Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li (1872, Jizzax viloyati Baxmal tumani Loyqa qishlog‘i — 1955.17.3, Samarqand viloyati Bulung‘ur sh.) — o‘zbek xalq shoiri, baxshi. Yo‘ldosh Mulla Murod o‘g‘lining shogirdi. Bulung‘ur dostonchilik maktabining eng yirik va so‘nggi vakili. Yetimlikda o‘sgan. Cho‘ponlik qilgan. Dostonchilikka havasi erta uyg‘ongan. Yoshligida do‘mbira chertishni, terma aytishni mashq qilgan.
20 yoshlarida ustozi Yo‘ldosh shoirdan dostonchilik sirlarini o‘rgangan. Yosh baxshi xalq o‘rtasida ustozi uyushtirgan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, 25—26 yoshlarida yetuk dostonchi sifatida tanilgan.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yo‘ldoshbulbul, Yo‘ldosh shoir, Ko‘ldosh, Suyar kabi Bulung‘ur dostonchilik maktabining peshqadam dostonchilaridan adabiy an’anani qabul qilib olgan, uni puxta egallab, kjeak badihago‘ylik bilan boyitgan va o‘zbek dostonchiligini yangi bosqichga ko‘targan.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li repertuari mavzu va janr jihatidan boy va rang-barang. U 40 dan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va yuksak mahorat bilan kuylagan. Undan «Alpomish», «Yodgor», «Yusuf bilan Ahmad», «Murodxon», «Rustamxon», «Shirin bilan Shakar», «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi», «Avazxonning o‘limga hukm etilishi», «Malika ayyor», «Mashriqo», «Zulfizar», «Balogardon», «Intizor», «Nurali», «Jahongir», «Zevarxon», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Baxrom va Gulandom», «Oshiq G‘arib» kabi 30 ga yaqin doston yozib olingan.
Shoir qahramonlik, romanik, tarixiy dostonlar hamda kitobiy dostonlarning eng yaxshi namunalarini kuylab kelgan. «Alpomish» dostoni uning ijodida alohida o‘rin tutadi. Bu dostonning o‘zbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin variantlari orasida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li varianti eng mukammali va badiiy jihatdan barkamoli hisoblanadi. Unda shoirning yuksak dostonchilik mahorati to‘la namoyon bo‘lgan.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li zamonaviy mavzularda ham qator doston va termalar yaratgan. Uning «Mamatkarim polvon», «Jizzax qo‘zg‘oloni», «Kunlarim» kabi dostonlari, «Jangchi o‘g‘limga», «Elat botir», «Ota nasihati», «Qurollanint», «Er yigitlar, maydonga!», «Jahon tinglagay», «Bolalarimga», «Pushkinga» kabi termalari shular jumlasidandir.
Baxshi kuylagan xalq dostonlari Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir, Po‘lkan, Abdulla shoir kabilar repertuari va original asarlari bilan birgalikda o‘zbek dostonchiligi va adabiyotiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Shoir merosi keng o‘rganilmoqda. Shoir dafn etilgan Bulung‘ur shahrida muzey tashkil etilgan va unga haykal o‘rnatilgan. (To‘ra Mirzayev)