Baxtiyor Isabek 1945 yilda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyati, Sulton Rabot qishlog‘ida tug‘ilgan. 1961-1966 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi pedagogika universiteti) tarix-filologiya fakultetini tamomlagan.
Ilk mehnat faoliyatini 1966 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasida laborant sifatida boshlagan. 1968-1993 yillarda sobiq ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Uning ilk kitobi 1984 yilda Iristoy Qo‘chqortoyev bilan hamkorlikda yozilgan va nashr etilgan “Turkiy filologiyaga kirish” qo‘llanmasidir. 1995 yilda “Sayram” risolasini, 2006 yilda esa Qozog‘istondagi o‘zbek maktablarining 10-sinfi uchun “O‘zbek tili” darsligini yozgan. Shuningdek, “Sulton Rabot”, “Erk yo‘lida”, “Turkologiyaga kirish”, “Qiziqarli ona tili”, “O‘g‘uznoma”, “Yassaviy hikmatlari lug‘ati” kabi o‘nlab asarlar muallifi va “Yassaviy nasabnomasi va Amir Temur” kitobiga so‘zboshi yozgan.
Bundan tashqari, Turkiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha tarixchi va sharqshunos olim Boymirza Hayitning “Turkiston Rossiya va Xitoy oralig‘ida”, Fuod Ko‘pruluning “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar”, Lev Gumilyovning “Qadimgi turklar” asarlarini hamda qozoq yozuvchisi O‘ljas Sulaymonovning “Az i Ya” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Olimning shu kunga qadar beshta ilmiy asari va 200 dan ortiq maqolalari chop etilgan. U Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi xalqaro mukofot sohibidir.
Baxtiyor Isabek 2025 yil 9 noyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

