Husniddin Sharipov (1933-2015)

Husniddin Sharipov (1933.10.2, Pop shahri – 2015) — shoir. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1983), O‘zbekiston xalq shoiri (2012).

Toshkent qishloq xo‘jalik institutining o‘rmon-melioratsiya fakultetini tugatgan (1949—54). «Namangan xaqiqati» gazetasida adabiy xodim va mas’ul kotib (1956—60), «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy kotib (1960-62), «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri (1962-69; 1976-77; 1982-83), Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1984—93) bo‘lib ishlagan.

Dastlabki to‘plami — «Nihol» (1956). Husniddin Sharipov «Ko‘ngil buyurgani» (1961), «Quyoshga oshiqman» (1963), «Tuproqqa qasida», «Erning qalbi» (1965), «Men sizga aytsam» (1968), «Lirika» (1970), «Hayajonli daqiqalar» (1980), «Oh, go‘zal» (1981), «Xirmon» (1985), «Yana visol» (1987), «Yor istab» (1992) singari she’riy kitoblar hamda «Do‘stim Tojiddin» (2001) nomli voqeiy qissa muallifi.

Husniddin Sharipovning she’riy ijodida onazaminga cheksiz muhabbat, o‘z mehnati va bunyodkorlik faoliyati bilan mamlakatning gullab-yashnashi yo‘lida ter to‘kayotgan zamondoshlarga hurmat, yuksak insoniy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ulari tasviri ustuvorlik qiladi.

Husniddin Sharipovning she’riy ijodida dostonnavislik muhim o‘rinni egallaydi. U, ayniqsa, 60—70-yillarda doston janrida samarali ijod qilib, shu davr o‘zbek dostonnavisligi taraqqiyot tamoyillarini belgilab bergan: «Quyoshga oshiqman» (1961), «Bog‘ ko‘cha bolalari» (1962), «Tanovar» (1965), «Sotvoldidan salom» (1968), «Qilmish-qidirmish» (1976), «Insof diyori» (1979), «Qaltis yurish» (1999) va b. Ilmiy-texnik taraqqiyot davrining ma’naviy muammolariga bag‘ishlangan «Bir savol» (1972) she’riy romani ham bor.

Husniddin Sharipovning «Seni sevaman» (1958), «Ota o‘g‘li» (1964), «Afsona» (1975), «Chollar va kampirlar» (1979), «Karvon bexatar bo‘lmas» (1986), «Yor istab» (1993) singari pesalari respublikamizdagi musiqali drama teatrlarida sahnalashtirilgan. Bir qancha she’rlari qo‘shiq bo‘lgan.

Jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).