Chustiy (1904-1983)

Shoir Chustiy mumtoz adabiyotimiz bilan yangi davr adabiyoti oralig‘idagi ko‘prikni yaratgan va aruznavislik san’ati an’analarini rivojlantirgan adiblar sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra u Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy kabi g‘azalnavis va qo‘shiqchi shoirlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Chustiy shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, u Namanganning Chust tumanida tavallud topgan. Asl ismi sharifi Nabixon (Nabixo‘ja) Nurillaxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, u 1904 yilning 20 fevral kuni to‘quvchi-hunarmand oilasida dunyoga kelgan.  1916 yildagi o‘lkada hukm surgan o‘zgarish va beboshliklar tufayli o‘n to‘rt jonli Nabixonlar oilasi Qo‘qonga ko‘chib borib, to‘quvchilik ishlari bilan shug‘ullanadi. Bo‘lg‘usi shoir ham o‘n ikki yoshidan ota kasbiga mehr qo‘yadi, oilaga yordamlashadi. Ayni paytda u eski maktab va madrasalarda ta’lim oladi.

Chustiy Oktyabr to‘ntarishidan keyingi qariyb 60—70 yil davomida sovet xo‘jalik tarmoqlarida, madaniy-ma’rifiy markazlarda, ilmiy-adabiy o‘choqlarda faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, 1930—1939 yillarda kolxozlarda, matlubot jamiyatlarida mas’ul lavozimlarda ishlaydi. 1940—1946 yillarda esa Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida avval adabiy emakdosh, so‘ng direktor lavozimida xizmat qiladi. 1944—45-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Adabiyot jamg‘armasida direktor bo‘lib ishlaydi. So‘ng nashriyotlarda tarjimon sifatida faoliyat ko‘rsatadi. 1970—1976 yillarda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. 1976 yildan boshlab unga respublika ahamiyatiga molik nafaqa tayinlanadi. Undagi she’riyatga, ijodga havas ancha erta uyg‘ongan bo‘lsa ham, mustaqil ijod yo‘liga o‘n sakkiz-yigirma yoshlarida qadam qo‘yadi. Bunda Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari ijodining ta’siri kuchli bo‘ladi. Chustiyning shoir sifatida shakllanishida «Turabiy» taxallusi bilan g‘azal, muxammas va masnaviylar yaratgan otasi Nurillaxo‘janing ham ta’siri yo‘q emas.

Chustiy butun umri davomida yigirmaga yaqin she’riy to‘plam yaratgan va nashr ettirgan bo‘lib, ular janr va uslub jihatdan boy va ranggo-rangdir. Uning «Qo‘zg‘ol» (1942), «Shamshir» (1943), «Lolazor» (1945), «Hayot zavqi» (1951), «Gul mavsumi» (1969), «G‘azallar» (1978), «Yod eting kamtarin Chustiyni ham» (1984) kabi qator she’riy majmualari qatorida «Zafarnoma» (1939), «Tiriklayin jannatga kirgan kampir» (1939), «Kiyiknoma» (1940), «Gul sadosi» (1949), «Uyg‘urobod» (1948), «Bog‘i eram» (1978) kabi dostonlari ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, shoirning mumtoz adabiyotimiz an’analaridan oziqlangan «Hayotnoma» (1988), «Sadoqat gullari» (1992), «Ko‘ngil tilagi» (1994) kabi devonlari kitobxonga Sharq — musulmon axloqi falsafasini singdirishda estetik rol o‘ynaydi. Uning so‘nggi «Ko‘ngil tilagi» devoniga kirgan bir qator g‘azallar, muxammas va masnaviylar bu jihatdan muhim qimmatga egadir.

Chustiy qo‘shiqchi shoir sifatida ayniqsa, mashhur edi. Uning o‘nlab g‘azallari 30-yillardayoq grammplastinkalar-ga muhrlanib qolgan. Shoirning «Yorimga savol», «Noz etma», «Avora bo‘lma deydi», «Ming baloni yengadi», «Muhtoj bo‘lmag‘ay», «Surmaga muhtoj emas», «Bevafolarning ishi», «Oshno bo‘lmay turib» va «Onanoma» kabi o‘nlab ko‘shiqlari hozirgi kunda ham xonandalarimiz sozi va ovozida baralla yangramoqda.

Chustiy dramaturg va tarjimon ham edi. U boshqa mualliflar bilan hamkorlikda «Davron ota», «Qurbon Umarov» va «Jasur oila» kabi sahna asarlarini yozgan. Hofiz, Sobir Termiziy, Mirza G‘olib, Ali Sardor, M. Tursunzoda asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Chustiy 1983 yil 13 avgustda vafot etadi.