Tulki, laylak va bo‘ri

Bir kuni laylak tulkini ziyofatga chaqiribdi. Tulki laylaknikiga kelibdi. Laylak suyuq osh qilibdi, ko‘zaga quyib o‘rtaga qo‘yibdi.
— Qani, tulkivoy, ovqatdan oling, — deb tulkini ovqatga taklif qilibdi. Tulkivoy bo‘ynini cho‘zib, rosa urinibdi. Baribir bo‘lmabdi, og‘zi oshga yetmabdi. Shunda tulki:
— Qani, laylakvoy, o‘zlaridan bo‘lsin, mening qornim to‘q, — debdi. Shunda laylak ko‘zaning ichiga bahuzur tumshug‘ini tiqib, xotirjam ovqatini yeyaveribdi. Laylakning o‘zi qornini to‘yg‘azib olibdi. Tulki:
— Ha, boplading-ku, — debdi o‘ziga-o‘zi.
Ertasi kuni tulki laylakni ziyofatga chaqiribdi. Tulki kulchatoy qilib taxtaning ustiga yupqa qilib yayratib, o‘rtaga qo‘yibdi. Shunda tulki:
— Qani, laylakvoy, oling taomdan, — debdi.
Laylak tumshug‘ini taxtaga uribdi, ammo og‘ziga hech narsa kirmabdi. Laylak ko‘p urinib, hech narsa yeya olmabdi, u:
— Ey, tulkivoy, o‘zingiz olavering, mening qornim to‘q, — debdi. Shunda tulki bahuzur tilini yoyib, taxta ustiga kulchatoyning hammasini o‘zi yeb tugatibdi. Laylak ochdan o‘ladigan bo‘lib, uyiga qaytibdi. Ketayotganda tulki:
— Ey laylakvoy, do‘stim, ertaga ham keling, bir g‘alati o‘yin bor, shuni o‘ynaylik, debdi.
Laylak ertasiga ham tulkinikiga mehmon bo‘lib kelibdi:
— Qani, nima o‘yining bor, ko‘rsat, — debdi. Shunda tulki:
— Ey, do‘stim, sen mening ustimga chiq. Sen ko‘rmagan mamlakatlarni ko‘rsataman, — debdi.
Laylak tulkining ustiga chiqib, o‘tirib olibdi. Tulki laylakka:
— Do‘stim, ikki qanotingni ustimga yozib, ikki uchini menga tishlatib qo‘y, men baland yerlardan irg‘isam, yiqilmaysan, — debdi. Laylak ikki qanotini tulkiga tishlatib qo‘yibdi. Shunda tulki laylakning ikki qanotidan tishlab, qayerda do‘lana, to‘qay bo‘lsa, o‘shaning ichiga kirib yuguraveribdi. Laylakning qanotlari to‘kilib, qip-qizil go‘sht bo‘lib qolibdi. Shunda tulki to‘xtab, laylakni ustidan tushiribdi. Laylak aytibdi:
— Rahmat, tulkivoy, bo‘lganicha bo‘ldim. O‘yin shunchalik bo‘ladi, bundan ortiq bo‘lmaydi.
Shundan keyin laylak daryolarning bo‘yida qurbaqalardan ushlab yeb, qirq kun o‘zini boqib, uxlab dam olibdi, o‘z uyiga kelibdi, qirq kunda laylakda pat ham paydo bo‘lib, uchadigan bo‘libdi va tulkining oldiga uchib kelibdi. Laylak:
— Do‘stim, omon-eson yuribsanmi? Biznikiga bor, sening o‘yining juda qiziq ekan, men ham senga g‘alati o‘yinlarni ko‘rsataman, — debdi.
Tulki laylaknikiga boribdi, laylak:
— Qani do‘stim, ustimga chiq, — deb tulkini ustiga o‘tqazib olibdi-da, sekin-asta uchib, tulkini osmonga olib chiqibdi va:
— Yer ko‘rinyaptimi? — deb so‘rabdi.
— Ha, ko‘rinyapti, — debdi tulki.
— Laylak yana balandroqqa ko‘tarilib uchibdi. Bir soatdan keyin:
— Tulkivoy, yer ko‘rinayaptimi? — deb so‘rabdi. Tulki:
— Yo‘q, ko‘rinmayapti, — debdi. Shunda laylak:
— Endi manzilga yaqinlashdik, bu qanotim toldi, endi bu qanotimga o‘t, — debdi. Tulki sekin qo‘zg‘alib laylakning u qanotidan bu qanotiga o‘tay deganda, laylak bir ag‘darilib, tulkining oyog‘ini osmondan qilib yuboribdi. Tulki dam boshi, dam oyog‘i bilan aylanib-aylanib yerga tushaveribdi.
Bir qo‘ychivon poda boqib po‘stinini yechib, yerga to‘shab, xotirjam o‘tirgan ekan. Bir vaqt qo‘ychivon osmonga qarasa, osmondan bir narsa tushib kelayotgan emish. Uni ko‘rib qo‘ychivon: “Ha, bu Xudoning balosi bo‘lsa kerak”, deb o‘rnidan turib, qo‘ylarni tashlab qochibdi. Tulki kelib haligi qo‘ychivonning po‘stini ustiga tushibdi. Po‘stinni sudrab, bir toshning yoniga borib, po‘stinni tagiga solib yotaveribdi.
Bir kuni tulki po‘stinning ustiga o‘tirgan ekan, bir bo‘ri uning oldiga kelibdi va undan so‘rabdi.
— Ey tulkivoy, bu to‘nni kim tikkan?
— O‘zim bichib tikkanman, — debdi tulki. Bo‘ri:
— E, siz chevarmisiz? Chevar bo‘lsangiz menga ham shunday bir po‘stin tikib bersangiz. U qancha qo‘yning terisidan bo‘ladi? debdi. Tulki:
— O‘n to‘rt qo‘yning terisidan bo‘ladi, siz katta odamsiz, sizga o‘ttiz beshta qo‘yning terisi po‘stin bo‘ladi, — debdi. Shunda bo‘ri o‘ttiz beshta qo‘yni haydab kelib so‘yib, go‘shtini ajratib, tulkiga hammasini tayyor qilib beribdi. Tulki qo‘ylarning terilarini to‘plab, uning ustiga chiqib o‘tiraveribdi. O‘ttiz beshta qo‘yning go‘sht-yog‘ini yeb yotaveribdi. Bir oydan keyin bo‘rivoy kelib:
— Ey chevar, po‘stin bitdimi? — debdi.
— Po‘stin bitdi, lekin yoqasidan qiyadigan joyi bor, siz shu yerda o‘tirib turing, men qo‘shnilarnikidan qaychi olib chiqib yoqa, yengini qiyib ustingizga kiygazib qo‘yaman, — debdi va tulki bo‘rini o‘tqazib qo‘yib, qochib ketaveribdi. Tulkini kutib bo‘ri kechgacha o‘tiribdi. Tulki kelmabdi. Shundan keyin bo‘ri tulkidan aldanganini bilib qolibdi va o‘rnidan turib, tulkining uyasiga kirib qarasa, po‘stin ham yo‘q, tulki ham yo‘q emish. Bo‘ri balandlikka chiqib qarasa, tulki bir yerda pusib ketayotgan emish. Bo‘ri quvib ketaveribdi. U tulkiga yetay deb qolibdi. Tulki bir vaqt orqasiga qarasa, bo‘ri yetay deb qolibdi. Tulkining kovakka ko‘zi tushib qolibdi. U borib, o‘sha kavakka kirib ketibdi. Bo‘ri ham uning ketidan kirmoqchi bo‘libdi. Biroq u har qancha urinsa ham kavakka sig‘mabdi. Uch kungacha qimirlamay tulkining chiqishini kutib yotaveribdi, och qolibdi. Shunda bo‘ri bir dehqonning ko‘zasini olib kelib, tulki kirib yotgan kavakning og‘ziga to‘g‘rilab qo‘yibdi. Shamolda ko‘za bo‘riday uvullay boshlabdi. Tulkiga bu xuddi bo‘ri uvullayotganday bo‘lib eshitilibdi. Tulkining ham qorni nihoyatda ochibdi. U kovakdan boshini sekin chiqarib qarasa, bo‘ri yo‘q emish, tulki bo‘ridan aldanganligini ko‘rib, meni aldagan senmi, sening ham bir adabingni berib qo‘yay, deb ko‘zani dumiga bog‘lab, uni chakalakka olib borib:
— Jon tulki aka, degin, — debdi. Ko‘za indamabdi. — Seni daryoga borib cho‘ktirib oidiraman, — deb sudrab borib, uni suvga solibdi, ko‘zaga suv to‘lib cho‘ka boshlabdi, shunday qilib, u tulkini o‘zi bilan birga daryoga sudrab, tushib ketibdi. Tulki suvga cho‘katurib, ko‘zaga:
— Jon ko‘za, qo‘yib yubor, — deb yalina boshlabdi. Ko‘za qo‘yib yubormabdi, tulki dumini uzib yuborib, zo‘rg‘a qutulibdi.
Tulki dumi yulinib, cho‘ltoq bo‘lib kelayotsa, bir yerda qirqta tulki o‘ynab yurgan emish. Haligi tulkilar:
— Hoy kalta dum, — deb orqasidan yurib, uni kechgacha masxara qilishibdi.
Bir kuni cho‘ltoq tulki ularni uzumxo‘rlikka olib boribdi. Qirq tulki qarasalar, rang-barang tovlanib uzumlar ishkomda pishib yotgan emish. Ko‘rib xursand bo‘lishibdi. Cho‘toq tulki ularga:
— Hali quvonishga vaqt erta. Chunki uzumlar qorningiz to‘ymasdan qochib qolishlari mumkin, — debdi.
— Unda ish chatoq ekan, — deyishibdi xafa bo‘lib tulkilar.
— Xafa bo‘lmanglar. Buning ham iloji bor, — debdi cho‘ltoq tulki. — Hammangiz tokning zangiga dumingizni mahkam bog‘lab qo‘ysalaringiz, ular qochib ketayotganda ushlab qolasizlar. Bu gap tulkilarga ma’qul tushibdi. Dumlarini tok zangiga mahkam bog‘lab qo‘yib, uzum yeya boshlabdilar. Ko‘p o‘tmay so‘yil ko‘tarib, bog‘bon kelib qolibdi. Cho‘ltoq tulki osongina qochib qutulibdi. Qirq tulki bo‘lsa kaltak zarbidan dumlari uzilib, arang qochib qutulibdilar. Shu-shu ularning o‘zlari ham dumsiz qolib, cho‘ltoq tulkini masxara qilmaydigan bo‘lishibdi.