Sichqonsulovoy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir zamonda bir Sichqonsulovoy o‘tgan ekan. Uning bir o‘g‘li bilan bir echkisi bor ekan. Bir kuni o‘g‘lining o‘rtoqlari, yur, o‘t teramiz, deb aytishib kelishibdi. Sichqonsulovoy o‘g‘liga: — Bor, sen ham o‘rtoqlaring bilan o‘t terib kel, — debdi. Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘rtoqlari bilan o‘t terishga ketibdi. Ular o‘t terishib kelayotganda yo‘lda zovur uchrabdi.
Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘rtoqlariga, kelinglar, zovurdan sakrab o‘tamiz, — debdi. O‘rtoqlarining hammasi o‘tibdi. Lekin Sichqonsulovoyning o‘g‘li zovurning o‘rtasiga tushib ketibdi. O‘rtoqlari rosa yig‘lashibdi, keyin Sichqonsulovoyga kelib:
— O‘g‘lingiz zovurga tushib ketdi, — deyishibdi. Sichqonsulovoy toza yig‘labdi. U yig‘lab-yig‘lab, qirq bitta soqolini yulibdi. Ertasi kuni u echkisini bog‘iga olib chiqib bog‘labdi. Keyin echkisi Sichqonsulovoydan:
— Nega soqoling kam, — deb so‘rabdi. Sichqonsulovoy:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Echki:
— Ha, nima bo‘ldi, — debdi. Sichqonsulovoy:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi, echki shoxini sindirmaydimi? — debdi. Shunda echki shoxini daraxtga urib sindiribdi.
Sichqonsulovoyning bog‘ida bir tup chinori bor ekan. U chinorga har kuni bir hakka kelib qo‘nar ekan. Echkining shoxi singanini ko‘rib, chinor echkidan:
— Ha, echki, shoxing nega singan? — debdi.
Echki:
— Mendan hol so‘ra. Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi, echki shoxini sindiribdi. Chinor bargini to‘kmaydimi? — debdi. Chinor duv etib bargini to‘kibdi.
Hakka kelib, chinorga qo‘nibdi:
— Ha, chinor, nega barging yo‘q, — debdi. Chinor:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Hakka:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Chinor:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi, echki shoxini sindiribdi, chinor bargini to‘kibdi, hakka qanotini sindirmaydimi? — debdi. Hakka qanotini sindiribdi. Hakka har kuni daryoga suv ichgani borar ekan. Shu kuni ham boribdi. Shunda daryo:
— Ha, hakka, nega qanoting yo‘q? — debdi. Hakka:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Daryo:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Hakka:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi. Echki shoxini sindiribdi. Chinor bargini to‘kibdi. Hakka qanotini sindiribdi, daryo suvini quritmaydimi? — debdi. Daryo suvini kamaytiribdi.
Bir cho‘ri har kuni daryodan suv olishga chiqar ekan. Cho‘ri ko‘zani ko‘tarib chiqsa, daryoning suvi pasayib ketibdi. Cho‘ri:
— Ha daryo, nega suving oz? — debdi. Daryo:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Cho‘ri:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Daryo:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi. Echki shoxini sindiribdi. Chinor bargini to‘kibdi. Hakka qanotini sindiribdi. Daryo suvini quritibdi. Cho‘ri ko‘zasini sindirmaydimi? — debdi. Shunda cho‘ri ko‘zasini toshga urib sindiribdi. Cho‘ri uyga kirsa, podshoning xotini:
— Ha, cho‘ri, ko‘zang qani? — debdi. Shunda cho‘ri:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Podsho xotini:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Cho‘ri:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi. Echki shoxini sindiribdi. Chinor bargini to‘kibdi. Hakka qanotini sindiribdi. Daryo suvini quritibdi. Cho‘ri ko‘zasini sindiribdi. Oyim sandig‘ini sindirmaydimi? — debdi. Oyim sandig‘ini bolta bilan urib sindirayotgan ekan, podsho kelib qolibdi:
— Ha, oyim, nima bo‘ldi? — Oyim:
— Mendan hol so‘ra, — debdi. Podsho:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Oyim:
— Sichqonsulovoyning o‘g‘li o‘libdi, qirq bitta soqolini yulibdi, echki shoxini sindiribdi, Chinor bargini to‘kibdi. Hakka qanotini sindiribdi. Daryo suvini quritibdi. Cho‘ri ko‘zasini, oyim sandig‘ini sindiribdi. Podsho o‘zini pichoqlamaydimi? — debdi. Shunda podsho yonidan xanjarini olib, o‘zini o‘ldiribdi.