Zehnli qiz

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir chol bilan kampirning bitta-yu bitta qizi bor ekan. Qizi bo‘y yetib, sovchilar qatorlashib kela boshlashibdi. Qiz hech qaysilariga unamas ekan.
Bir kuni chol bilan kampir qizlarini daryoning narigi tomonidagi qishloqda yashaydigan bir oilaga beradigan bo‘lishibdi. Buni eshitgan qiz rosa xafa bo‘lib yig‘labdi. Chunki qiz u tomonga kelin bo‘lib tushishni hech xohlamas ekan. Lekin chol bilan kampir o‘z aytganlaridan qaytmay, qizlarining ra’yiga qarashmabdi. Shunda qiz:
— Men daryoning u betiga kelin bo‘lib tushsam, bitta-ikkita bolalik bo‘lganimda, o‘z uyimga kelayotganimda birini ko‘tarib, ikkinchisini yetaklab olgan bo‘laman. Shunda yetaklab kelayotgan bolam daryoga tushib ketsa, topa olmay rosa yig‘lab o‘tirsam, — deb, onasining yoniga borib yig‘lay boshlabdi. Kampir:
— Nega muncha yig‘layapsan, qizim? — deb so‘rabdi. Qiz haligi gaplarini qaytarib, yig‘layveribdi. Bu gapni eshitib, kampir ham yig‘lashga tushib ketibdi. Bir payt chol kelib qarasa, kampiri bilan qizi yig‘lab yotishibdi. Chol yig‘ining sababini so‘rasa, qizi yana o‘sha gaplarni qaytaribdi. Chol ham yig‘lashga tushibdi. Shunday qilib uchalalari rosa yig‘lashibdi. Oxiri chol bilan kampir qizlarini narigi tomondan kelgan sovchilarga bermaslikka rozi bo‘lishibdi.