O‘tgan zamonda Oq podshoh bilan Qora podshoh bo‘lgan ekan. Ikkisi ham doimo bir-biri bilan urushib, bir-birini yengga olmas ekanlar. Kunlardan bir kuni Oq podshoh o‘z vaziriga: shahardagi butun botir va polvonlarni yig‘ib, urush maydoniga jo‘natish uchun buyruq beradi. Vazir polvonlarni qidirmoq uchun bozorga boradi.
Vazir bozorda polvonlarni izlab yurganida unga bir kal uchraydi, Vazir kaldan:
— E, kal, shu bozorda sen hech bir polvon ko‘rganmisan? — dedi. Kal:
— Taqsir, polvon sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi? — dedi. Vazir:
— Oq podshohimiz Qora podshoh bilan bo‘ladigan urushda yengib chiqishi uchun polvon kerak, — dedi. Kal:
— E, taqsir, o‘sha siz izlab yurgan polvon, er-sher odamingiz men bo‘laman, — dedi. Vazir asosiy muddaoni aytib:
— Agar sen qo‘rqoqlik qilib qochsang, tutib olib shartta kallangni olaman, — dedi. Kal:
— Agarda men podshohning buyurganini qila olmasam, meni so‘yib, go‘shtlarimni qiyma qilib, bozorda sarson qiling! — dedi. Ikkovlari podshoh oldiga keldilar. Podshoh kalning salomiga alik olmay:
— Xo‘sh, kal, sen nima uchun kelding, — dedi. Kal podshohga qarab:
— Sizning xizmatingizga keldim, buyuring, bajaraman, — dedi. Podshoh vazirga qarab g‘azablanib: “Sen hali menga shu odamni olib keldingmi?” — dedi.
Vazir ta’zim qilib podshohga:
— Taqsir podshoh, sizning buyrug‘ingizga binoan men bozorga polvon va botirlarni qidirgani borgan edim. Shunda boshini qashib o‘tirgan shu kalni ko‘rdim. So‘ngra men kaldan botirlarni so‘radim. Kal menga qarab:
— Sizga botir va polvonlar nima uchun kerak? — deb so‘radi. Men:
— Oq podshohning Qora podshoh ustidan yengishi uchun kerak, — dedim. Shu vaqtda kal:
— Xuddi sizning aytgan kishingiz men bo‘laman, hamma ishingizni men bajaraman, — deb qasamyod qilib, sizning oldingizga keldi, — dedi.
Podshoh yostiqqa suyangan holda kalga qarab: “Ha… ha… hali sen Qora podshohni yengib, uning qizini va mol-u dunyosini olib beradigan bo‘ldingmi”, — dedi. Podshoh biroz o‘ylab:
— Xo‘p, mayli, kal, sen agar urushda yengilib qolsang, u vaqtda seni o‘ldirib, go‘shtingni qiyma qilib, bozorda sarson qilish u yoqda tursin, tanangni tegirmonga solib, un qilib, go‘shtingdan chuchvara pishirtirib, onangga berib bozorda sottiraman, —dedi. Kal podshohga ta’zim qilib, qo‘rqmay botirlarcha javob qaytardi:
— Xo‘p, mayli, agar men yengilsam bilganingizni qiling! Bordi-yu, Qora podshohni yengsam, u vaqtda podshohning qizini o‘zim olaman. Shu shartni men oldindan aytib qo‘yishim kerak, — dedi. Podshoh: “ha… ha…” deb kuldi va:
— Nima bo‘lsa-da mayli, ishqilib Qora podshohni yengib, mening obro‘yimni olib ber! — dedi.
Vazir podshohga ta’zim qilib, “Taqsir, bo‘lmasa vaqtni o‘tkazmay, ishni boshlaylik”, dedi. Shu vaqtda podshoh kalga:
— Xo‘sh, kal, senga qanaqa ot kerak? — dedi. Shunda kal:
— Bo‘lmasa men sizning otlaringizni bir-bir ko‘zdan kechirib chiqay-chi, menga loyig‘i bormikin, shundan so‘ng tanlab olaman, — dedi. Podshohning otxonasida bir yuz qirqta oti bor edi. Kal bularning ichidan hech birini yoqtirmadi: kal otlarni qarab yurganida, otboqarlar: “Hali, Qora podshohni yengib, qizini olib beradigan botir shumi, va-a-a” deb, mayna va kalaka qilishdi. Kalning achchig‘i chiqdi va bularning shu mayna qilishiga bozordan bir ot tanlab olay-chi, so‘ngra Qora podshohni yengganimni tomosha qilsinlar, deb o‘ziga qattiq ahd qildi. Kal bilan vazir podshoh oldiga chiqdilar. Kal salom berib podshoh oldiga kirdi. Podshoh:
— Xo‘sh, kal, senga qaysi ot yoqdi? — dedi. Kal iljayib yerga qarab:
— E, podshoh, bu otlaringiz ichida menga hech biri ma’qul tushmadi, — dedi.
Podshoh ancha ta’nalardan so‘ng kalning bozordan o‘zi istagan otni sotib olishiga rozi bo‘ldi. Podshoh vazirga:
— Sen bu kalni bozorga olib bor, ana u tokchadagi tillalardan yettitasini ol, shu bilan kalning ko‘nglidagidek otni olib kelinglar! — dedi. Vazir va kal yetti tillani olib bozorga ketishdi. Bozordagi otlar kalga ma’qul tushmadi. So‘ngra vazir bilan bozorni aylanib yurganda, bir keksa chol dehqon bir otni bozorga yetaklab kirdi. Ot bozorga kirdi-yu, yiqildi. Kal bilan vazir otni ko‘rishdi. Kal vazirga: — E, vazir, ana shu ot mening ko‘nglimdagidek ekan, qani endi egasi sotsa, men olar edim, uni qarang, ot meni ko‘rib uyalib yotib oldi-ya, — dedi. Vazir kalning bu so‘ziga kulib:
— E, kal, bu otingni it ham iskamaydi-ku, — dedi. Kal:
— E, taqsir, vazir, meni yo‘ldan chiqarmang va o‘rgatmang! Siz anovi Errayimboyni tanimaysizmi, u ham ochlikdan yiqilib, so‘ngra bozorda gadoychilik qilgan. Endi u gadoychilikdan boy bo‘lib, podshohga vazir bo‘libdi. Yaqinda u Errayimboy podshoh qizini olib, uning taxtiga o‘tirmoqchi emish, u men bilan ilgaridan qalin o‘rtoq va tanish edi. Ajab emaski, bu ot ham o‘shanga o‘xshab, mening yonimda yo‘ldosh bo‘lib, yaxshilanib ketsa, ikkalamiz Qora podshohni yengib, Oq podshohning qizini olsak. Men shu umidimga erishaman, albatta, — dedi.
Kalning qistovi bilan majolsiz, xarob otni savdo qilib, chol yarim tilla so‘rasa, kal uch tilla berib turganda, bozor oqsoqoli:
— Nima gap, nima gap, qanchaga bitishdingiz, ota, — deb kelib qoldi. Chol bo‘sh bo‘lganidan:
— Shu o‘g‘lim, mana shu otim uchun uch tilla bermoqchi bo‘lib turibdi, — dedi. Oqsoqol va bozor dalloli otning bahosini ming chorak tilla, dedilar. Qolgan tilla bozor va bizning haqimiz uchun, desa, kal bir do‘q qilib, bozor oqsoqoli va dallolni quvib berdi. Vazir qizarib-bo‘zarib, uyalib chetga chiqib turaverdi. Kal cholga uch tillani berdi.
Chol duo qilib, xursand bo‘lib ketdi. Kal bir aravakashning aravasini kira qilib, otni aravaga solib podshoh oldiga olib keldi. Vazir esa nomus qilganidan kaldan keyin biroz kechikib podshoh oldiga keldi.
Podshoh kalning keltirgan otini ko‘rib, “qah-qah”… urib:
— E, kal, sen hali shu ot bilan Qora podshohni yengmoqchimisan, bu oting shamolga qulaydi-ku!.. Men senga bulutga sakraydigan yaxshi ot olib beray, tashla buni, — dedi. Kal:
— Mayli, nima bo‘lsa o‘zimdan, ishingiz bo‘lmasin, yengib chiqsam bo‘ldimi? — deb podshoh, vazir va otboqarlarning so‘ziga quloq solmadi. Kal otni ikki oy-u yetti kun boqdi, yana yetti kun sovitdi. So‘ngra ot yetilib, yaxshi ot bo‘ldi. Oldiga boshqa odamni yo‘latmaydi. Podshoh kalga:
— Oting tayyor bo‘ldimi, urushmoq uchun tayyormisan? — dedi. Podshoh otni ko‘rdi va:
— Kal, endi omading kelibdi, mening obro‘yimni endi oladigan bo‘libsan, lekin boshda ichgan qasamingni unutma, — dedi. Otning tayyor bo‘lganini ko‘rgach, podshoh kaldan so‘radi:
— Xo‘sh, kal, endi senga qanaqa qurol va qancha askar kerak, — dedi.
Kal:
— Menga otimdan boshqa hech narsa kerak emas, na qurol va na askar… Menga ruxsat etsangiz, otamdan qolgan qurol bor edi, shuni borib olib kelsam, — dedi. Podshoh javob berdi. Kal o‘z uyiga borib:
— Ona! Otamdan qolgan urush qurollarini ber, — dedi. Onasi:
— Voy bolam, otangdan hech narsa qolgan emas. Hamma mayda-chuyda uy ro‘zg‘orlarni ham sotib, seni to‘ydirish uchun sarf qilganman, — dedi.
Kal:
— E, ona, otamdan juda bo‘lmasa, eski oshpichoq bilan kosov ham qolgan emasmi? — dedi.
— Ha, bolam u bo‘lsa bor, eshikning tepasidadir, — dedi. Kal oshpichoqni va o‘choq boshidagi kosovni olib jo‘naydi.
Podshoh bu holni ko‘rib qo‘rqadi — o‘zidan xavf oladi. Podshoh: “Hech bo‘lmasa, bir qilich bilan bir kamon ol” desa, kal:
— Yo‘q, menga oshpichoq, kosov ham shu otdan boshqa hech narsa kerak emas, shular menga yo‘ldoshdir, — deb ovqatlarni g‘amlab olib, podshoh bilan xayr-xo‘shlashib urushga jo‘naydi.
Kal urush maydoniga borib bir tolning tagida yotadi. Qorni ochganida qattiq nonni yeb o‘tiradi. Shu vaqt kalning oldiga o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi chiroyli bir bola keladi. Bola kaldan:
— E, kal, sen bu yerda nima qilib yotibsan? — deb so‘raydi. Kal bolaga:
— E, o‘rtoq, mening ishimni qo‘yaver, mening boshimga shunday ish tushganki, tog‘dan og‘ir, toshdan qattiq. Bola:
— E, kal, ayt siringni, meni sen do‘st deb bilmaysanmi? — deydi.
Kal:
— Agar sen mening ishimga yordam bersang, aytaman, — deydi. Bola:
— Xo‘p bo‘lmasa, sening ishingga men yordam berganim bo‘lsin, — deydi. Shunda kal:
— Menga Oq podshoh tog‘dan og‘ir, toshdan qattiq, yechib bo‘lmaydigan bir ishni berdi. Oq podshoh bilan Qora podshoh urushib, hech bir-birovini yenga olmas ekan. Oq podshoh meni Qora podshoh bilan urushib, yengish uchun yubordi. Vaqt oz qoldi, urush maydonida Qora podshoh meni kutib turibdi.
Ikkisi gaplashib turganida Qora podshohning “Urushni boshlaymiz, tayyor bo‘l, dushman!” degan xabari keladi. Kal:
— Ana, urushga buyruq bo‘ldi, do‘stim, endi nima qilamiz? — dedi. Bola:
— Qani, bo‘lmasa, sen anavi uyga borib ovqatingni qilib o‘tira ber! Otingni menga ber, sen aralashma, o‘zim yengib beraman, — deydi-da, otni minib, Qora podshohga qarshi urush maydoniga otni choptirib ketadi.
Bola uch duoni o‘qidi: birinchisida o‘zi po‘latdan kiyindi, ikkinchisida oti ham po‘latga aylandi, uchinchisini o‘qiganda, yig‘sa bir gaz, yozib yuborsa qirq gaz bo‘ladigan bir qilich qo‘lida paydo bo‘ldi. Qora podshoh urush e’lon qildi, jang qizib ketdi. Bola urushib, Qora podshoh askarlarining to‘rtdan uch qismini qirib tashlaydi. Bir bo‘lagi qolganda podshoh askarlarining hammasi qochib ketadi. Bola va otning badaniga o‘q kirgan edi, bola bir duo o‘qib, o‘zini va otni silkitsa, duv etib badanlaridagi o‘qlar tutdek to‘kiladi. Urush maydoni dushman askarlarining o‘ligi bilan to‘lgan edi. Oqayotgan qon esa otning bo‘yniga yetadi. Bola Qora podshohni yengib, kalning oldiga keladi va dushmanni yengganini, Qora podshoh askarlarining to‘rtdan uch qismini qirib tashlaganini va askarlarining to‘rtdan bir qismi qolgani to‘g‘risida aytadi.
Kal va bola ovqatlanib olishadi. Ovqat yeb turganlarida yana Qora podshoh karnay chaldiradi. Bola shaylanib yana urushga kiradi. Bu oxirgi urushga podshohning o‘zi ham kelgan edi. Podshoh bolani ko‘rishi bilan tumtaraqay bo‘lib orqasiga qaramay qochib ketadi. Askarlarining hammasi yengiladi. Bola kalning oldiga keladi va butun voqeani aytib beradi. Bola bilan kal Oq podshoh oldiga kelishadi. Yo‘lda bola kalga:
— Men bir o‘zim Qora podshohni yengdim, deb aytgin, — deydi.
Kal kelib xursand bo‘lib podshohga butun voqeani aytib beradi. Podshoh va uning odamlari bu ishga hayron bo‘ladilar. Kalning og‘zi qulog‘iga yetadi. Oq podshoh suyunganidan kalning peshonasidan o‘padi.
— Mening obro‘yimni olib beribsan, ko‘p yasha, kal, deb yelkasiga qoqadi. Ertasiga Qora podshohdan elchilar xat olib keladilar. Bu xatda meni yenggan bahodir kim edi, men o‘shanga qizimni beraman, deyilgan va Oq podshoh odamlari bilan kelsin deb, chaqirtirilgan ekan. Oq podshoh o‘zining eng yaqin kishilari bilan birga kal va bolani olib Qora podshohnikiga boradilar. Kal va bola bir otga mingashib boradi. Har xil ovqatlar bilan Qora podshoh uch kecha-yu uch kunduz mehmon qiladi. Oq podshoh odamlari endi ketamiz, deb turganlarida, Qora podshohning bir qari vaziri turib:
— Ey, do‘stlar, hammamiz bir poyga qilaylik, qaysi birimiz marraga oldin yetib borsak, Qora podshoh qizini shunga bersin, — deydi. Oq podshoh odamlari rozi bo‘ldilar. Shu vaqtda bola kalni bir chekkaga chaqirib olib, duo o‘qiydi-da, bir yaxshi ot paydo qiladi va kalga qarab:
— Kal, sen shu otga min va poygada ishtirok qil, men qarab turaman, chopish boshlanganda sen jim turaver, boshqalardan uch soat keyin sen chopasan. Sening oting bir sakraganda olti chaqirim yo‘lni bosadi, — deb kalning qulog‘ini pishitadi.
Chopish boshlandi. Kal uch soat keyin chopdi va ulardan to‘qqiz soat ilgari borib turdi. Bu ishlarga Qora podshoh qoyil qolib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomoshalar bilan qizini kalga nikohlab berdi. Oq podshoh ham qaytadan to‘y qilib berdi. To‘ydan so‘ng bola kaldan ketish uchun ijozat so‘raydi. Kal javob bermaydi. Bola: “Juda ishim zarur” deb, ketishga tayyorlanadi. Bola ketayotganida kal:
— Ey, qadrdon do‘stim, juda bo‘lmasa ketish oldingda ismingni aytib ket va sendan menga birorta nom-u nishona qolsin, — dedi. So‘ngra bola cho‘ntagidan pakkisini chiqarib: “Shunga qarab “Vospiroxun” desang, men istagan joyingda, boshingga har qanday qiyinchiliklar tushsa ham yordam qilishga tayyor bo‘laman, bergan oshingga rozi bo‘l”, — deb pakkini berib, bola jo‘nab ketadi. To‘ydan uch kun o‘tgandan keyin kal xotiniga: “Mahsimni tort!” deydi. Podshohning qizi mahsini tortganda, qo‘njidan pakki tushadi, shunda kal: “E Vospiroxun” deb, pakkini uch marta o‘pib cho‘ntagiga soladi. Kalning bu so‘zlarini eshitgan yangasi kalga:
— Ey, hali siz Vospiroxunni bilar ekansiz-u, Qora podshohning qizini xotin qilib nima qilasiz? — deydi. Shu vaqtda kal:
— E, xola, nima dedingiz, yana qaytarib ayting, — deydi. Xotin yana qaytarib aytadi. Kal yangasidan:
— Hali Vospiroxun qizmi? — deb so‘raydi. Yangasi kalga:
— Hali Qora podshohni yenggan botir bo‘la turib, o‘z oldingizda birga yurgan odamni qizmi, erkakmi ekanligini ajrata olmadingizmi? — deydi. Kal:
— Eh, — deb peshonasiga bir urib, o‘rnidan turib jo‘nab ketadi. Kal ko‘p yuradi, ko‘p yursa ham mo‘l yuradi. Cho‘l yuradi, so‘ngra bir dashtga chiqadi. Dashtda uchta yo‘l uchraydi. Har yo‘lga — biriga “borsa kelar”, ikkinchisiga “borsa dargumon”, uchinchisiga “borsa kelmas”, deb yozib qo‘yilgan. Kal o‘ylab turib, borsa kelmasga qarab jo‘naydi. Kal bir joyga boradi va bir cholni uchratadi. Chol kalga:
— E, kal, sen bu qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan joyda nima qilib yuribsan? — deydi. Kal:
— Men bir o‘rtog‘imni qidirib keldim, — deydi. Chol:
— U o‘rtog‘ingning nomi nima, ayt — desa, kal:
— Ismi Vospiroxun, — deydi. Chol:
— Ey, bolam, Vospiroxunga ovora bo‘lmay qo‘ya qol, chunki sendan boshqa katta podshohlar ham shu Vospiroxunning bir tola sochi suvda oqib kelarmikin, deb suvga to‘r tashlab, intizor bo‘lib yuribdilar, sen ovora bo‘lmasang ham bo‘ladi. Bu yerdan o‘tish mumkin emas, bu qo‘rg‘on ichida devlar poylab yotibdilar, ular seni o‘ldirishlari mumkin. Vospiroxunning oldiga faqat biror nomi-nishoni, tutatqisi bo‘lgan odamgina bora oladi va bu yo‘ldan o‘ta oladi, — deydi. Kal:
— Mayli, nima bo‘lsa toleyimdan, — deb cholning so‘ziga quloq solmay o‘tib ketaveradi. Choldan o‘tib bir joyga borsa, bir darvoza ko‘rinadi. Darvozani sekin ochsa, o‘ng tomonda tuya, chap tomonda it bog‘langan.
Itning oldida poxol, tuyaning oldida so‘ngak turibdi. It suyakka, tuya poxolga tikilganlaricha turishibdi. Har ikkisi zanjir bilan mahkam bog‘langan. Kal poxolni tuyaga, so‘ngakni itning oldiga qo‘yadi-da, o‘tib ketaveradi. Yana bir eshik keladi. Eshikdan mo‘ralasa, hovlida devlar uxlagan, faqat bir dev eshik oldida qorovul bo‘lib turibdi. Kal Vospiro-xundan o‘rgangan duoni o‘qigach, bu qorovul dev ham tarashaday bo‘lib uxlab, qotib qolibdi. Shu vaqtda kal orqasidan bir mushuk kelayotganini ko‘radi. Mushukni sekin ushlab oladi, qarasa mushukning bo‘ynida qirqta kalit osig‘liq ekan. Kal cho‘ntagidan pakkini olib, mushukni o‘ldiradi va kalitni cho‘ntagiga soladi. Uyga kirsa, hamma yoq qulflangan, qayerdan chiqib ketishini bilmay qoladi. Qirq kalitning ichidan bir kattasini olib, uy eshigini ochadi. Uyda bir katta dev yotgan ekan. Kal Vospiroxun o‘rgatgan duoni o‘qib, tutatqini tutatsa, Vospiroxunning qilichi paydo bo‘ladi. Kal devni qiyma-qiyma qilib o‘ldiradi va bu uydan ko‘chaga chiqib ketadi. Kal ko‘p yuradi, oxirida bir joyga kelib yana qari cholga uchraydi. Chol:
— E, bolam, sen bu joyda nima qilib yuribsan? — deb so‘raydi. Kal:
— Men bir odamni izlab yuribman, — deb javob beradi. Chol:
— Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan bu joyda kimni izlab yuribsan, — deydi. Kal:
— Ey, ota, mening izlab yurgan kishimni hech kim bilmaydi. Men bir Vospiroxun degan qizni izlab yuribman, — deydi. Chol:
— Sen bu yerdan ketaversang bir yo‘l uchga bo‘linadi, sen o‘ng tomonga yurgin, so‘ngra ancha yurasan. Senga bir katta suv uchraydi, suv yoqalab ketaverasan, uch tarmoqli suv birga qo‘shilib ketadigan joy bor. Sen suvning haybatidan qo‘rqma va o‘zingni suv ichiga tashla, suvning ichiga tushganingda chuqurroq joyda bir uy ko‘rinadi. Sen borishing bilan bu uyning eshigi ochiladi. Sen eshikdan uyga kirasan, uyning to‘rida bir kampir o‘tirganini ko‘rasan. Bu kampir Vospiroxunning oyisi. Sen shu kampirga pakkini ko‘rsatib, Vospiroxunni so‘raysan va pakkini kampirga berasan, menga Vospiroxunni topib bering, deb aytasan. Shu bilan kampir senga Vospiroxunni topib beradi. Sening arz-dodingga shu kampir yetadi, — dedi.
Kal cholning ko‘rsatgan yo‘li bo‘yicha aytganini qiladi. Kal o‘zini suvga tashlaydi, suv tagidagi uyga kiradi. Kampirni ko‘radi. Vospiroxunni so‘raydi. Kampir:
— E, bolam, sen bu yerga qayerdan kelding, seni kim keltirdi, nima uchun kelding? — dedi. Kal:
— Men bir Vospiroxun degan qizni izlab keldim, u menga shu pichoqni belgi qilib bergan, — dedi. Kampir:
— E, qizimning baxti senga ochilgan ekan.
Kal:
— Qani, tezroq ayting, qizingiz qani va qachon keladi? — deb so‘raydi. Kampir:
— E, bolam, mana bu kalitni olib, shu yo‘lakdan to‘g‘ri, hu ko‘ringan uyga borasan. Uy tepasida “Vospiroxun” deb yozib qo‘yilgan, eshikni ehtiyot bo‘lib ochib qaragin. Qizim yaqinda uyquga kirgan, u qirq kun uxlaydi, o‘zingga ehtiyot bo‘l, tag‘in uning husnini ko‘rib o‘z hushingdan ketib qolma. Devorlarga qirqta tilla qoziq qoqilgan, sen qizimning qirq tola sochini shu qoziqlarga bog‘laysan. So‘ngra qizning ustiga o‘zingni tashlab, uni mahkam quchoqlab olasan. Tag‘in etaging devorga tegmasin. Qizim uch marta qo‘zg‘aladi, shu qo‘zg‘alishida ehtiyot bo‘l, choponingni bari devorga tegmasin, agar bari tegsa, qizim seni qayerdan kelgan bo‘lsang, o‘sha joyga otib tashlaydi, — dedi. Kal kampirning aytganini qiladi. Eshikni ochadi, qizning sochini tilla qoziqlarga bog‘laydi. O‘zini qizning ustiga tashlaydi. Qiz uch to‘lg‘anadi. Kalning bari devorga tegmaydi. Qiz uyg‘onadi va kalga qarab:
— Obbo, kal-ey, meni topib keldingmi, — deydi. Kal va Vospiroxun birga turmush kechiradilar.
Kunlardan bir kun kal uyda zerikkanidan Vospiroxunning qilichini olib, ovga ketish oldida qizga:
— Men uzoq joyga ketayotirman. Seni sog‘inib qolaman, shuning uchun rasmingni bersang, — dedi. Qiz:
— Men senga shu shart bilan suratimni beramanki, shamolda va suv bo‘yida ko‘rmaysan. Chunki mening soyamga oshiq bo‘lgan podshohlarning son-sanog‘i yo‘q. Mening bir tola sochimga zor bo‘lgan podshohlar suvga to‘g‘on solib, to‘r tikib poylab yotibdilar. Agar suvda mening rasmim borib qolsa, sen mendan ajralib qolasan, — dedi. Kal:
— Xo‘p, — deb qizning rasmini olib, ovga boradi. Ov juda qizib ketadi. Ovdan qaytadi va yo‘lda qizning aytgan sharti ko‘nglidan ko‘tarilib, ko‘p tutilgan ovga mahliyo bo‘lib, birdan suv bo‘yiga kelib qoladi. Rasm esiga tushib qoladi. Qo‘ynidan rasmni olib qaraydi, shu vaqt qattiq bo‘ron bo‘lib, kalning qo‘lidagi rasmni shamol uchirib olib borib suvga tashlaydi. Suv rasmni oqizib ketadi. Kal uyiga shalpayib, xafa bo‘lib qaytadi. Qiz:
— Nima uchun xafasiz? — deydi. Kal:
— Men bugun ko‘p ov ovladim. Shunga qiziqib ketib, sening shartingni unutib, suratingni suv bo‘yida ko‘rsam bo‘ladimi?.. Qattiq shamol turib, shu suratni uchirib ketdi, — deydi. Qiz:
— E, kal, bu ishni o‘zingga ham, menga ham qilmading, men senga tayinlagan edim-ku, endi, mayli, bo‘lar ish bo‘libdi, — dedi. Bular o‘z turmushlarini kechira bersinlar, endi ikki kalima so‘zni suratdan eshiting.
Surat oqib kelib bir podshohning to‘riga ilindi. To‘rni podshohning odami ko‘tarsa, bir qizning rasmi chiqdi. Baliqchi sevinib, yugurib rasmni podshohning oldiga olib boradi va:
— E, podshoh, Vospiroxun senga tegmoqchi bo‘libdi, o‘zidan ilgari suratini yuboribdi, — deb podshohga qizning suratini beradi. Podshoh sevinib, qizni kutadi. Podshoh o‘z vazir va baliqchilarini chaqirib “Shu qizni qanday bo‘lmasin olib kelsanglar. Kimda-kim shu qizni olib kelsa, umr bo‘yi tilla bilan boqaman, agar topib kelmasangizlar boshlaringni olaman”, dedi. Hamma odamlari har yoqqa tarqalishib qidira boshlaydilar, surat podshohda qoladi. Kunlardan bir kuni podshohning bir vaziri qidirib yurib, bir to‘yga kirib qoladi va u joydagi bir dasturxonchi kampirga bu voqeani aytadi. Kampir: “Vospiroxunni topib beradigan odamingiz men bo‘laman”, deydi. Vazir:
— Agar qizni topib kelmasang, podshoh seni mayda-mayda qiladi-ya, — deydi. Kampir:
— Agar podshoh mening aytganimni qilib bersa, bajaraman, — deydi. Vazir:
— Sen nima istasang podshoh qilib beradi, men bunga seni ishontira olaman, — deydi. Vazir kampirni podshoh oldiga olib boradi. Dasturxonchi shum kampir podshohga salom berib:
— Buyurgan ishingizni bajarish uchun vazir meni bu yerga olib keldi, — dedi. Podshoh:
— Falon joyda Vospiroxun degan bir qiz bor, shuni qanday bo‘lmasin olib kelishing shart, nima desang beraman, olib kela olmasang, boshing o‘limda, moling talonda, — dedi. Kampir:
— E, taqsir podshoh, siz shartingizni aytib bo‘lgan bo‘lsangiz, endi mening ham ikki og‘iz shartim bor, quloq solsangiz aytaman, — dedi. Podshoh:
— Xo‘p, ayt! — dedi. Kampir:
— E, podshoh, men nima desam, nima buyursam, shu narsalarni bajarasiz, — dedi. Podshoh:
— Aytganingni yuzaga keltiraman — bajarmasam o‘sha kundan boshlab podshohlikdan tushganim bo‘lsin, — dedi. Kampir:
— Menga bir kema yasab keltirasiz, u juda chiroyli va g‘alati bo‘lsin. Chap qulog‘ini burasam Vospiroxun eshigida, o‘ng qulog‘ini burasam sizning uyingiz oldida to‘xtaydigan bo‘lsin, kema ichi turli-tuman gazlama-mollar bilan to‘lsin. Bir ko‘k eshak va bir bolta ham berasiz, — dedi. Podshoh kampir aytganlarini tayyor qiladi. Kampir kemaga tushib chap qulog‘ini buradi, shunda kema Vospiroxun eshigi tagida bo‘ldi. Shu vaqt kal ovdan qaytayotgan vaqt ekan. Kampir kalni ko‘rib, ko‘k eshakning oyog‘iga bir bolta uradi-da, yig‘lab o‘tiradi. Kal yig‘lab o‘tirgan kampirni ko‘rib rahmi kelib:
— E, ona, nima uchun yig‘lab, dilingizni siyoh qilib o‘tiribsiz, — dedi. Kampir:
— E, bolam, hech so‘rama! Men har yili uch marta hajga borar edim.
Bu yil ikki marta borib, endi uchinchi marta boray, deb turganimda, sening eshiging oldida eshagimning oyog‘i sindi. Qayoqqa borishimni bilmay, shu joyda to‘xtab qoldim. Eshagimning oyog‘i tuzalguncha bir-ikki kun uyingga kirib tursam — savob bo‘lar axir, bolam, — dedi.
Kalning kampir holiga rahmi keladi va onasi ham xotinining “Kerak emas, kirgizma!” deganiga qaramay, kampirni uyiga olib kiradi.
Kampir ikki-uch kun kalning uyida turadi. Ikki-uch kundan so‘ng Vospiroxunga:
— E, kelinim, yuring boshingizni yuvib, tomosha qilib kelasiz, tashqarida — kemada juda ko‘p har xil mollar kelibdi, agar yoqsa, eringizga oldirasiz, — deydi. Vospiroxun:
— Yo‘q. Men erimdan so‘rayin, agar u ruxsat etsa, chiqaman, — dedi. Kechqurun kal kelganda, Vospiroxun kaldan so‘raydi. Kal:
— Sen nima bilan xursand bo‘lsang, men shunga rozi! —deydi. Birinchi kun Vospiroxun onasining qarshiligiga qaramay, kemaga kampir bilan birlikda chiqadi. Kal esa ovda bo‘ladi. Kampir bu paytdan foydalanib:
— Qizim, mana bu kiyimliklarni ko‘r, juda chiroyli va yaxshi ekan, — deb uni kemaga tushiradi va kemaning o‘ng qulog‘ini buraydi.
Kema podshoh taxti oldiga keladi. Vospiroxun:
— E, shum, yalmog‘iz kampir, meni sen qayerga olib kelding? — deb, kampirning yelkasidan ushlab ko‘tarib yerga bir uradi. Kampir yer ichiga kirib ketadi. Podshoh odamlari Vospiroxunni tutib oladilar va podshoh oldiga olib keladilar. Vospiroxun podshohga qo‘rqmasdan botirlarcha:
— E, podshoh, meni bu joyga nima maqsadda olib kelding, — dedi.
Podshoh:
— Vospiroxun, men seni olmoqchiman, shuning uchun bu yerga keltirdim, —desa, Vospiroxun:
— Agar meni xotin qilib olmoqchi bo‘lsang, u vaqtda bizning shahrimizda bir rasm-odat bo‘ladi, shuni bajarib, olasan, — dedi. Podshoh:
— Xo‘p, xo‘p, ayt! — dedi. Vospiroxun:
— O‘ttiz kun muddat beraman, shu muddat ichida uchta uy solasan, hammasi qo‘sh qavatli bo‘lsin, hammasi tilladan ishlansin, — dedi. Podshoh: “Xo‘p” deb rozi bo‘ladi va odamlariga buyuradi.
O‘ttiz kunda uchta tilla uy qurilib bitadi. To‘y vaqti yaqinlashadi.
Endi ikki og‘iz so‘zni kaldan eshiting. Kal ovdan qaytib uyga kelsa, Vospiroxun yo‘q, onasi esa:
— Ana, o‘g‘lim, men senga kampirni kirgizma deb, aytmagan edimmi. U kampir Vospiroxunni olib qochib ketdi, — dedi. Kal: “Eh…” deb peshonasiga bir urdi. Shunda onasi:
— Beri kel, men senga ko‘maklashay, — dedi-da, kalga og‘zini ochishga buyurdi. Kal og‘zini ochdi, kampir bir tupurdi. Kal qalandarga aylandi va shaydoyi bo‘lib Vospiroxunni izlab ketdi. Izlab keta turib, podshohning shahriga borib, bozorni aylanib yurdi.
Endi Vospiroxundan eshiting:
To‘y yaqinlashgan sari Vospiroxun o‘zini kasallikka soladi. Qiz o‘zining kasalligini aytib, yana uch kun muhlat so‘raydi. Podshoh:
— Xo‘p, — deb yana uch kun muhlat beradi. Qiz yangi uyga kiradi va podshohga so‘zlamay, diqqinafas bo‘lib, xafa holda o‘tiradi. Shu paytda podshoh qizdan:
— Nima uchun xafasiz? — deb so‘raydi. Qiz:
— Men nihoyatda zerikdim, qayerdan bo‘lmasin meni ovutadigan odam keltirsang, ko‘nglim ochilsa, — deydi. Shunda podshoh butun mashshoq, o‘yinchi, sozandalarni keltiradi, hech biri qizni xursand qilolmaydi. Eng oxiri vazirlardan biri bozorga tushib qalandar kiyimidagi kalni qizning oldiga olib chiqadi. Qiz qalandarni ko‘rib, o‘zining eri — kal ekanini biladi va yotgan joyida imlab qo‘yadi. Podshoh qalandar va qizni sharob bilan mehmon qiladi. Qiz ichmaydi.
Sharobning ko‘pini podshoh ichib, mast bo‘lib qoladi. Qalandar ohangini keltirib g‘azal o‘qiydi-da, podshohni juda mast qilib hushidan ketkazib qo‘yadi. Qiz kalga:
— Paytdan foydalanib qochmaymizmi? — deydi. Kal:
— Xo‘p, — deydi. Qiz xazinaga kirib, tilladan olib chiqmoqchi bo‘ladi. Kal devor tepasida o‘tiradi. Shu kechasi Vospiroxunni o‘g‘irlash uchun bir qancha o‘g‘rilar kelib, devor orqasida turgan edilar.
Kalni ko‘rgan o‘g‘rilardan biri, uni bir urib, devordan o‘raga tushirib yuboradi. O‘zi kalning o‘rniga devorga chiqib o‘tiradi. Qiz xazinadan tillani olib, kal deb o‘ylab, haligi o‘g‘riga uzata beradi. O‘g‘ri ham hamma tillani oladi va Vospiroxun qo‘lidan tortib ko‘chaga tushiradi va ikkisi kemaga tushib qochadilar. Vospiroxun o‘g‘ri boshlig‘ini kal deb o‘ylaydi; qarasa, u boshqa bir kishi bo‘lib chiqadi. Kema bir joyda to‘xtaydi. O‘g‘ri boshlig‘ining niyati buziladi. Oxiri qizni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Qiz o‘limiga rozi bo‘ladi. O‘g‘ri:
— Qo‘lingni shu dastgoh ostiga qo‘y, — deydi. Qiz:
— Avval o‘zingiz qo‘yib ko‘rsating, so‘ngra men qo‘yaman, — deydi. O‘g‘ri boshlig‘i dastgohga qo‘lini qo‘yishi bilan qiz uning murvatini burab yubordi, o‘g‘rini dastgoh g‘ajib tashlaydi. O‘g‘ri o‘ladi. Qiz orqasiga qaytadi. Podshohning darvozasi oldiga keladi, o‘g‘rilar uni o‘rab olib “Qayerdan kelding?” deb so‘raydilar. O‘g‘rilar o‘zaro bir-biri bilan “Men olaman, men olaman” deb urishib ketishadi. Shunda Vospiroxun:
— To‘xtanglar, urishmanglar, mening bir shartim bor, shuni kim oldin bajarsa, men shunga tegaman, — deydi. O‘g‘rilar:
— Ayt, Vospiroxun, — deydilar. Vospiroxun:
— Mana shu kamarimni otaman, kim oldin olib kelsa, men shunga tegaman, — deydi. Belidan kamarni yechib otadi. O‘g‘rilar kamarga chopib ketishganida Vospiroxun kemaga tushib, o‘z uyiga jo‘nab ketadi.
Endi so‘zni podshohdan eshiting. Podshoh erta bilan o‘rnidan turib qarasa, na qalandar va na Vospiroxun bor, hech kim yo‘q; so‘ngra vazirni chaqirib so‘raydi. Vazir “Bilmayman” deydi. Podshoh Vospiroxunni qidirishga buyuradi. Hech qayerdan topa olmaydilar. So‘ngra podshohning o‘zi saroyni qidirib yurib xazinaga kirsa, xazinaning eshigi ochiq, oltinlar yo‘q.— Eh, meni rosa boplab ketibdi, — deb turganda o‘raga ko‘zi tushadi. O‘raga qarasa, kal voy-voylab yotibdi. Podshoh qalandarni o‘radan tortib olishga buyuradi, arqon solib tortib oladilar. Podshoh kalga: “Sen nima qilib o‘rada yotibsan” deydi. Kal:
— Men o‘zim ham qanday qilib o‘raga tushib qolganimni bilmayman. Kechasi meni birov urib, shu o‘raga tushirib yubordi, kim ekanini bilmayman. Shundan buyon mana siz tortib oldingiz, boshqa hech narsani bilmayman, — dedi. Shunda podshoh kalning qornini to‘ydiradi va “bor, endi ketaver”, deydi. Kal o‘z uyiga qaytib keladi. Kelsa, Vospiroxun bir qancha tillalar bilan o‘z uyida o‘tiribdi. Har ikkisi ham o‘z boshlaridan o‘tgan voqealarni bir-birlariga so‘zlab beradilar. Kal Vospiroxun va onasini olib ota shahriga — Oq podshoh oldiga keladi. Kal kelsa, Oq podshoh hali ham Qora podshoh qizini kalga atab o‘tirgan ekan. Oq podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-u tomosha qilib, Vospiroxunni olib beradi va o‘z o‘rniga podshoh qilib qo‘yadi. Bu to‘yda kalning onasi ham bor edi. Oradan bir-ikki yil o‘tdi.
Kal podshoh bo‘lgach, tez-tez ovga chiqib turdi. Ovda yurganida xudodan o‘g‘il tilaydi. Uyiga qaytib kelib, xotinlaridan nima tug‘ishlarini so‘raydi. Vospiroxun:
— Bir qiz, bir o‘g‘il tug‘aman, boshi tilla-yu, oyog‘i kumushdan bo‘ladi, — dedi. Oq podshohning qizi esa, men ikki o‘g‘il tug‘aman desa, Qora podshohning qizi:
— Men ham bir o‘g‘il, bir qiz tug‘aman, — dedi. Oradan yana ancha vaqtlar o‘tdi. Vospiroxunning bo‘yida bo‘ldi. Kundoshlari esa jimjit. Podshoh ovga chiqib ketadi. Vospiroxunning oy-kuni yaqinlashadi.
Kundoshlari buni ko‘ra olmaydilar. Har ikki kundosh to‘lg‘oq tutgan Vospiroxunga:
— Biz yaxshi doya xotin olib kelamiz, — deb bir kampirni pulga yollab, tug‘iladigan bolani yo‘qotish fikriga tushadilar va kampirga yo‘l o‘rgatadilar. Kampir bolalarni yashirib, o‘rniga o‘sha kuni tug‘ilgan ikki it bolasini qo‘yadi-da, chaqaloqlarni bir cho‘l-biyobonga olib chiqib tashlaydi. Kal podshohga: “Xotiningiz bir qiz, bir o‘g‘il tug‘di”, degan xabar ketadi. Podshoh xursand bo‘lib ovdan qaytib kelsa, ikkita it bolasini ko‘radi va g‘azablanadi. Kal podshoh vaziriga:
— Zindonga tashlanglar! — deydi. Vospiroxun esa ko‘zidan milt-milt yosh to‘kib “It tug‘ibman-da”, deb juda xafa bo‘ladi. Vospiroxunni zindonga tashlaydilar.
Endi gapni Vospiroxunning bolalaridan eshiting. Kampir bolalarni cho‘lga tashlab ketgandan so‘ng Xizr buva keladi va bolalar big‘illab yig‘lashib yotishganini ko‘radi-da, rahmi kelib, qo‘lidagi hassasini bolalar atrofida aylantiradi. Shunda bir katta, chiroyli temir qo‘rg‘on paydo bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng Xizr buva endi bu bolalarni kim boqar ekan, deb tog‘ga tomon yura boshlaydi. Shu vaqtda Xizr buva o‘z qarshisida bir kiyik xafa bo‘lib kelayotganini ko‘radi. Xizr buva:
— E, kiyik, nima uchun xafa ko‘rinasan? — dedi. Kiyik:
— E, taqsir buva, mening ikkita bolam bor edi. Shular tog‘da yotishibdi. Ularga sira sut yetkiza olmayapman, bolalarim och, sutim kam, — dedi. Xizr buva:
— E, kiyik, men senga bir gap aytaman, sen shunga xo‘p deysanmi? — dedi. Kiyik:
— Ayting, xo‘p deyman, — dedi. Xizr buva:
— Sen o‘z bolalaringni olib, ana u joydagi temir qo‘rg‘onga borgin, u joyda ikkita inson bolasi yotibdi. Shularni ham o‘z bolalaringga qo‘shib emizgin, sutingga sut qo‘shiladi.
Kiyik bolalarni tarbiyalaydi, bolalar ham katta bo‘lishaveradi. O‘g‘ilning ismi Sohibqurol, qizning ismi Sohibjamol bo‘ladi. Bular katta bo‘lgach, kiyik o‘z bolalarini olib tog‘ga ketadi. Bola ov qilib o‘z singlisini boqib yuradi. Kunlardan bir kun doya kampir temir qo‘rg‘onga keladi. Bola ovda edi. Uyda faqat singlisi qolgan edi. U ham zerikib, tashqariga chiqib o‘ynab yurgan payt edi. Kampir kelib qizni taniydi va unga:
— Sen uyda bir o‘zing zerikib, yuragingni qon qilib o‘tira berasanmi? — deydi. Qiz:
— Bo‘lmasa nima qilay, — deydi. Kampir:
— Men senga aytsam, akang kelganda xafa bo‘lib o‘tirasan. So‘ngra akang “Nima uchun xafasan?” deydi. Shunda sen falon joyda bir gul va bulbul bor ekan, shuni olib kelsangiz, deb buyurasan. Siz ovga ketganingizda men shu gul va bulbullar bilan ovunsam, degin, — deydi. Kechqurun qizning akasi keladi. Qarasa, singlisi juda xafa ko‘rinadi. Akasi:
— Xo‘sh, singlim, juda xafa ko‘rinasan, nima uchun bunday bo‘ldi? — dedi. So‘ngra qiz kampir aytgan gul va bulbulni keltirishga buyuradi. Akasi:
— Bisotimda faqatgina bir singlim — sen bor ekansan-u, aytganingni joyiga qo‘ymaymanmi, — deb jo‘nab ketadi. Bolaga yo‘lda Xizr buva uchraydi. Bola gul bilan bulbulni qidirib ketayotganini aytadi. Xizr buva:
— Ey, o‘g‘lim, juda qiyin va uzoq joy ekan, mana senga yo‘ldosh bo‘lsin, — deb, yozganda qirq gaz, yig‘ganda bir gaz bo‘ladigan qilich berib, joyni aniqlab, tayinlab jo‘natadi. Bola aytgan joyga keladi. Bir chiroyli bog‘ni ko‘radi. Turli-tuman gul va bulbullar sayr etmoqdalar. Eshik oldida bir dev qorovul bo‘lib turibdi.
Shu vaqtda devning orqasidan kelib qilich bilan shartta kallasini oladi. Shu bog‘dan yana uch-to‘rtta dev oldinma-keyin chiqa boshlaydi, bola galma-gal hammasining kallasini uzadi. So‘ngra bog‘ga kirib, aytgan gulni tagi bilan oladi-da, jo‘naydi. Bu gul bilan juda bog‘langan bulbullar gulning atrofida gir-gir aylanib, bola bilan birga keladilar. Qiz gul va bulbulni ko‘rib juda sevinadi. Yana ikkinchi martaba kampir keladi. Gul va bulbullarni ko‘rib hayron bo‘ladi va bolaning o‘lmagani uchun ichidan qirindi o‘tadi. Yana qizni ishga soladi:
— E, bolam, endi hovling joyiga tushibdi, bulbullar sayragan, gullar ochilgan, kayf qilib, zerikmay yotasan. Biroq yana bir kamchiligi bor, — deydi. Qiz:
— Ayting, onajon, — deydi. Kampir:
— Bolam, bu bulbullarning sayrashi, gullarning ochilgan bo‘lishi ustiga endi, falon tog‘dagi qanotli oq otni olib kelib bersa, oldingda kishnab tursa, — dedi. Qiz kechqurun akasi ovdan qaytib kelgach, o‘zini yana xafalikka soladi. Akasi sababini so‘rasa. Qiz:
— Men bir tush ko‘rdim. Tushimda bir qanotli oq otni ko‘rdim. Shu oq otni keltirsangiz, oldimda kishnab tursa, — dedi. Bola “xo‘p” deb, otni axtargani chiqib ketadi. Yo‘lda yana Xizr buva uchraydi. Xizr buva boladan so‘raydi. Bola butun voqeani aytadi. Shunda Xizr buva:
— E, bolam, bu uchar oq otni qo‘lga kiritish juda qiyin va mushkul, — deydi. Bola:
— Qanday bo‘lsa bo‘lsin, mayli, men singlimning aytganini bajaraman, — dedi. Xizr buva bolaga:
— Bundan bir qamishzorga borasan, kechki paytda bir ot o‘tadi, shu vaqtda irg‘ib ustiga minib olasan, ot osmonga ko‘tariladi. Borib bir tilla ustunga o‘zini uradi, ustun chil-chil bo‘ladi. So‘ng ketiga qaytadi. Sen otning boshini o‘z uying tomon burasan va otni keltirasan. Bola Xizr buva aytganining hammasini bajo keltiradi. Otni o‘z uyiga olib keladi va bog‘lab qo‘yadi. Singlisi juda xursand bo‘ladi.
Uchinchi marta yana kampir qizning oldiga keladi. Gul, bulbul va otni ko‘rib hayron qolib, ich-ichidan zil ketadi. Yana qizni ishga soladi.
Kampir:
— Eh, bolam, yana bir kamchiliging bor. U ham bo‘lsa, falon yurtda Sangil sopoltosh degan bir qiz bor, akangga aytib keltirgin, u senga kelin, akangga xotin va yo‘ldosh bo‘lsin, — dedi. Qiz yana o‘zini xafalikka soldi. Akasi so‘radi:
— Nima uchun xafasan?
Singlisi:
— Gullar ochilib, bulbullar sayrab, ot kishnab tursa-yu, faqat menga bir ovunchoq, yo‘ldosh bo‘lmasa. Shuning uchun falon joyda Sangil sopoltosh, degan bir qiz bor, shuni keltirsangiz edi. Men buni tushimda ko‘rdim — dedi. Akasi otni minib qizni axtargani jo‘naydi.
Yo‘lda Xizr buva uchraydi va boladan so‘raydi. Bola voqeani anglatgach, Xizr buva:
— E, bolam, bu juda og‘ir va mushkul ish-ku! Xayr, mayli, men senga yo‘lini ko‘rsatayin, bundan borishingda bir daryo uchraydi, to‘lqinining zarbi otingni qaytaradi, sen yetti-sakkiz marta orqaga tislanib, so‘ngra suvni kechib narigi yog‘iga o‘tasan. Uzoqdan bir qora echki ko‘rinadi, borib qarasang, qora tosh bo‘lib chiqadi va shu tosh atrofida bir qancha odam va hayvonlarning tosh holida yotishganlarini ko‘rasan. Shu vaqt sen: “Sangil sopoltosh” deb chaqirasan. Birinchi chaqirishingda oyog‘ing, ikkinchi chaqirishingda gavdang, uchinchi chaqirishingda tomog‘inggacha tosh bo‘ladi, to‘rtinchi chaqirishingda butun atrofingdagi toshlar odam va mol bo‘lib tiriladi va “Meni kim chaqirdi?” deb, bir qiz paydo bo‘ladi. Odamlar: “Men, men” deb, qizning atrofini o‘rab oladi. Shu vaqtda qiz sening oldingga keladi, sen: “Men chaqirgan edim”, deysan. Qiz: “Seni kim yubordi”, deydi. Sen “Meni Xizr buva yubordi”, deb aytasan. Qiz o‘z nomini aytib “Men Sangil sopoltosh — men senga yo‘ldosh”, deydi. Shundan so‘ng qiz duo o‘qiydi, odamlar hammasi tosh bo‘lib qoladi. Sen bilan qiz o‘z otingga minib jo‘nab kelaverasan, — deydi. Bola Xizr buvaning hamma aytganini qiladi, uyiga qizni olib keladi va xotin qilib oladi.
Bola ovga chiqib ketadi. Yana kampir keladi. Qizni ham olib kelganini ko‘rib:
— Ana endi maqsadingga yetibsan, bolam, — deydi. Shu vaqt kampirni ko‘rgan Sangil sopoltosh qizdan:
— Siz nima uchun bu kampirni bu yerga keltirdingiz? — deb so‘raydi. Qiz esa butun narsalarni shu kampirdan o‘rganganini aytadi. Shu vaqt Sangil sopoltosh:
— Attang, bu kampirni bu yerga keltirish kerak emas edi, — deb turganida, eshikdan bola kirib keladi. Kampirni ko‘radi va undan:
— Sen nima qilib bizning uyda yuribsan? — deb so‘rasa, kampir “Bu narsalarning hammasini keltirishga men sababchi bo‘ldim”, dedi.
Shu vaqtda bola qilichini chiqarib, kampirni qiyma-qiyma qilib tashlaydi. Bola ertasiga ovga chiqib ketadi. Bola dashtda kal podshoh bilan uchrashadi. Bular bir-biriga yo‘ldosh bo‘lib ov ovlashadi. Lekin baxtga qarshi shu kun kal podshoh hech qanday ov qilolmaydi. Bolaning otgan o‘qi esa bekorga ketmaydi. Podshoh ov qila bilmagach, bolaning o‘ljasidan so‘raydi. Bola yo‘q demay, otib olgan o‘ljalarining bir qismini kal podshohga beradi, podshoh oladi. Bola ikkinchi kuni ovga chiqqanida yana kal podshoh uchraydi. Yana podshoh ov qila olmaydi. Bola esa butun ov qilgan o‘ljalarini bir joyga yig‘adi.
Podshoh ov qila olmagani uchun alam qiladi. Bu gal ham so‘rab ovning bir qismini kal podshoh olib jo‘naydi. Uch marta bola ovga chiqqanida shu hol takrorlanadi. Podshoh yana o‘ljadan bir qismini so‘rashni o‘ziga or deb biladi-da, bolaga qarab:
— Sen qanday qilib ovlayotirsan, menga ham o‘rgat, — deydi. Bola:
— Qanday ovlash o‘zingizni ixtiyoringizda, men sizning ovlayolmayotganingizni qayerdan bilay? Ey, podshoh, agar sizga bu o‘ljalar kerak bo‘lsa, olib ketavering, menga birozginasi qolsa bas, chunki menga qarashli oila juda kam kishidan iboratdir, — dedi. Podshoh: — Bo‘lmasa, ertaga men sening uyingga o‘z vazirlarim bilan mehmonga boraman, tayyor bo‘lib turgin, — deydi. Bola yo‘lda xafa bo‘lib ketayotganida Xizr buva uchraydi. Xizr buva boladan:
— Nima uchun xafa ko‘rinasan, bolam, — deb so‘raydi. Bola:
— Ey, ota, mening o‘zim bir kambag‘al bo‘lsam, kundalik turmushimni zo‘rg‘a o‘tkazib turib edim. Ertaga mening uyimga shu shaharning podshohi o‘z vazirlari bilan mehmon bo‘lib kelmoqchi. Endi men ularga ovqatni qayerdan olaman, otlarini qayerga bog‘layman va kichik uyimda qanday kutaman, deb xafa bo‘lib borayotir edim, — dedi.
Xizr buva:
— Ey, bolam, buning tashvishini tortma, o‘zim hammasini to‘g‘ri qilaman. Bolam, podshohingni o‘zim kutaman, ovqatingni o‘zim pishiraman, otlariga joy topib beraman, xullas, u mehmonlarni o‘zim tinchitaman, — dedi. Bola:
— Bir kunda qaysi birini tayyor qilasiz, podshohga joy tayyorlaysizmi, osh pishirasizmi, otxona tayyorlaysizmi? Qaysi birini qilasiz? — dedi.
Xizr buva:
— Uni sen qo‘yaver, men bularning hammasini bajaraman, uyingga ketaver, balki uyingga borguningcha tayyor bo‘lib qolar, xafa bo‘lma, bor uyingga, — dedi. Bola:
— Xo‘p, mayli, ota, — deb uyiga ketadi. Bola uyiga borib qarasa, qator yangi imoratlar paydo bo‘lib qolibdi: ichkari-tashqari hovli, ost-ustli imorat, omborxona, otxona. Qator bir-ikki uy ichi to‘la turli-tuman g‘alla va yemishlar. Bola hayron bo‘lib qoladi. Bola uyga kirishi bilan singlisi va xotini shodlik va xursandchiliklar bilan kutib oladilar. Bularning uyi to‘yga aylandi. Oziq-ovqatlarni tayyorlash va mehmon qilish uchun tegishli bo‘lgan xarajatlar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Xizr buva ham kelib, o‘choqni qazib, oshpazlikka urinib ketadi.
Podshohlar ham yetib kelishdi. Podshohni tantana va hurmat bilan kutib olishdi. Xizr buva ularni o‘z joyiga o‘tqizadi, hammasini saranjomlaydi. O‘zi kichik bir dekcha qozonga olov yoqib, palov damlaydi. Shu qozonning oshi hamma kelgan mehmonlarga yetib, ortib ham qoladi. Mehmonlarni ko‘ngildagidek uch kun mehmon qilishadi. Dekchadan oshni suzgan bilan osh tamom bo‘lmaydi. Podshoh mehmonlari bilan ketmoqchi bo‘lib, o‘rnidan turganda, Xizr buva:
— E, taqsir podshoh, agar mumkin bo‘lsa, mening ixtiyorimda uch soat o‘tirsangiz, sizga aytadigan muhim so‘zim bor, — deydi. Kal podshoh:
— Xo‘p, mayli, ayting, eshitaylik, — deb turgan o‘rniga o‘tiradi.
Xizr buva Sohibqurol va Sohibjamollarning, so‘ngra kelini bo‘lmish Sangil sopoltoshlarning tarixini so‘zlab ketadi. So‘zining eng oxirida:
— Mana bu yigit o‘g‘lingiz Sohibqurol, mana bu qizingiz Sohibjamol, mana bu keliningiz Sangil sopoltoshdir, — deb tanishtiradi.
Podshoh ko‘ziga jiqqa yosh olib o‘rnidan irg‘ib turadi-da;
— Voy, bolalarim, bormisizlar, — deb bolalarini o‘z bag‘riga oladi, quchoqlab o‘padi. Shu vaqt Xizr buva:
— Mana, shu bolalaringni men tarbiya qilib o‘stirdim, endi topib olding, xayr endi, men ketdim, mendan rozi bo‘linglar, — deb g‘oyib bo‘ladi. Kal podshoh o‘z bolalarini olib, qo‘rg‘ondan chiqadi va uyiga ketadi. Shu vaqt orqasiga qarasa, temir qo‘rg‘ondan hech bir asar yo‘q.
Podshoh uyga kelgach, Vospiroxunni zindondan chiqaradi va yuvintiradi. Kiyintirib, o‘z bolalarini ko‘rsatadi. Vospiroxun kundoshlarini biyaning dumiga bog‘lab, tikanzorga haydab chiqaradi va orqasidan ayg‘irlarni qo‘yib yuboradi. Kundoshlarning go‘shti bir burdadan bo‘linadi. Boshqatdan to‘y-u tomoshalar qilib Sangil sopoltoshni o‘g‘liga olib beradi. Kal podshoh o‘z o‘rniga o‘g‘lini podshoh qilib ko‘taradi. Kal o‘z ajali bilan o‘ladi.
Kunlardan bir kuni Sohibqurol podshohning xotini uch o‘g‘il tug‘adi. Uchalasi ham oldinma-keyin katta bo‘ladi. Sohibqurol otasidan qolgan meroslarni tekshirib yurib, bir uyga kiradi. Uyda otasidan qolgan bir oynayi jahon bo‘ladi. Shunga qarab uxlab qoladi. Podshoh tushida shu oynayi jahon ichida bir qiz chiqib turganini ko‘radi. Uyg‘onib qarasa, qiz yo‘q. Bu holni vazir va o‘g‘illariga aytadi. O‘g‘illari:
— E, ota, biz borib qidirib, siz istagan qizingizni keltiramiz, — deydilar. Otasi yo‘l bermaydi. Bolalar ham bo‘sh kelmagach, ruxsat etishga majbur bo‘ladi. Katta o‘g‘liga miltiq, o‘rtanchasiga xanjar, eng kichigiga kamarini beradi. Bolalar jo‘naydi. Bu uch og‘ayni bir muyulish ko‘chaga keladilar, bu yo‘lda uch yo‘l bo‘lib: biriga “borsa kelar”, biriga “borsa kelmas”, uchinchi yo‘lga “borsa xatar” deb yozilgan edi. Uch og‘ayni maslahat qilishadi. Kattasi “borsa kelarga”, eng kichigi “borsa kelmasga”, o‘rtanchasi “borsa xatarga” jo‘naydilar. Kichik o‘g‘il uzoq yurgandan so‘ng, qorni ochib qayerga borarini bilmay, bir hovuz bo‘yiga keladi. Hovuzdan bir kampir suv ololmay, qiynalib turganini ko‘radi. Bola yugurib borib kampirning qo‘lidagi chelakni olib, hovuzdagi suvga botirib oladi-da, kampirning uyiga eltib beradi. Kampir bolani to‘yg‘izadi va:
— E, bolam, qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan bu joyda nima qilib yuribsan, — deydi. Bola:
— E, ona, hech so‘ramang, men juda bir zarur ish bilan shu yo‘llarga tushib qoldim, — deb aytmaydi. Kampir:
— Men shu joyda yolg‘iz o‘zim yashayman, o‘g‘il va qizim yo‘q, sen menga o‘g‘il bo‘lmaysanmi? — deydi. Qayoqqa borishni bilmagan bola:
— E, ona, o‘g‘li yo‘qqa o‘g‘il, qizi yo‘qqa qiz bo‘laman.
Bola kampir uyida bir necha kun yashaydi. Bola kechasi tashqariga chiqaman desa, kampir yo‘l bermaydi, eshikni mahkamlab tashlaydi. Bu holni ko‘rgan bola kechasi hovliga chiqishni har kun so‘raydi va kampirdan:
— Nima sababdan tashqariga chiqarmaysiz? — deb so‘raydi. Kampir javob beradi:
— Osmonda ikki oy bor. Biri osmonning oyi, ikkinchisi kun botish podshosi qizining osmonga tushgan shu’lasi. Bu shu’laga qaragan har qanday yigit oshiq bo‘lmay, shu qizni qidirib topish azobiga uchramay qolmaydi. Bu qizga yetisha olmay qancha podshoh va uning odamlari xazon bo‘ldi. Shuning uchun kechasi seni tashqariga chiqarmayman.
Bola otasining tushidagi oynayi jahonda ko‘ringan qiz shu bo‘lsa kerak, deydi-da, kampirning qarshiligiga qaramay, kechasi oydinga chiqadi. Podshoh qizining shu’lasini ko‘rib, hushidan ketadi. Kampir nima qilishini bilmaydi. Bola o‘ziga kelib, tez shu qizning oldiga qanday borish yo‘lini kampirdan so‘raydi. Kampir aytib berishga majbur bo‘ladi. Bola beliga uch nonni tugib, katta yo‘lga tushib olib, jo‘naydi. Bola yo‘lda xafa bo‘lib ketaveradi. Yo‘lda Xizr buva uchraydi. Bolaning hol-ahvolini so‘ragandan so‘ng, bolaning qo‘liga bir gazli qilich beradi. Bola Xizrdan o‘tib bir qo‘rg‘onga keladi. Bu qo‘rg‘on dev podshosiniki ekan. Qilich bilan eshik oldida mudrab turgan devni o‘ldiradi va ichkariga kiradi. Uyda juda ko‘p devlar uxlab yotgan ekan. Bola bir chekkadan hammasining kallasini oladi. Otxonada bir oq uchar ot turibdi. Otni borib yolidan mahkam ushlasa, ot kishnab, yoli uzilib, bola qo‘lida qoladi. Ot uchib ketadi. So‘ngra bola o‘z yo‘liga tushib, bir joyga kelib charchab dam olib o‘tirsa, qarshisidan bir arslon chiqadi. Bola qo‘rqqanidan nonining yarmini beradi. Arslon nonni yeb, o‘z yolidan berib, bolani o‘tkazib yuboradi, bola bir joyga kelsa, ko‘cha to‘la chumoli. Shu vaqt chumolilar podshosi to‘y qilmoqda ekan. Bola chumolilarning ko‘chadan o‘tib bo‘lishini kutadi. Ular tamom bo‘lmaydi. Bola bir nonni burdalab ko‘chaga tashlaydi. Chumolilar talab ketadi. Chumolilarni bosib o‘tishni lozim ko‘rmaydi, ularni ayaydi. Shunda chumolilar podshosi:
— E, inson farzandi, sen bizni hurmat qilding, ovqat berding, endi nima istaysan? — dedi. Bola:
— Faqat men shu yo‘ldan o‘tib ketsam, bas, — dedi. Chumolilar podshosi yo‘lni bo‘shatadi, bola o‘tib ketadi. Uzoq yurgandan so‘ng bir podshoh saroyiga keladi. Bu saroy kun botish podshosining saroyi ekan. Podshohning qizi qirq gaz balandlikdagi shiyponda osmonga qarab yotar ekan. Uning aksi osmonga tushar ekan. Buni izlab kelgan har qanday odam ham yo‘lda devlarga uchrar, ular dabdala qilar yoki arslon yer, chumolidan o‘tolmay xarob bo‘lib ketar ekanlar. Butun xatarlardan qutulgan bola sekin saroy ichiga kiradi. Saroyda turli mamlakatlardan shu qiz ishqida kelgan podshohlar, vazirlar, botirlar to‘la. Qiz kunduzi yerga tushar, kechasi shu minora tepasida yotar ekan. Qizning ishqida kelgan odamlarga qizning otasi:
— Kimda-kim tegirmon toshini otib, shu qirq gaz balandlikdagi uychani qulatsa, shunga qizimni beraman, — der ekan. Uch kungacha kishilar turli yo‘llar bilan chirana-chirana bu toshni o‘rnidan qo‘zg‘atolmagan. Hech kim topilmagach, podshoh odamlarga “mayli, kim bo‘lmasin — musofir bo‘lsa ham mayli”, degach, “Men shu ishni bajaraman”, deydi bola. Podshoh ruxsat etadi. Bola toshni yerdan ko‘tarishda arslon tutatqisini tutatadi. Arslon kishilar ko‘ziga ko‘rinmagan holda toshni ko‘taradi. So‘ngra bola otning tutatqisini tutatadi. Ot ham ko‘zga ko‘rinmay paydo bo‘ladi. Arslon toshni sekin otning ustiga qo‘yadi. Ot osmonga ko‘tariladi. Toshni imorat ustidan tashlaydi. Minora yer bilan yakson bo‘ladi. Uy chilparchin bo‘lib ketadi. Podshoh qizini bolaga to‘y-u tomosha qilib beradi, o‘z o‘rniga podshoh qilmoqchi bo‘lganda, bola rozi bo‘lmaydi. “Agar istasangiz men bir ota-onamni borib ko‘rib kelay”, deydi-da, otning tutatqisini tutatadi. Oq otga qizni mindirib uchadi. Akalari bilan xayrlashgan joyga kelsa, ular yo‘q. So‘ngra ularni qidirib topadi. Katta akasi oshpaz, o‘rtancha akasi go‘loh bo‘lib qolgan ekan. Har ikkisini topib oladi. So‘ngra ketishga hozirlanadilar. Bolaning xotini, ikki akasi yo‘lda keta beradilar. Shu vaqt ikki akasi bir-biri bilan maslahat qiladi. Kattasi o‘rtanchasiga:
— Sen bilan men shunday qup-quruqmiz, otamizning oldiga nima deb boramiz, — deydi. O‘rtanchasi:
— Bo‘lmasa, ukamizni o‘ldiramiz-da, chuqurga tashlab, qizni biz keltirdik, deb olib boramiz, — deydi. Yarim yo‘lda ukasining qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, o‘ldirishga, ko‘zi qiymay, bir chuqurga tashlab ketadilar. Otalari oldiga boradilar. Podshoh kichik o‘g‘lini esga ham olmaydi. Shu vaqt qiz hadeb yig‘lay beradi, ovqat yemaydi. So‘ngra qizdan sababini so‘raydilar. Qiz butun voqeani aytib, “Meni bu yerga olib kelishga sababchi bo‘lgan bu ikki o‘g‘lingiz emas, o‘sha eng kichik o‘g‘lingizdir,” deydi. Podshoh odam choptirib, qidirishga buyuradi.
Bolani topa olmaydilar. Bola yo‘lda qizning qo‘liga otning tutatqisini bergan ekan. Shu vaqt qiz ot tutatqisini tutatadi. Ot tayyor bo‘ladi. Qiz borib qarasa, yigit chalao‘lik bo‘lib yotibdi. Darrov otga bolani o‘ngarib oladi. Ot yana uchadi, podshoh saroyiga keladi. Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-u tomoshalar bilan qizni kichik o‘g‘liga olib beradi. Muttahamlik qilganlari uchun ikki katta o‘g‘lini biyaning dumiga bog‘lab, tikanzorga choptirib, go‘shtlarini burda-burdadan qildiradi. Bu o‘g‘lini o‘zi o‘rniga podshoh etib ko‘taradi. Bola bir necha kundan so‘ng qaynatasinikiga — kun botish podshosi tomon qiz bilan uchadi. U yerda ham to‘y-u tomoshalar bo‘ladi. Yigitni o‘z o‘rniga podshoh qiladi. Qudalar bir-biriga borish-kelish qilishadi. Shunday qilib, bola ham kun chiqish, ham kun botish mamlakatining podshohi bo‘ladi. Oq uchar ot yigitni bir kun kun chiqishga, bir kun kun botishga olib boradi. Shunday qilib, Qora podshohni yenggan bizning kal podshohning nabirasi ikki mamlakatning podshohligini so‘raydi. Murod-maqsadiga, soqoli ko‘ksiga yetadi.