Bir zamonda bir yigit uylangan ekan. Oradan uzoq yillar o‘tibdi, farzand ko‘rmabdi. U yigit xotini bilan tilak tilashar ekan, bizga ham Xudo bir farzand bersa ekan, deb topganiga shukr qilib umr o‘tkazishar ekanlar.
Bir kuni ikkovi hovlining sahnida choy ichib o‘tirishsa, osmonda bir qarg‘a sichqonni dumidan tishlab kelayotgan emish. Ikkovi osmonga qarab:
— Anovini qarang, — deyishsa, ola qarg‘a “g‘a!” — deb og‘zidan sichqonni tashlab uchib ketibdi. Sichqon bularning o‘rtasiga tushib, bir dumalab, aksirib, chiroyli qizga aylanibdi. Er-xotin nihoyatda sevinishibdi. Hamma tanish-bilish, qarindosh-urug‘lar kelib, qizni ko‘rib, muborak bo‘lsin, deb olqishlabdilar. Qiz katta bo‘laveribdi. Kunlardan bir kun ota-onasi qizga:
— Qizim, bizlar sening ota-onangmiz. Sen endi katta bo‘lib qolding. Qiz katta bo‘lgach, voyaga yetgach, ota-onaning vazifasi uni kuyovga berish, — debdilar. Qiz:
— Kuyov deganingiz nima bo‘ladi? — deb so‘rabdi.
— Erga beramiz, kuyov ko‘ramiz, — deyishibdi ota-onasi.
— Men erga tegmayman, — debdi qiz.
— Agar erga tegmasang, mahalladan, qarindosh-urug‘dan bizlar uyalamiz, gap tegadi, — deptilar. Shunda qiz:
— Men zo‘rga tegaman, — depti.
— Bu nima deganing? — deb so‘rabdilar.
Shunda qiz:
— Kechasi osmonda oy ko‘rinadi, oy tepaga kelganda undan:
— Ho oy, oyday qizimni olasanmi? — deb so‘rangiz, oy nima der ekan? — depti. Qizning ota-onasi tunda oyga:
— Ey oy, oyday qizimni senga bersak olasanmi? — deb so‘raptilar. Oy:
— Men olmayman, agar qizing zo‘rga tegaman desa, zo‘rga beringlar. Men zo‘r emasman, — depti.
— Butun jahon olam, sendan nur oladi, nega sen: “Men zo‘r emasman”, deysan, — deptilar. Shunda oy:
— Quyosh mendan zo‘r, oyday qizingni quyoshga ber! — depti. Ular ertasi kuni quyoshga qarab:
— Ey quyosh, oyday qizimizni olasanmi? — deb so‘rabdilar. Shunda quyosh:
— Men zo‘r emasman, mendan zo‘rga ber, men olmayman, — depti.
— Yer yuzida borliq, jonli-jonsiz narsalar sendan foydalanadi, nega men zo‘r emasman, deysan. — Quyosh:
— Goh vaqtda bulut kelib betimni berkitadi. Mendan bulut zo‘r, qizingni bulutga ber! — depti. Ertasiga bulut kelibdi. Ota-ona bulutga murojaat etibdilar.
— Ey bulut, mana bu qizimni beraman, olasanmi? — deptilar. Bulut:
— Men zo‘r emasman, sen qizingni zo‘rga ber! — debdi.
— Sen oyning, kunning yuzini berkitasan-ku, nima uchun men zo‘r emasman, deysan. — Shunda bulut:
— Shamol meni bezovta qiladi, mendan ham shamol zo‘r! Qizingizni shamolga bering! — depti. Ertasiga qattiq shamol turibdi. Shunda ular:
— Ey shamol, mana bu oydek qizimizni senga bersak olasanmi? — deganda shamol:
— Men zo‘r emasman, mendan ham zo‘rlar bor, — debdi.
— Sen shamol, ko‘chalarni changitasan, dov-daraxtlarni sindirasan, nima uchun zo‘rmasman, deysan.
— Shu zo‘rligim bilan tog‘ni qimirlata olmayman, tog‘ mendan ham zo‘r. Shunda qiz ota-onasiga:
— Endi meni toqqa olib boring-chi, tog‘dan nima tovush chiqarkin, — depti. Ota-ona qizni yetaklab, toqqa olib borishibdi.
— Ey tog‘, mening oyday qizim bor, olasanmi? — deyishipti. Tog‘dan ovoz eshitilibdi:
— Men zo‘r emasman, qizingni mendan zo‘rga ber, — depti.
— Sen tog‘san, nimaga zo‘r emasman deb aytasan, — desalar, tog‘:
— Mening ichimda, necha ming-minglab sichqon bor. Ichimni teshib, g‘or qilib yuborgan. Bersang, agar qizingni sichqonga ber! — degan ovoz eshitilibdi. Qiz:
— Sizlar menga ota-ona bo‘ldingiz. Boqdingiz, tarbiyaladingiz, voyaga yetkazdingiz. Men esa, sichqonlar podshosining qizi edim. Sizlar befarzandlikdan ko‘p xo‘rlik tortganliklaringiz uchun bir qarg‘a mening dumimdan tishlab ikkovingizga ro‘para qilgan edi. Qanday yo‘l bilan qiz bo‘lib qolganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Ikkovlaringizni xo‘p suyuntirdim. Endi anig‘ini aytsam, “go‘shtning asli qazi bilan qartadir, chaynayversang, asli zotiga tortadir”, deganlaridek, men endi o‘z otimni aytib qichqiraman, tog‘ning orasidagi hamma sichqonlar chiqadi, — deb bir chinqiribdi. Er-xotin hayron bo‘lib qolaveribdilar. Qiz bir dumalab, sichqon bo‘lib, sichqonlarga qo‘shilib ketibdi, tog‘ orasiga kirib, yo‘q bo‘libdi.