tugatgan (1931), shu yerda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Pedakademiya O‘zbekiston universitetiga aylantirilgach, filologiya, keyinchalik tarix fakulteti dekani, kafedra mudiri (1933—55). 1955— 56 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti direktori. 1956 yildan akademiyaning vitse-prezidenti. Ayni vaqtda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti direktori (1958—59), O‘zbekiston «Bilim» jamiyati boshkaruvi raisi (1958 yildan), O‘zbek sovet entsiklopediyasining birinchi bosh muharriri (1968 yildan) bo‘lib ishlagan.
Ibrohim Mo‘minovning ilmiy faoliyatiga sho‘rolar mustabid tuzumi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsada, biroq, uning tadqiqotlari markazida Sharq, xususan, Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy-falsafiy hamda ilmiy-tabiiy fikrlari muammolari turganligi natijasida, alloma falsafaning o‘ta siyosiylashuvini, uni hukmron mafkura xizmatiga tamomila bo‘ysundirish xurujlarini chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U Navoiydan tortib, Ahmad Donishgacha bo‘lgan yirik mutafakkirlar ijodini tahlil qildi. Ayniqsa, Bedil ijodini chukur o‘rganib, uning merosini tushunishni ancha yengillashtirdi. Ibrohim Mo‘minovning «Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» asari (1968), umuman Amir Temur shaxsini ilmiy o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi olimning ilmiy jasorat va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin ifodasi bo‘ldi. Ibrohim Mo‘minov G‘arb falsafasini, rus mutafakkirlari ijodini ham o‘rgandi. Gegel dialektikasining ratsional mag‘zini ko‘rsatib berdi.
Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda ilm-fanning yirik tashkilotchisi. U, ayniqsa, ijtimoiy fanlarni rivojlantirishga — yangi tadqiqot muassasalarini tashkil etish, ilmiy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi, uning rahbarligida turli fan sohalari bo‘yicha yirik asarlar nashr etildi.
Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda falsafa maktabiga asos soldi.
Beruniy nomidagi Uzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967).
Toshkentdagi ko‘chalardan biriga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutiga, Buxoro va Shofirkon shahrilaridagi ko‘chalar, maktablar, Shofirkon tumanidagi shirkat xo‘jaligiga Ibrohim Mo‘minov nomi berilgan.
Ibrohim Mo‘minov vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003).