O‘tinchi chol bilan tulki

Bir kambag‘al chol bor ekan. Har kuni cho‘llardan o‘tin-cho‘p, yantoq terib, eshagiga ortib kelib, bozorda sotar ekan. Har kuni chol cho‘lga o‘tinga chiqish vaqtida xotini ikkita chavati  qilib berar ekan. Kunlarning birida chol cho‘lga ketayotsa, bir tulki yo‘lini to‘sib, ikki chavatisini olib yeb qo‘yibdi. Shu bilan tulki har kuni cholning chavatisini yeydigan bo‘libdi. Chol kampirga aytmas ekan, kampir cholga chavati pishirib beraverar ekan. Bir kuni chol o‘ylab turib: «Men har kuni cho‘lga borishimda shu yo‘l bilan boraman, tulki chavatimni yeb qo‘yadi, bugun bo‘lak yo‘l bilan boray», deb boshqa yo‘lga tushibdi. Yo‘lda ketayotib eshak ustida uxlab qolibdi. Bir narsadan cho‘chib uyg‘onib qarasa, eshagi bir katta chinor yonida to‘xtab turibdi. Chinor tagida bir supa, supa ustida qirqta dev uxlab yotibdi. Chol devlarni ko‘rib juda qo‘rqibdi. Devlar har uxlaganda qirq kun uxlar ekan. Ularning uxlaganiga o‘ttiz to‘qqiz kun bo‘lgan ekan. Bir kunlik uyqusi qolgan devlar odamzod hidiga uyg‘onib qolishibdi. Devlar qarasa ro‘parasida bir odam turibdi. Devlar bir-birini turtishib, bir-biriga shivirlashib qolishibdi. Chol bulardan qo‘rqib: «Bular mendan gap so‘rasa nima desam bo‘lar ekan. Agar biror gap so‘rasa, men Azroyilman deyman, shu yerda qirqta dev bor ekan, xudo meni «shularning jonini olib kel» deb yubordi, shunga keldim, deb aytaman», deb o‘z gapini o‘zi ma’qullab devlar qoshiga boribdi. Devlar cholga qarab:
— Keling ota, kimsiz? — debdi. Chol:
— Men xudoning yuborgan Azroyiliman. Shu joyda qirqta dev bor ekan. Shularning jonini olaman, — debdi.
Devlar qo‘rqib: «Bu chol Azroyil ekan, endi nima qilamiz», deb maslahat qilishibdi. Devlardan biri:
— Ey jo‘ralar, otamizdan qolgan bir tilla keli bilan kelisop bor. Bu bizning jonimizdan azizmi, shuni beraylik, — debdi. Boshqa devlar:
— Albatta jonimizdan aziz emas, lekin kelisini bersagu, sopini olib qolsak, — deyishibdi. Bu maslahatga hammasi rozilik berishibdi.
Devlardan biri cholga:
— Biror narsa berib, sizni xursand qilsak, jonimizni olmaysizmi? — debdi. Chol:
— Ey devlar, menga hech narsa kerak emas, Menga faqat devning joni kerak, — debdi.
Shunda devlar bir-biri bilan maslahatlashib, keli bilan kelisopni ham bermoqchi bo‘lishibdi.
— Ey chol, bizning otamizdan qolgan tilla keli bilan kelisop bor, shuni sizga beramiz, bizni o‘ldirmang, — debdi.
Chol o‘zini tutib:
— Bo‘lmasa keltiringlar, eshagimga yuklab beringlar, gunohlaringdan o‘tsam o‘tayin, — debdi.
Chol tilla keli bilan kelisopni eshagiga yuklab o‘z uyiga ketibdi. Oradan ikki kun o‘tgandan keyin devlar «Azroyil» choldan qutulganliklari uchun bo‘ri bilan tulki do‘stlarini chaqirib, qirq quloqli qozonni osib ziyofat qilishibdi. Cholning chavatisini yeb yurgan tulki devlarga qarab hazillashib:
— Ey devlar, otangizning o‘lganiga necha yillar bo‘lib ketgan bo‘lsa, nechuk bugunga kelib is chiqaryapsizlar? —  debdi. Devlardan biri:
— Hay do‘stim, og‘zingni ochma, xudoning yuborgan Azroyilidan qutulganimizga ziyofat qilayotibmiz, — debdi.
Tulky:
— U qanday odamzod ekan? — debdi. Dev:
— Soqollari uzun, belida arqoni bor, eshak mingan bir chol, — debdi. Tulki qarsak urib kulibdi:
— Senlar ham devman deb yuribsanlar. Men har kuni u cholning ikki dona chavatisini yeb yurar edim. Ikki kundan beri bu yo‘ldan yurmasdan, boshqa yo‘ldan yurib ketibdi. Shunda sizlarga to‘g‘ri kelib, sizlarni aldab ketibdi. Men sizlarni cholning uyiga olib boraman, yuringlar, — debdi.
Devlar hayron bo‘lishibdi. Tulki beshta devni o‘zi bilan birga olib, cholning uyiga jo‘nabdi. Devlar qo‘rqqanlaridan bir-birlarini ushlashib kelishibdi.
Chol ilgari qiynalgan o‘tinchi ekan. Tilla keli, keli sopni olib, ozginadan maydalab bozorga sotib, turmushi juda yaxshi bo‘lib ketibdi. Bir kuni xotini xamir qilib o‘tirib cholga qarab:
— Hay chol, o‘tin tashlang, xamir ko‘pchib qoldi, — debdi.
Chol o‘tin tashlab turib shunday ko‘chaga qarasa, haligi chavatisini yeb yurgan tulki beshta devning dumidan ushlab kelayotgan emish. Chol bilan kampir: «Ilgari o‘lmasak ham endi o‘lamiz», deb qo‘rqib ketishibdi. Chol o‘ylab turib: «Shu tulkining sha’niga bir yomon gap gapirsam, qutulsak ajab emas», deb:
— Ha, tulki, sen otangdan qolgan qarzlaring uchun bu beshta devni olib kelyapsanmi, menga ular kerak emas, o‘zimning haqimni ber, — debdi. Shunda devlardan biri:
— Ha, bizni otangdan qolgan qarzing uchun olib kelayotgan ekansan, — deb tulkining dumidan ushlab yerga bir uribdi. Tulkining og‘zi qiyshayib, tishi irjayib o‘lib qolibdi. Devlar orqasiga qaramay, qochib ketibdilar. Chol tomdan tushib, tulkining terisini ajratib olib kelib, telpak qilib kiyib olibdi, Beshta dev halloslab borib sheriklariga:
— To‘g‘ri, u chol xudoning yuborgan jallodi ekan. Tulkining undan qarzi bor ekan. Bizni shu qarzi uchun cholga topshirmoqchi bo‘lgan ekan, tulkining dumidan tutib yerga urdik, joyidan qimirlamay o‘lib qoldi, — debdi.
Devlar choldan va tulkidan qutulganliklariga ziyofat qilibdilar. Chol ham tulki bilan devlardan qutulib yaxshi turmushga ega bo‘libdi. Chol hozirgacha tulki telpagini kiyib yurgan emish.