Shoxli Iskandar

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir Iskandar degan podsho o‘tgan ekan. Iskandarning sochini olgan har bir sartaroshni u o‘limga buyurar ekan. Buning sababini hech kim bilmas ekan. Nihoyat, podshoning sochini olishga sartarosh topilmay qolibdi.
Qidirib-qidirib bir chol sartaroshni topib, podsho saroyiga keltiribdilar.
Iskandar sochini oldirib bo‘lib, chol sartorshni ham o‘limga buyuribdi. Shunda chol ko‘z yoshi qilib podshoga yolvoribdi:
— Shohim, rahm qiling, yetim nabiralarimning rizqini qiymang!
Iskandar: «Bu sirni hech kimga aytmaysan!» deb cholga qasam ichiribdi. Sir shu ekanki, Iskandarning boshida shoxi bor ekan. Podshoning shoxi borligini chol hech kimga aytmay, yuragida bir dardday saqlab yuraveribdi. Axiri hech toqat qilolmay, bu sirni biror kishiga aytib, yuragini bo‘shatgisi kelibdi. Lekin aytsa, boshi kesiladi, noiloj, boshi oqqan tomonga qarab ketibdi. Yurib-yurib bir tog‘ga yaqinlashibdi va tog‘ etagida qurib qolgan bir quduqqa duch kelibdi, quduq yaqinida damini olib o‘tiribdi. Atrofga qarab hech kim yo‘qligiga ishonib, quduq tepasiga kelibdi-da, quduqqa boshini suqib:
— Iskandarning boshida ikkita shoxi bor! — debdi. Shu bilan yuragini qisib yotgan haligi sirdan qutulib, yengil tortib, uyiga qaytibdi.
Bir necha kundan keyin sartarosh sir aytib qo‘ygan quduqdan uzun bir qamish o‘sib chiqibdi.
Tog‘ tagida qo‘y boqib yurgan yigit qamishni kesib, undan nay yasabdi. O‘zi yaxshi ko‘rgan kuyini chalmoqchi bo‘lib nayni puflasa, kuy o‘rniga: «Iskandarning boshida ikkita shoxi bor», degan ovoz chiqaveribdi.
Cho‘pon ko‘ngil qo‘yib yasagan nayini tashlagisi kelmay, chalib yuraveribdi. Iskandarning ikkita shoxi borligi elga tarqalaveribdi.
Bu voqea Iskandarning qulog‘iga yetibdi. Podsho darhol chol sartaroshni tuttirib keltiribdi. Podsho ayg‘oqchilari cho‘ponni ham tutib kelibdilar.
Cho‘pon bilan chol ikkisi podsho oldida qaltirab turishib, bo‘lgan voqeani aytib bir qoshiq qonlaridan kechishni so‘rabdilar.
Ammo podsho sartarosh bilan cho‘ponning boshlarini kestiribdi va nayni sindirib tashlabdi. Lekin podshoning shoxli ekanligi el orasiga tarqalib, uzoq zamonlargacha og‘izdan og‘izga ko‘chib yuribdi.