Turna bilan tulki do‘st bo‘lishib birga yashay boshlashibdi. Turna bola ochibdi. Ularni ko‘z qorachig‘iday asrab, tarbiyalabdi. Tulki turnaning bolalariga ko‘z olaytirib: “Esang maza qilasanda”, — debdi ichida.
Bir kuni turna bilan tulki ovqat izlab uydan chiqibdilar. Turna uzoqqa, ko‘lga qarab uchib ketibdi. Tulki bo‘lsa, darrov iziga qaytibdi-da, turnaning bolalaridan semizginasini tutib yeb, qornini to‘yg‘azib olibdi.
Bir vaqt turna kelibdi. Tulki ko‘z yoshi to‘kib shunday debdi:
— Sho‘rimiz quridi. Kelsam bir bolang yo‘q…
Turna kechasi bilan yig‘lab chiqibdi. Tong otibdi. Ular yana ovqat izlab har tomonga ketibdilar. Kechqurun turna ovdan qaytsa, yana bir bolasi yo‘qolib qolgan ekan.
— Buni baqa yegan, shu yerda baqaning yurganini ko‘rib edim, — debdi yolg‘on gapirib tulki.
Ertalab turna baqadan o‘ch olgani ko‘lga ketibdi. U ko‘lni alg‘ov-dalg‘ov qilib, baqalarni in-inlariga quvib yuboribdi. Keyin turna uyiga kelibdi. Kelib qarasa, oxirgi bolasi ham yo‘q emish.
— Nima bo‘ldi, — debdi turna.
— Uying kuydi, — debdi tulki.
Turna o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi. Tulki bo‘lsa bir chekkada jimgina yotgan emish, u turnaning o‘zini yeyish payida ekan.
Turna:
— Do‘stim, bu yerda bizga kun yo‘q ekan, yur ketamiz, ko‘l orqasida ovqat mo‘l, — debdi.
— Ko‘ldan qanday o‘taman, mening qanotim yo‘q-ku, — debdi tulki.
— O‘zim ko‘tarib o‘tkazaman, — debdi turna.
— Bu gap tulkiga ma’qul tushibdi. Turna tulkini ko‘tarib uchibdi.
Ular baland osmonga chiqibdilar.
— Yerni ko‘ryapsanmi, — debdi turna.
— Ha, mushtumday bo‘lib ko‘rinyapti.
Turna yuqori ko‘tarilibdi:
— Endi-chi, — so‘rabdi u.
— Tangaday bo‘lib ko‘rinyapti.
— Yaxshi, — debdi turna va qanotlarini yozib, tulkini tashlab yuboribdi.
Bolaxo‘rning jazosi shunday bo‘ladi.
Tulki yerga tushib chil-parchin bo‘lib ketibdi.