Atoqli rejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Xalq artisti Bahodir Tursunovich Yo‘ldoshev 1945 yil 7 sentyabrda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini O‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) artisti lavozimida boshlagan. Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlangan. 1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Eng yaxshi spektakllari: «Ro‘yxatlarda yo‘q» (B. Vasilev), «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Farmonbibi arazladi» (S. Ahmad), «Nodirabegim» (T. To‘la), «Yulduzli tunlar» (P. Qodirov), «Zebunniso» (Uyg‘un), «Maysaraning ishi» (Hamza), «Qora kamar» (Sh. Xolmirzayev), «Iskandar» (A. Navoiy), «Arshin mol olon» (U. Hojibekov), «Malika» (Fotima Galer), «Buyuk ipak yo‘li» (M. Bafoyev musiqasi asosida), «Buxoroyi sharif» (S. Ayniy asari asosida), «Tog‘a-jiyanlar» (R. Bobojon) va b.
Bir qancha boshqa teatrlarda ham spektakllar qo‘ygan: Muqimiy teatrida «Nodirabegim», Laos teatrida «Kelinlar qo‘zg‘oloni», AQShda «Dunyo yoshlari», Konibodom teatrida «Sudxo‘rning o‘limi», Sirdaryo teatrida «Dardimni kimga aytay», «Ma’mura kampir», Samarqand teatrida «Nodirabegim», «Checha», «Buyuk ipak yo‘li», Navoiy teatrida «Alisher Navoiy» operasi va b.
U, shuningdek, mamlakatning turli sanalariga bag‘ishlangan bayram tomoshalarini sahnalashtirgan: «Ulug‘bek yubileyi» (1994), «Navro‘z» (1995), «Amir Temur yubileyi» (1996, Registon), «Sharq taronalari» (1997) va b. shular jumlasidan.
Kinoda aktyor sifatida Olchinbek («Olovli yo‘llar»), Muxtorov («Tog‘dagi uchrashuv»), Sherzod («Olmos kamar»), Sobirov («Oshpaz») kabi obrazlar yaratgan.
Bahodir Yo‘ldoshev 2009 yilda “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilgan.
B.Yo‘ldoshev “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” hamda “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlari, “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
Bahodir Yo‘ldoshev 2021 yil 16 may kuni 76 yoshida vafot etgan.
Maqolalar:
Tafakkur to‘lqinlantirgan qalb… (Bahodir Yo‘ldoshev bilan monolog) (2014)
Hamza, ishq, olovli kulcha yoxud tomoshabinni hamdardga aylantirish san’ati (2013)
Eldor Muxtorov. Shamolda yongan olov