To‘lg‘onoy

O‘ratepa begi xalqdan oq uylikka qoracherik — odam so‘rabdi. «Qo‘qon bizning ustimizga hujum qilib kelmoqchi emish. Biz o‘z g‘amimizni yeylik», deb xalqqa xabar qilibdi. O‘ratepa begi qoracherik so‘raganda qirq urug‘dan so‘rabdi, bo‘lagi unga tobe emas ekan, bermabdi. Xalqqa xabar yetgandan keyin xalq maslahat qilibdi.
— Endi bunga odam bermasak, beg-da, nima qilsa qiladi. Bunga kimni yuborsak, kim borar ekan? O‘ziga bahuzur boy-badavlat kishilar hech mahalda bormaydi. Bunga, ro‘zg‘orini o‘tkazolmaydigan kambag‘allar boradi. Ular bu yerda nima tirikchilik ham qilardi?
Shunda har o‘n uyga bir odam uchun pul yig‘ib bermoqchi bo‘libdi. U vaqtda xalq o‘troq emas, bir yerda bir yil yashasa, bir yerda olti oy yashar ekan. Shunda Nazar degan kambag‘al, bu xabarni eshitgandan keyin, «Bola-chaqam bilan men borayin, bu yerda bog‘u chorbog‘im qolayotibdimi? Bedananing uyi yo‘q, qayerga borsa pitpildiq» deb, bormoqchi bo‘lib boydan ikkita eshak olibdi. Puldor odamga bu hech gap emas, uning bola-chaqasini sotib olib jo‘natibdi.
Haligi kambag‘alning bo‘yi yetib qolgan To‘lg‘on degan qizi bor ekan, buni bir kambag‘alning Pardavoy degan o‘g‘liga unashtirib qo‘ygan ekan. Endi berib ketaylik desa, Pardavoyda bir ko‘rpa bilan bir yostiq qilib olguday hech narsa yo‘q. Boylardan olgan pulidan qilib beray, desa o‘ziga kerak bo‘ladi. «Kel-e» debdi. Pardavoy ham «Taqdirdan ko‘rsin, taqdirga tan berib qolar. Agar qizimning taqdiri shu yoqqa tortsa, birovi bir nima berib olar. Qizimni tashlab ketsam, yovgarchilik bo‘lsa, «ota-onam o‘lib ketdimi?» deb ko‘ngli alog‘da bo‘lar, nima bo‘lsa ham birga bo‘lgani ma’qul», — deb janda-junda ko‘rpalarini eshakka ortib, bolalarini ergashtirib, har urug‘dan jo‘nagan kishilarga qo‘shilib, O‘ratepaga qarab yo‘l olibdi.
Bir necha urug‘lardan chollar, beli bukchayib, qulog‘i tikrayib qolgan kampirlar ham ketib borar ekan. Necha kun yo‘l yurib, bir kun O‘ratepaga yetibdi. O‘ratepa begi bularning kelganini eshitib, sipohi odamlaridan qo‘shib, qoracherikka borgan odamlarni haydab Qo‘qon atrofiga o‘tkazib, «Qo‘qondan kelgan yovga sizlar ko‘ndalang!» deb qaytibdi.
Qoracherikka borgan odamlar bir nechtasi yerto‘la qazib, bir nechtasi qamishdan kapa qilib: «Hay, oq uylikka ham keldik, yeb yotadigan ovqatni g‘amlab kelganmiz, boylarning pulini olganmiz, zarur bo‘lsa O‘ratepaga boramiz, bo‘lmasa bunda turamiz. Qo‘qonlik kelganda nima qilamiz? Hamshahar kambag‘almiz-da. Qo‘qon xoni kelganda, qasd qilganda bizdan bitta eshak oladi-da. Bizning ro‘zg‘orimizda, ho‘kiz shoxiga ilib chiqquday narsa bo‘lmasa, to‘shab o‘tiradigan narsamiz yo‘q, turishimiz shu. Yovgarchilik, agar fe’li ketib beglar haydab miltiqning damiga tutib, bola-chaqa nobud bo‘lib ketmasa, bir kunimiz o‘tib turar», deyishibdi. Kambag‘allar choyini qaynatib yotibdi. Oradan ikki oy o‘tibdi. Qo‘qon xoni hujumga otlanibdi.
U vaqtda beshta-o‘nta yo‘riqchiga chiqkb turadigan odamlar bo‘lar ekan. Shu bekning odami, moli u bekka o‘tsa, o‘lja qilib olib ketar ekan. Shunda qo‘qonlik O‘ratepaga yov bo‘libdi. «O‘ratepani olib qo‘yadi» deb, Qo‘qon xoniga qarshi chiqib, O‘ratepa begi ham saf tortib turibdi. Chodir chamanini tikib, Qo‘qon beklari nayzasini olib maydonga kiribdi.
O‘ratepa begidan Ollanazar botir, bu ham maydonga kirib qo‘qonlikning ko‘p botirlari bilan olishibdi. Shunda, kam-kam o‘yin qizib, qiy-chuv to‘polon bo‘libdi. Kim o‘lib, kim qolganini bilib bo‘lmabdi. Oq uyliklardan ham borgan bir necha dadilrog‘i ko‘rinish berib, balandroq yerda turib, shovqin qilib yurgan yosh bolalar, ayol, bola-chaqalar ko‘pi qamishning ichiga kirgan. «Odamlar bilan aralashib kirib tursam, Qo‘qon odamining ko‘ziga tushib qolsam, meni o‘lja qilib olib ketib qolar» deb, To‘lg‘onoy odam bor yerdan qochib, hech kim ko‘rmas deb, bir qamishzorga kiribdi. O‘rtasiga kirgani cho‘chib, biror jondorga yo‘liqib qolmayin, deb chetroqda turibdi. Qancha fursatdan keyii sibizg‘a karnayning tovushi kelibdi. Karnay tortganda yov kkki yoqqa ayrilibdi. Ovqat vaqti bo‘libdi. Shu vaqtda To‘lg‘onoy chiqib ariqning bo‘yida beti-qo‘lini yuvib, suv ichib turgan ekan, boshida zarrin dastor, belida tilla kamar, unga qilich bog‘lagan bir sipohi kelib qolibdi. To‘lg‘onoy seskanib, badani qaltirab qo‘rqibdi. U So‘fibek degan kishi ekan. U turib aytibdi:
— Yaxshi bola ekansan, qo‘rqma. Sening oting nima?
— Mening otim To‘lg‘on, — debdi To‘lg‘onoy. Shunda So‘fibek aytibdi:
— To‘lg‘on ekansan, sen mendan hadik olma. Men tahorat qilib peshin o‘qiyin, sen otga qarab tur. Peshinni o‘qib bo‘lgandan so‘ng sen bilan gaplashib o‘zim yaxshi joyga olib boraman.
Sipoh dastorlarini qo‘yib, etiklarini yechib, kamar, qurol-aslaha va kiyimlarini ham yechib tahorat qila beribdi. To‘lg‘onoy yuragini bosib olib, sho‘xligi kelib:
— Men sizning kiyimlaringizni kiyib ko‘rayin, menga ham yarashar, — deb yechib qo‘ygan etigini, to‘nlarini kiyib, tilla kamar bilan belini bo‘g‘ib, boshiga zarrin dastorini qo‘yib:
— Qalay, sizday sipohi bo‘ldimmi? — deb unga qarabdi. So‘fibek ko‘rib:
— Kiyim yarashib ketibdi, balli qaddingdan, sipohiliging mendan ham basavlat bo‘libdi. Har gap bo‘lsa namoz o‘tmasin, otni ham minib tur, men namozdan qutulayin, — deb namoz o‘qishga kirishibdi. U namozga aylanganda To‘lg‘onoy: «Bu ikki yoqlama foyda qiladigan ekan, xudojo‘ylik qilib, xudoning qarzidan qutulmoqchi, Buning fe’li, namozdan qutulgandan keyin meni ham aylantirmoqchi. Endi namozdan foydalangani bas-da, buning» deb, To‘lg‘onoy otning boshini burib, jo‘nay beribdi. Otga qamchi urib, har zamon burilib qarabdi. Namoz buziladi deb, u hech qayoqqa qaramabdi. Namozdan forig‘ bo‘lib, yuziga fotihani tortib, tasbeh o‘girib, o‘rnidan tursa, ot-aslaha, To‘lg‘on yo‘q. «Bu qayoqqa ketdi? Kulib turgan xushbo‘y bola edi, biror yerda, qamishning chetida yashirinib turgan bo‘lmasin» deb chet-tevaraklarni ham qarab, darak topmabdi. Otning izi Jizzax tarafiga chiqib ketgan ekan. Endi qaytib beklarning qoshiga borolmabdi. Yalangoyoq chopib, chiqib, bir balandlik yerdan qarabdi, hech daragini topmabdi. Shunda yugurib-elib, to‘nining ikki etagini qaytarib, «Bu qanday alomat bo‘ldi?» deb har tomonga qarab, qanday jondor ko‘rinsa so‘rab, chopib yuraveribdi. Ko‘ziga bir echki ko‘rinibdi. «Peshinni o‘qidim echki, chordevordagi qo‘tir echki, shu yerdan To‘lg‘on o‘tdimi?» deb so‘rabdi. Undan o‘tib, chopib borayotgan ekan, bir kampir ko‘rinibdi:

Daryoda yuzadi kema,
Etti urug‘laring tamma
Zingrayib turgan jon momo,
Bu yerdan To‘lg‘on o‘tdimi?
Do‘mbiraning boshi burma,
Shayton meni yo‘ldan urma,
So‘fibekni abgor qilgan
To‘lg‘onjonni ko‘rgan bormi?

Yugurib-elib ancha yuribdi, ko‘p abgorlikni ko‘ribdi, yer to‘zon bo‘lib, iz bekilibdi, qayoqqa yurarini bilmay So‘fibek sharmanda bo‘libdi. Ot-anjomidan ayrilibdi. To‘lg‘ondan quruq qolibdi. Sharmanda bo‘lib qaytibdi. Ko‘zidan yoshi oqib, beklar qoshiga borolmay o‘ylab, sipohi tengdoshlarimga qanday ko‘rinish beraman deya, yayov mazgiliga ketibdi.

To‘lg‘on qistab mingan otti
Mirzacho‘lga yo‘lni tortti.
To‘lg‘onni ko‘rgan xaloyiq,
Amirning mahrami depti.

Endi To‘lg‘onoy tavakkal qilib, sipohining yo‘rg‘asini minib, o‘roqchi, mashoqchi ko‘rsa, «bu amirning mahrami», deb yo‘ldan chiqib, chetda turib, o‘z kayfida yo‘l yurib, «ota-onam unda qoldi, urush tarqasa, o‘lmasa, besh-to‘rt oy o‘tsa o‘zi borib qolar-da» deb, qistov bilan yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Qo‘shbarmoqdan o‘tib, Jizzaxga yaqinlashib yetib qolibdi. Ko‘nglida: «Endi saroyda, har joyda qo‘nib yotmayin. Bu otu apjom bilan ko‘rgan odam meni tek odam demas, bu Jizzax begining qo‘rg‘oniga kirib, arkning ostida, jilovxonasiga ro‘para bo‘lib ko‘rayin», deb gavjum qo‘rg‘onning darvozasidan kirdi. Sipohlar ko‘rib «Ot yo‘l tortib, ter qotib kelgan, bu Muzaffarxonning mahramidir», deb ko‘rgandan oldiga yugurib, xizmat qilib, bekka xabar beribdilar. Bek kelib ko‘rinib ketibdi. Joyni orasta sozlab, har turli taomlar tortib, xizmat qilib, shu kecha kutibdi. Bek so‘rabdi:
— Qay tarafdan kelayotibsiz?
To‘lg‘onoy aytibdi:
— O‘ratepa begi bilan Qo‘qon xonining urushi bor ekan, arza olib borib, shularning urushini bosib, tinchlik berib kelayotibman.
Erta bilan choyni ichib bo‘lgandan so‘ng otini tayyorlab, otiga mindirib, bek odam qo‘shib, Jizzaxning Garimjo‘sh tog‘idan oshirib, soy ichiga katta yo‘lga tushirib qo‘yibdi.
To‘lg‘onoy qistab yo‘l yurib, Yangiqo‘rg‘onga bir tushib o‘tib, Oqtepaning bozori qizigan vaqtda, kun og‘ayin deganda bozorga kirib boribdi. Oqtepani aylanib ko‘rib, qassoblik, g‘alla bozorlarida otliq yurib ekan, samovarchilikda odamlar gap qilibdi. «Bu amirning mahrami nimaga kelib, ot ustida hamma yerni ko‘rib yuribdi, bir gap bormikan?»
Qayoqqa qarab yursa, odamlar nima voqsa ekanini bilmay, tomosha qilib yuribdi, lekin u hsch kimga, hech narsa gapirmabdi.
Peshin vaqtida bozordan qaytibdi. «Bu odam qayerga boradi» deb, hammaning ko‘zi bu sipohida bo‘lib yuribdi. Borib-borib bir Pardavoy deganning yomon hovlisiga kiribdi Odamlar aytibdi: «Bu Pardavoy kambag‘al bir ish qilgan ekan-da, hech kimdan so‘ramay, shuni izlab yurgan ekan-da».
To‘lg‘onoy hovlisiga kirgan hamono, Pardavoy ko‘rib, ko‘zi tushgandan, «endi o‘ldim» deb, somonxonaning to‘riga kirib, chirik somonga o‘zini ko‘mib, «topmay ketar-da» deb, damini chiqarmay yotibdi. Shunda To‘lg‘onoy:
— Pardavoy uydami? — deb tomning oldiga yetibdi. Yon yoqda odamlar qarab turibdi. Qari enasi bor ekan, uydan chiqib:
— Bolam, Pardavoyda nima ishingiz bor, ikki oycha bo‘ldi, Pardavoy o‘roqchilik, mashoqchilik qilib ketdi, «bir shum ovqatni o‘tkazaman», deb yurgandir, — deb kampir qo‘rqib, dam-badam, — nima qilasiz? —  deb so‘rayveribdi.
To‘lg‘onoy otdan tushibdi. Otni o‘zi boylab, uyga kirmoqchi bo‘libdi Kampirning ham xayoli kochib: «Bir balo bo‘ldi, bizga bu kun ham ko‘p ekanmi?» deb turibdi. To‘lg‘onoy bir qoziqqa kamar, qilichlarini osib qo‘yibdi. So‘fibekdan kiygan kiyimlarinikg hammasini yechib tashlabdi.
— Mana men kimga o‘xshayman? —  deb so‘rabdi. Kampir qarasa To‘lg‘onoy ekan.
— To‘lg‘onoymisan? — deb kampir To‘lg‘onoyni bagriga bosib, ko‘rishib eshikka chopib chiqib:
— Ho Pardavoy, To‘lg‘onoy kelib qoldi, sipohi emas ekan, — debdi. Buni eshitib:
«U nega kelsin, meni aldab chaqirayotgandir. Ayol shunday bo‘ladimi, yonboshida qilichi osilgandi», deb quloq solib yotibdi Onasi borib, ustidan somonni supurib tashlab, Pardavoyning qo‘lidan ushlab:
— Chiqib ko‘r, ketgan davlating, To‘lg‘onoy kelibdi, — debdi.
Undan keyin Pardavoy, onasi bilan chiqib ko‘rsa, boyagi ot boyliqli turibdi. Ketgandan beri qo‘li ishga bormay yurar ekan. Endi To‘lg‘onoyni ko‘rib, vaqti xush bo‘libdi. Enasi turib:
— To‘lg‘onoy keldi, besh-to‘rt tanga puling bormi? Bozorga borib bir narsa xarajat qilib kelsang. Kambag‘alchilik, hech narsaning tayini yo‘q, — debdi. Kambag‘alning ahvoli bir-biriga ma’lum bo‘ladi. Bular tashvishga tushib qolganini ko‘rib, To‘lg‘onoy:
— Bizning otni olib borib, o‘tishiga bozorga soting. Undan keyin pulini xarajat qilavering, — debdi. Bu so‘zni eshitib, Pardavoyning dimog‘i chog‘ bo‘lib, otni minib, ot bozorga borib, o‘tishiga otni sotibdi. Xarajat qilib, uyiga kelibdi. Ko‘rpa-to‘shagiga kerakli narsalarni ham olib kelibdi. Hamma kam-ko‘stini sozlab: «To‘lg‘onoyning nikohi hammaga ma’lum bo‘lsin» deb, bir kichikroq to‘y qilib, besh-o‘n odamga osh beribdi.
Shunday qilib Pardavoy bilan To‘lg‘onoy murod-maqsadiga yetibdi.