To‘g‘rilik haqida

Qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Podsho o‘z saroyiga katta ayvon soldirmoqchi bo‘libdi. Buning uchun turli mamlakatlardan eng yaxshi ustalarni chaqirtiribdi. Ustalar qisqa vaqt ichida juda katta ayvon qurishga kirishibdi. Ayvon bitay deb qolganida bitta chetiga ustun yetmay qolibdi. Ayvonga to‘g‘ri va silliq ustun kerak ekan.
Podsho ayvonga mos keladigan ustun qidirib topishga buyruq beribdi. Saroy ulamolari ko‘p joylarga borib, hech qayerdan ayvonga mos ustunni topa olmabdilar.
Bir xaroba hovlida bir kampir yolg‘iz yashar ekan. Uning hovlisida bitta-yu bitta teragi bo‘lib, u juda to‘g‘ri va chiroyli bo‘lib o‘sgan ekan. Buni eshitgan saroy odamlari podshoga yetkazishibdi.
Podsho o‘sha terakni kesib, olib kelishni buyuribdi. Terakni keltirib, ayvonga qo‘yishibdi. Terak ayvonga juda ham mos kelibdi. Naqqoshlar terakka ajoyib naqshlar, gullar solib, oltin bilan bezashibdi. Ayvon ham bitibdi.
Bir necha kun o‘tgach, kampir o‘z teragini ko‘rib kelish uchun saroyga yo‘l olibdi. U o‘z teragini tanib, uni naqadar go‘zal bo‘lib ketganligidan zavqlanib, tomosha qila boshlabdi. Saroy soqchilari kampirdan xavotir olib, uni podsho yoniga olib boribdilar. Podsho kampirdan, bu yerda nima ish bilan yurganini so‘rabdi. Shunda kampir:
— Sizning ayvoningizni qurishda ishlatilgan mening teragim, ota-onamdan qolgan edi. U yoshligidan boshlab to‘g‘ri va chiroyli bo‘lib o‘sdi. Shuning uchun uning nafi ham tegdi, o‘zini ham, meni ham zarga botirdi. To‘g‘rilik qanday yaxshi ekan, — debdi.
Podsho kampirningaytganlaridan quvonib, unga yana bir qancha tillalaru, qimmatbaho buyumlar beribdi.