Goga Hidoyatov (1930-2015)

Tarixchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Goga Abrorovich Hidoyatov 1930 yilning 9 may kuni Toshkent shahrida mashhur drama aktyorlari Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘rayevalarning oilasida dunyoga kelgan. M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida o‘qigan.

1958 yildan boshlab turli ilmiy muassasalarda faoliyat yuritib keldi. O‘z ilmiy faoliyatini O‘zSSR FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim sifatida boshladi; 1994-1999 yillarda O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori bo‘ldi. 2005 yili pensiyaga chiqdi, lekin ilmiy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymadi va umrining oxiriga qadar yozishda davom ettirdi.

15 ta monografiya, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, jahonning yangi tarixi bo‘yicha qator darsliklar muallifi. Edvard Ollvortning The Modern Uzbeks (Zamonaviy o‘zbeklar) kitobining alohida boblarini ingliz tilidan tarjima qildi. “Tyurkskaya tsivilizatsiya” (Turk tsivilizatsiyasi) kitobi ustida ishladi va uni yakunlashga ulgurdi.