G‘urbat (1850/53-1918)

G‘urbat (taxallusi; asl nomi Abdulla Maxdum Karimberdi o‘g‘li) (1850/53 — Farg‘ona viloyati Beshariq tumani — 1918) — shoir. Qo‘qonda Muhammad Alixon madrasasida o‘qigan.

O‘zbek va tojik tillarida diniy-tasavvufiy va dunyoviy mavzularda ijod qilgan. Asarlarining katta qismini lirik g‘azallar tashkil etadi. Ularda dunyo norasoligidan nola-faryod qilgan, ilohiy va insoniy muhabbatni, yaxshi xulqlarni, ilm-ma’rifatni ulug‘lagan, yaramas fe’l-atvorli kishilarni hajv qilgan («Ohkim shod aylamas…», «Qo‘limda pora yo‘q…», «Gulo, ovorai har du jahon qilding…» va b.).

Uning Qo‘qon-Namangan-Andijon sayohatlari haqidagi xotiralari mashhur. G‘urbat she’rlaridan devon (10 ming misraga yaqin) tuzgan. Unga 442 g‘azal, 25 muxammas, 12 ruboiy, 7 murabba’, 3 marsiya, 1 ta’rix va 2 chorbayt kirgan. «Devoni G‘urbat» qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №10067).