Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1854-1936)

Hoji Abdulaziz Abdurasulov mashhur hofiz va bastakor sifatida shuhrat qozongan bo‘lib, Samarqand, shahrida ko‘k masjid mahallasida to‘quvchi oilasida tavallud topgan. Uning musiqaga bo‘lgan havasi yoshlikdan boshlanib, tanburchi Hoji Rahim­qulga shogird bo‘lib tushadi va maqom yo‘l­la­rini ijrochisi Boruh hofizdan ashulalar o‘rganadi va birga kuylay boshlaydi. Keyin­chalik «Shashmaqom»ni mukammal o‘rganish maqsadida Buxoroga borib, mashhur maqomdon ustoz Ota Jalol Nosirovdan saboq oladi.

Abdulaziz ikki marta Makkaga haj safariga boradi va safar davomida turli millat kuy va qo‘shiqlari bilan tanishadi. Hoji Abdulaziz tanburni juda yaxshi chertsada, ashulalarni ko‘proq duetlar jo‘rligida ijro etardi. Uning dasturlaridan yuzlab ashulalar o‘rin olgan bo‘lib, hofizlikdan tashqari bastakorlik bilan ham shug‘ullanardi. U yaratgan «Gulzorim» «Bozurgoniy», «Bebokcha» «Qurbon o‘lam» ashulalari el orasida mashhur ijro sanaladi. 1909 yilda uning ijrosida Riga «Gramafon» firmasi «Iroq», «Nasrulloyi», «Ushshoqlar»­ni yozib olgan.

1928 yilda Samarqand musiqa va xareografiya institutiga ishga olinadi va u yerda bo‘lg‘usi mashhur san’atkorlar M.Ashrafiy, T. Sodiqov, M.Burxonov, D.Zokirov va boshqalar uning ijodidan bahramand bo‘ladilar. Ustoz sanhatkor maqom ijrolarini boyitib, jumladan «Ushshoq»ni «Samarqand ushshoqi», «Qashqarchai ushshoq» yo‘llarini va yana bir necha ijrolarini yaratadi. Ustoz juda ko‘p shogirdlar yetishtiradi.

Mashhur san’atkor Yunus Rajabiy shunday eslaydi: “Poytaxt Camarqand shahridagi paytlarda, Rizqi Rajabiy, Imomjon Ikromov, yana bir qancha san’atkorlar Hoji akaning uylarida yashab qo‘shiq o‘rganardik. Men Hoji aka aytgan qo‘shiqlardan ta’sirlanib ertalabgacha uxlay olmasdim. Va birorta kuyni dilimga joylash uchun sekin xirgoyi qilib takrorlardim. Bordi-yu, biror joyni xato qilsam bormi, Hoji aka yotgan joyida menga qayrilib, «Hoy Yunusvoy, undoq emas mana bundoq bo‘ladi» deb o‘zlari aytib berar­dilar”.

Hoji Abdulaziz Abdurasulov ijrosida qator qo‘shiqlar gramplastinkalarga, radio tasmalariga yozib olingan. Ustoz hofiz sakson yoshda ham 1933 yil fevral oyida bo‘lgan O‘zbekiston san’atkorlarini birinchi slyotida qo‘shiq aytish baxtiga muyassar bo‘lgan. Shu kuni hoji Abdulaziz Abdurasulov va domla Halim Ibodovga «O‘zbekiston xalq hofizi» faxriy unvoni berildi. Mustaqillik yillarida «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berildi. Uning nomida Samarqand shahrida yosh xonandalar­ning respublika ko‘rik tanlovi o‘tkazib turiladi.

Sultonali Mannopov