Bor ekan-da, yo‘q ekan, tulki, baqa, kana do‘st bo‘lishgan ekan. Uchovi safarga chiqib, uzoq yo‘l yurishibdi. Yo‘lda bir joydan bir to‘p bug‘doy topib olishibdi. Tulki uni:
— Men olaman, — debdi. Baqa bilan kana:
— Men olaman, — deyishibdi. Uchovi janjal qilishib rosa talashibdi. Kana:
— To‘xtanglar, menda bir gap bor. Bunday qilib janjallashguncha uchchovimiz uch tomondan yeyaberaylik, uchovimizga bemalol yetadi, — debdi. Tulki:
— Bunday bo‘lmaydi. Besh kilometrdan yugurish qilamiz. Kim oldin yetib kelsa, o‘sha hammasini oladi, — debdi. Uchovi yugurishmoqchi bo‘lib turgan ekan, kana bildirmasdan tulkining dumiga yopishib olibdi. Tulki yugurib bug‘doyga yetib borib:
— Mana, men keldim, — desa, undan burun kana chiqib:
— Men keldim? — debdi. Baqa bo‘lsa:
— Biqiqiq, hisob emas, — deb u ham yetib boribdi. Shunday qilib, uch martaba yugurish qilishsa ham har safar kana oldin borib olibdi. Keyin ular kanani o‘rtaga olib avrashibdi. Baqa bilan tulki kanaga ilinibdi. Kana:
— Ha, mayli, sizlar ham o‘lib qolmanglar, — debdi. Uchchovi uch tomondan sekin-sekin yeyisha beribdi. Aytishlariga qaraganda, ular hali ham bug‘doyni tamomlashgani yo‘q emish.