Til o‘rganmoqchi bo‘lganlar

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir zamonlar uch tojik yigiti bo‘lgan ekan. Ular ahil do‘st ekan, bir kuni maslahatlashib, o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lishibdi. Shu maqsad bilan O‘zbekistonga yo‘l olishibdi.
Ular yo‘lda kelayotganlarida, bir yerda bir to‘da odamlar «bizlar, bizlar» deyayotgan ekan. Yigitlardan biri bu so‘zni o‘rganib olibdi va yo‘l bo‘yi takrorlab kelaveribdi.
Yana bir yerga kelsalar, bir guruh odamlar «bir pul uchun, bir pul uchun» deb, nimanidir talashayotgan ekan. Ikkinchi yigit bu so‘zlarni eslab qolibdi. U ham yo‘l-yo‘lakay qaytarib kelaveribdi. Bir qancha yo‘l yurganlaridan keyin, bir joyga yetib kelsalar, uch-to‘rtta odam bir bo‘lib, «goho-goho shunaqayam bo‘ladi-da» deb takrorlayotgan ekan.
Bu so‘zlarni uchinchi yigit o‘rganib olibdi. U ham sekin-sekin o‘zicha bu so‘zlarni qaytarib kelaveribdi.
Ular O‘zbekistonga yetay deb qolganlarida, yo‘lda o‘lib yotgan bir odamni ko‘rib qolibdilar. Ular o‘likning tepasiga kelib, hayron bo‘lib qarab tursalar, birin-ketin odamlar yig‘ilishibdi, mirshablar ham kelibdi. Mirshablardan biri:
— Kim bu odamni o‘ldirdi? Yoki birortanglar o‘ldirgan odamni ko‘rdinglarmi? — deb so‘rabdi yig‘ilganlardan.
Ularning hammalari:
— Shu uch yigit hammadan avval shu yerda turgan edi,— deb javob berishibdi.
Mirshablar uch tojik yigitni so‘roq qila boshlashibdi. Ular esa mirshabning gaplarini tushunmay qarab turaverishibdi. Shundan keyin ular ozgina bo‘lsa ham o‘zbek tilini bilishlarini ko‘rsatgilari kelib, har biri o‘zining bilgan so‘zlarini qaytarishibdi.
Mirshab, «ko‘rgan bo‘lsanglar aytinglar, kim o‘ldirdi bu kishini?» desa, birinchi tojik yigiti «bizlar, bizlar» deb qaytaraveribdi. Ikkinchi tojik yigitidan, «nega o‘ldirdinglar?» deb so‘rashsa, «bir pul uchun, bir pul uchun» deyaveribdi. Uchinchi tojik yigitidan, «bu odamni bir pul uchun ham o‘ldirasizlarmi?» deb so‘rashsa, u «goho-goho shunaqayam bo‘ladi-da, goho-goho shunaqayam bo‘ladi-da»,— debdi.
Shundan keyin mirshablar ularni qamash uchun olib ketibdi. Bir qancha vaqt qamoqda saqlashgandan keyin, mirshablar ularni yana so‘roqqa tutish uchun keltirishibdi. Bu gal ular indamay turaveribdilar. Bir ozdan so‘ng tojik tilida gapiribdilar.
Mirshablardan biri tojik tilini bilar ekan. U yigitlarga qo‘yilgan aybni, ularning bergan javoblarining mazmunini aytib beribdi. Tojik yigitlari ham hayron bo‘lib, o‘z boshlaridan kechgan voqealarni so‘zlab berishibdi. Mirshablar kula-kula tojik yigitlariga ruxsat berishibdi.
Bundan keyin yigitlar ikkinchi marta o‘zbek tilini yaxshi o‘rganmay turib, chala-yarim gapirmaydigan bo‘lishibdi.