Mavlonov G‘ani Orifxonovich (1910.15.1 — Toshkent — 1988.12.3) — geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1960), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1970). Geologiya-mineralogiya fanlari doktori (1955), professor (1957).
Ikkinchi jaxrn urushi katnashchisi. O‘rta Osiyo industrial institutini tugatgan (1935). 1940—41 yillarda shu institutda dekan, dotsent. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya institutida ilmiy xodim (1946-49), laboratoriya mudiri (1949-55) va direktor (1956—60). Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti direktori (1960—66). 1966 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktori bo‘lib ishlagan.
Ilmiy ishlari lyos va lyossimon jinslarning genetik tiplari, muhandislik geologik xususiyatlari, fizik-mexanik xossalariga bag‘ishlangan. G‘ani Mavlonov O‘rta Osiyoda tarqalgan to‘rtlamchi davr yotqiziqlarini yoshiga qarab to‘rt davrga bo‘ldi va ularning tarkalgan maydonlarini xaritaga tushirdi (1949). Toshkent zilzilasidan keyin seysmologiyaga oid tadqiqotlar bilan shug‘ullangan. Jumladan, Toshkent shahri va shahar atrofini seysmik mikrorayonlashtirish xaritasini, 1978 yil «O‘zbekistonni seysmik rayonlashtirish» xaritasini yangi tahrirdagi variantini tuzish ishlariga rahbarlik qilgan. Zilzilalar jarayonida yer osti suvlari va gaz tarkiblarining o‘zgarishi haqida ilmiy kashfiyot muallifi.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1981). G‘ani Mavlonov nomiga Toshkent shahrida kucha, Seysmologiya instituti qo‘yilgan, shu institutda G‘ani Mavlonovga bag‘ishlangan muzey (1990) mavjud.