Uch tulki

Qashqa nomli bir quyon bor ekan. Bir kun u eshagiga minibdida, xo‘tigini ergashtirib, changalzor orqasida yashaydigan xolasinikiga ketibdi.
Ariq labida qumzambarak o‘ynab o‘tirgan quyonchalar:
— Changalzor qo‘rqinchli, yolg‘iz borma! — deyishibdi qichqirishib, qashqa ko‘nmabdi.
Kun qizigan, tush payti ekan. Sho‘x xo‘tik boshidagi popuklarini silkitib dirkillar, bo‘ynidagi qo‘ng‘irog‘i hadeb jiringlar ekan.
Changalzorda ota, ona va bola tulkilar yashar ekanlar. Qo‘ng‘iroq ovozini eshitib, ularning quloqlari dikkayibdi.
— Qaysar qashqa kelyapti, — debdi bola tulki.
— Adabini beramiz, — debdi ona tulki, — men eshagini olib qochaman.
— Men xo‘tigini olib qochaman, — debdi ota tulki.
— Men kiyimlarini, — debdi bola tulki.
Qashqa changalzorning qoq o‘rtasiga yetibdi. Qashqa eshakni haydab oldinda boraveribdi, charchagan xo‘tik esa, ancha keyinda qolib ketibdi. Qashqa ortiga qarayverib, oxiri bo‘yni og‘ribdi va:
— Xut-xut-xut, — deyaverib charchabdi. Eng oxiri u: “Qo‘ng‘iroq jiringlayapti-ku, xo‘tik kelayapti-da”, deb o‘ylabdi. Keyin bemalol ketaveribdi.
Buni ko‘rgan ota tulki asta kelib, xo‘tikdan qo‘ng‘iroqni yechib olibdi-da, eshakning dumiga bog‘lab qo‘yibdi. Keyin xo‘tikni olib qochibdi.
Muyulishda — daraxtlar orasida birdan ona tulki paydo bo‘lib qolibdi.
— Hoy quyoncha, yakka o‘zing qayoqqa ketayapsan? — deb so‘rabdi u. Qashqa: “Tag‘in shum tulki xo‘tigimni olib qochmasin”, deb shartta qayrilib qarabdi, qarasa, xo‘tik yo‘q.
— Boy xo‘tikkinam… qayda qolding? — deb birdan yigiab yuboribdi.
— Yig‘lama, — debdi ona tulki, — xo‘tiging qayoqqa borishini bilmay, narigi muyulishda turibdi. Borib haydab kel. Men eshagingga qarab turaman. Qashqa suyunganidan eshakni qoldirib, orqasiga qarab yuguribdi.
— Voy lapashang-e, — deb kulibdi ona tulki va eshakka mina solib qochibdi.
Qashqa xo‘tikni topolmay, quruq qaytib kelibdi. Qarasa, eshagi yo‘q. Biram qo‘rqib ketibdiki, asti qo‘ying. “Endi o‘zimni ham o‘g‘irlab ketmasalar edi…” deb o‘ylabdi.
Qashqa chopqillab ketayotgan ekan, ko‘l labida yig‘lab o‘tirgan jajjigina bola tulkiga yo‘liqibdi.
— Ey birodar, — debdi bola tulki, — sho‘rim quridi. Bozor borayotgan edim, bir hamyon oltinim suvga tushib ketdi, endi nima qilaman. Otam o‘ldiradi…
— Yig‘lama, — debdi qashqa, rahmi kelib.
— Suzishni bilsang, olib chiqib ber. Yuz tangasini senga beraman, — debdi bola tulki.
Qashqa o‘ylabdi: “Yuz tanga. Eshak bilan xo‘tikning bahosi yuz tanga tursa kerak, bunga eshak sotib olsam bo‘ladi…”
— Bo‘pti, — debdi qashqa. U hash-pash deguncha, kiyim-boshini yechib, suvga sho‘ng‘ibdi.
— Murodimga yetishdim, — deb kulibdi bola tulki.
Qashqa oltinni topolmay chiqsa, ko‘l labida bola tulki ham yo‘q emish, kiyimlari ham… Shu-shu, qashqa changalzorda hech yolg‘iz yurmaydigan bo‘libdi.