O‘g‘ri

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir mamlakatning podshosi bor ekan. Uning xazinasiga o‘g‘ri tushibdi. Podshoning yasovullari o‘g‘rini qo‘lga tushirishibdi. Podshoning buyrug‘i bilan o‘g‘rini o‘n besh yilga zindonband qilishibdi.
Kunlardan bir kuni o‘g‘ri yasovulboshidan iltimos qilibdi:
— Mening bir farzandim bor. Shu bolam bilan meni yuz ko‘rishtirib, gaplashishga ruxsat bersangiz, ming tilla beraman. Qo‘riqchilaringiz nazorati ostida menga bir kunga ijozat bering yoki xotinim va bolamni chaqirtiring.
Zindon yasovulboshisi bunga ko‘nmay, o‘g‘rining gapini rad etibdi. O‘g‘ri uch ming tilla berishga va’da qilsa ham, yasovulboshi ko‘nmabdi.
Oradan bir necha yil o‘tgach, yasovulboshi o‘g‘rining yoniga kelib:
— Hoy jinoyatchi, sen o‘sha va’da qilgan tillalaringni bersang seni bir kunga uyingga yuboraman. Farzanding bilan gaplashib kelasan, — debdi.
— Endi senga men bir tilla ham bermayman. O‘sha vaqtda o‘g‘limning tili endigina chiqayotgan edi. Uning shirin gaplarini eshitgim kelgan edi. Hozir o‘g‘limning shirinlik davri o‘tgan. Men zindon muddatini o‘tab bo‘lib chiqaman, — deb javob beribdi o‘g‘ri.