Tulki bilan tovus

Ertagiyo ertagi, echknlarning bo‘rtagi, qirg‘ovul qizil ekan, quyrug‘i uzun ekan, ko‘k muzga mingan ekan, muruti singan ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, ola qarg‘a azonchi, qora qarg‘a qozonchi, chumchuq chaqimchi ekan, to‘rg‘ay to‘qimchi ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, ertagimning eri bor, yetti kunlik yeri bor, yetti kunlik yerida dumi kalta bo‘ri bor.
Kunlarning birida tulki ketayotgan ekan, bir tovus dumini setora-setora qilib kelaveribdi. Shunda tulki aytibdiki:
— Ey tovus, ajab-ajab o‘yinlaring bor ekan, bir yaxshilab o‘ynab bergin.
Tovus dumini setora-setora qilib o‘yinga tusha beribdi. Tulkining qorni och ekan, o‘ynab turgan paytida uni ushlab olibdi. Bir vaqt tovus qarasa, tulkining avzoyi buzuq, uni yemoqchi bo‘lib turibdi. Tovus:
— Ey tulki, nima qilyapsan? —  debdi. Tulki aytibdi:
— Mening qornim och, endi seni yegim kelib qoldi.
Tovus:
— Xo‘p mayli, meni yegin, lekin ko‘z oldimda, bir fotiha o‘qib yesang, hech armonim qolmas edi, — debdi.
Shunda tulki pichir-pichir qilib qo‘lini ko‘taribdi:
— Omin, ollohu akbar, — degan ekan, tovus tulkining oldidan «var» etib uchib ketibdi. Tulki qo‘lini ko‘targanicha tovusga qarab turib shunday deb fotihasini davom ettiraveribdi:
— Ovqat yemasdan oldin fotiha o‘qigan ahmoq ekan, ovqatni yeb bo‘lib, undan keyin fotiha o‘qish kerak ekan, omin ollohu akbar, — deb fotihasini tamom qilibdi.